Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yaponiyadan sirli ravishda qochgan Karlos Goonni mamlakatga qaytarib bo‘ladimi?
13.01.2020 18:35,  
803

Nissan-Reno kompaniyasi boshlig‘i Karlos Goonning Yaponiyadan cholg‘u asbobi g‘ilofiga yashirinib qochishi: uni Yaponiya xalqaro huquq qoidalari asosida qaytarib olish imkoniga egami?

“Xarajatlar qotili” nomini olgan xarizmatik boshqaruvchi Goon 2018 yil 9 noyabr kuni moliyaviy noqonuniy harakatlari uchun Yaponiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan hibsga olingan. Unga qarshi jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari boshlandi. Sud jarayonlari boshlangach, Karlos Goon 14 million AQSh dollari atrofdagi katta pul evaziga ozodlikka chiqadi va Tokio shahridagi uyidan turib, sud va tergov ishlarida qatnasha boshlaydi. Bu miqdor Yaponiya jinoiy protsedura tarixidagi ko‘rilgan va shu paytga qadar to‘langan eng katta ozodlikka chiqish summasi hisoblanadi.

Biroq, Karlos Goon 2019 yil 30 dekabr kuni nafaqat Yaponiyani,balki butun dunyoni lol qoldirgan ishga qol urdi. Sud tomonidan uning vaqtinchalik ozodlikka chiqishi uchun barcha pasportlari (Fransiya, Livan va Braziliya) olib qo‘yilgan, uyiga bir necha kameralar o‘rnatilgan va oila a’zolari bilan gaplashishi ham taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, xarizmatik direktor Yaponiyaning g‘arbida joylashgan Kansai xalqaro aeroportidan cholg‘u asbobi ichiga yashiringan holda, xususiy samolyotda Turkiyaning Istanbul shahri orqali Livanning Bayrut shahriga kelishga muvaffaq bo‘ladi. Uning qochishiga xususiy harbiy shirkat yordam berganligiga oid shubhalar mavjud.

Karlos Goonning Yaponiyadan bunday tarzda qochib chiqib ketishi bir necha xalqaro huquqiy savollarni o‘rtaga tashlaydi.

Livan hukumati Karlos Goonni Yaponiya hukumatiga topshirish majburiyati bormi? Agar mavjud bo‘lsa, uning asosi qayerda?

1-qoida: Xalqaro ommaviy huquqda davlatlarda jinoyatchini boshqa bir davlatga topshirish majburiyati mavjud emas va buni har bir davlat o‘zi istaganicha hal etadi. Agar ikki davlat ortasida jinoyatchilarni ekstraditsiya qilishga oid bitim (extradition treaty) mavjud bo‘lsa, bunda Livan janob Karlos Goonni Yaponiyaga topshirishi mumkin.

Afsuski, ushbu ishda Livan va Yaponiya ortasida bunday xalqaro bitim mavjud emas. Yaponiya shu paytgacha faqat AQSh va Janubiy Koreya davlatlari bilangina shunday bitimlarni tuzgan xolos. Shunday ekan, bitimning mavjud emasligi holatida Livanning Yaponiya oldidagi xalqaro majburiyati mavjud bo‘lmaydi.

Lekin, janob Goonni ekstraditsiya qilishning boshqacha yo‘li ham bor. Agar Yaponiya davlati Livandan janob Goonni berishni iltimos qilsa, bu har bir suveren davlatning ichki ishi bo‘lib, Livanda bunday imkoniyat mavjud. Zotan, qotillik va shunga o‘xshash og‘ir jinoyatlarda Yaponiyaga jinoyatchilarni topshirgan davlatlar bo‘lgan.

2-qoida: Shunday ekan, "international comity" yoki "reciprocity" kabi xalqaro yon berish yoki o‘zarolik tushunchasiga ko‘ra, davlatlar bir-birlariga bunday "sovg‘a"larni qilishi va buning evaziga kelajakda shunday ishni yoki biror xalqaro muammoda yordam ko‘rsatishni narigi davlatdan so‘rashi mumkin. Ammo, bu bir an’ana bo‘lib, huquqiy oqibatlarni (majburiyat yoki huquq) keltirib chiqarmaydi.

Agar Livan hukumati Karlos Goonni Yaponiyaga topshiradigan bo‘lsada, xalqaro qoidaga ko‘ra, janob Goon sodir etgan jinoyat ikkala davlatda ham birdek jinoyat sifatida qaralishi kerak. Bo‘lmasa, Livan hukumati Goonni boshqa bir davlatga topshirmaydi.

3-qoida: Jinoyatchini topshirish uchun sodir etilgan harakat ikkala davlatda ham birdek jinoyat sifatida ko‘rilishi kerak. Ammo, siyosiy jinoyatchilar boshqa davlatga topshirilmaydi. (principle of double criminality)

Karlos Goon ishida esa janob Goon Livanda milliy qahramon sifatida ko‘riladi va Livan hukumati ham uni Yaponiyaga topshirmoqchi emasligini allaqachon aytib bo‘lgan. Demak, bu yo‘l ham ish bermaydi.

