Yangi vazirlik: maqsad va vazifalar nima?

Yangi vazirlik: maqsad va vazifalar nima?

O‘zbekistonda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tashkil qilindi. O‘zbekistonda ham oila institutini real va yetarlicha qo‘llab-quvvatlovchi, himoya qiluvchi davlat yuqori tashkiloti zarur edi. Nima uchun zarur edi?

Men kuzatgan barcha rivojlangan davlatlarda, ijtimoiy himoya yuqori bo‘lgan boy davlatlarda, oilani qo‘llab quvvatlash – davlatning, hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Oilani, bolalarni, ishsiz oila boquvchilarni, oila boquvchisini yo‘qotgan ayollarni, ko‘p bolali oilalarni himoyasiz tashlab qo‘yish – oxir oqibatda davlatning yanada kuchliroq ijtimoiy-iqtisodiy tanazzulga uchrashiga sababchi bo‘ladi.

MAVZUGA DOIR: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi

Jamiyatda insonlarning imkoniyati hech qachon teng bo‘lmaydi. Imkoniyati pastlarni himoya qilish va boshqalar kabi ularga ham o‘sish, ulg‘ayish, o‘qish va rivojlanish uchun imkoniyat yaratib beruvchi – bu davlat bo‘lishi kerak.

Masalan, Fransiyada Oilani qo‘llab-quvvatlash fondi – CAF (Caisses d’Allocations familiales) 2018 yilda oilalarga jami bo‘lib 74 milliard yevro yordam bergan ekan. Germaniyada esa, raqamlar bundan ham kattaroq. Shvetsiya, Norvegiya, Islandiya, Angliya va boshqa ko‘plab davlatlarda oilani qo‘llab-quvvatlash eng ustuvor davlat siyosati hisoblanadi. Shu sabab, O‘zbekistonda ham oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil qilinishini ijobiy qadam deb qabul qildim.

Lekin, bu vazirlik boshqaruviga tayinlanayotgan shaxslarni ko‘rib, barchada davlatning maqsadi nima ekan, degan savol paydo bo‘lishi, tabiiy. Hukumat oila va mahallani ijtimoiy himoya qilishni o‘ylayaptimi yoki uni nazorat qilishni yangi vositasini yaratayaptimi, degan savol paydo bo‘ldi.

Foto: «Yuksalish» umummilliy harakati

Sababi, bu vazirlik rahbariyatiga, asosan, kuch ishlatar tizimlaridan chiqqan vakillarni tayinlanishi hayratlantirdi. Fikrlash – yillar davomida shakllanadi va ma’lum yoshga borganda yopiladi. Umid qilgan edimki, bu vazirlikka dunyodagi ijtimoiy himoya tizimlarini yaxshi tushunadigan, yosh avlod muammolarini yaxshi his qiladigan, ayollar va bolalar g‘am-tashvishi bilan qayg‘uradigan idealistlar va professionallar tayinlanishi muhimroq edi. Balki, hozircha, bu mulozimlar vaqtinchalikdir. Lekin, asosiysi – davlatning bu boradagi tafakkuri hisoblanadi.

MAVZUGA DOIR: Sobiq soliqboshi Botir Parpiyev va Azizbek Ikromov vazir o‘rinbosari bo‘ldi

Keyingi davrlarda butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham oila institutiga bosim kuchayadi. Bir tomondan bozor munosabatlari, boshqa tomondan globalizmning axborot ta’siri oilalarga salbiy ta’sir qilish potensialini oshiradi. Davlat O‘zbekiston oilalarini himoya qilishni o‘ylab juda yaxshi ish boshladi. Endi bu g‘oyaning qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ymasdan maqsad vazifalarni va kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirish kerak bo‘ladi.


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.