4-qoida: Dunyoda juda ko‘p davlatlar (anglo-sakson tizimiga kiruvchilardan tashqari) o‘z fuqarolari sodir etgan jinoyat uchun ularni boshqa bir davlatga topshirmaslik prinsipini qabul qilishgan. Fuqaro o‘z davlatida sud qilinadi.

Qo‘shimcha tarzda, agar Karlos Goon kelajakda o‘zining boshqa vatani bo‘lgan Fransiyaga yoki Braziliyaga boradigan bo‘lsa ham, ushbu hukumatlar uni boshqa davlatga prinsip o‘laroq topshirmasligini ta’kidlab ulgurgan. Shuning uchun, hozircha Goonni Yaponiyaga qaytarishning xalqaro huquqiy yo‘llari deyarli yo‘q hisob.

Interpol xalqaro politsiya tashkiloti chiqargan "qizil xabar"ga (Red Notice) ko‘ra Livan hukumati Goonni ushlash va Yaponiyaga topshirishi shartmi?

2020 yil boshida Yaponiya tarafining talabi bo‘yicha Interpol tashkiloti Karlos Goonni izlash bo‘yicha qaror (wanted notice) chiqardi. Interpolning "qizil xabar"i izlanayotgan inson turgan joyni topish va ekstraditsiya qilish uchun qamoqqa olishni ko‘zlaydi. Ammo, Interpolning bunday xabari qamoqqa olish bo‘yicha buyruq bo‘lmay, jinoyatchi yoki shubhalanuvchi yashab turgan davlatga o‘sha shaxsni ushlash majburiyaitni yuklamaydi.

Mamlakatlar "qizil xabar" chiqqan bo‘lsada, agar izlanayotgan insonga oid ish siyosiy bo‘lsa yoki uni ushlashni talab etayotgan davlat bilan o‘rtasida bitim bo‘lmasa, Interpol qarorini bajarishmaydi. Shunga qaramay, agar kelajakda Karlos Goon boshqa davlatga boradigan bo‘lsa, u borgan davlat Interpol va Yaponiya talabi bilan janob Goonni Yaponiya tomoniga topshirib yuborish xavfi mavjudligini ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy tashkillashtirilgan jinoyatlarga oid konvensiyasi (The United Nations Convention against Transnational Organized Crime) asosida Karlos Goonni Yaponiyaga topshirish majburiyati Livanda mavjudmi?

2003 yildan kuchga kirgan ushbu xalqaro bitimga Yaponiya ham, Livan ham a’zo hisoblanadi. Uning 16-moddasi aynan ekstraditsiya ishiga bag‘ishlangan bo‘lsada, davlatlarga ekstraditsiyaga oid ikki tomonlama bitimlar mavjud bo‘lmagan holda jinoyatchini topshirish majburiyatidan qochish imkonini ham beradi.

Bundan tashqari, aynan 16-moddaning 14-bo‘limiga ko‘ra, agar topshirilish talab etilayotgan inson topshiriladigan mamlakatda (janob Goon ishida esa Yaponiyada) turli sabablarga ko‘ra adolatsiz sudlovga duch kelsa, u insonni topshirmasligi mumkin.

Shu ma’noda, Livan hukumatining Karlos Goonga oid huquqiy iddaolarni Livanning mahalliy sudlarida ko‘rib chiqilishiga oid bayonotlarini tushunsa bo‘ladi. Bundan tashqari, Karlos Goonning Yaponiya sud-huquq tizimini "asirlik sudlovi" (hostage justice) deya qattiq tanqid qilishi ham yuqoridagi Konvensiyaning 16-moddasi 14-qismi bandlarini anglagan holda aytayotganligini ko‘rsatadi.

Oxirgi yana bir yechim sifatida Turkiyaning yordami bilan Yaponiya Karlos Goonni qaytarib olishi mumkinligi ham o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. Turkiya va Livan o‘rtasida jinoyatchilarni o‘zaro topshirish bitimi mavjud emas. Faqatgina Turkiyaning bosimigina bo‘lishi mumkin, xolos. Ammo, Turkiya hukumatining Karlos Goon ishida ishtirok etgan xususiy uchoq shirkati xodimlarini tezlik bilan qamashi orqali bu ishdan "pokiza" holda chiqib olishi ko‘rsatadiki, Turkiya hukumati ham Karlos Goon ishiga u qadar muhim masala sifatida qaramaydi.

Xulosa: Livan davlatining Yaponiya oldidagi xalqaro huquqiy majburiyatlari yo‘qligi sababli, hozircha Goonni orol davlatga qaytarish ehtimoli o‘ta past. Faqat janob Goon ham hamma joyda yutdi deya ayta olmaymiz. U mamlakatdan chiqib ketishi bilanoq, Yaponiya sudi Karlos Goon garovga qo‘ygan 14 million AQSh dollarining davlat foydasiga musodara qilinganligini aytib o‘tdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан