Osmon uzoq yer qattiq. Sobiq mahkum davolanish va uyini ta’mirlash uchun yordamga muhtoj (video)

Osmon uzoq yer qattiq. Sobiq mahkum davolanish va uyini ta’mirlash uchun yordamga muhtoj (video)

Muhtaram o‘quvchi. Rutubatli kuzning so‘nggi oylarida saytimizda Sof mehr ruknini boshladik. Birinchi maqolamiz diniy ayb bilan o‘n besh yil o‘tirgan sobiq mahkum haqida.

* * *

Telefon jiringladi. Ko‘tardim. Begona ayol tovushi:

- Qiynalib ketdim. Ijarada turamiz. Erim kasal, pulimiz oz, uch-to‘rt kunlab ovqat yemayman... –Uning piqillab yig‘layotganligi sezilardi.

- To‘xtang, sizni tanimadim. Raqamimni kim berdi, - deb so‘radim.

- Kasbidanman.

Xotiramni titkilab yarim yilcha avval kasbilik sobiq mahkumga moddiy yordam uyushtirganimizni xotirladim.

- Sizga falonchi aka berdimi raqamimni?

- Ha...

- Uyingiz yo‘qmi?

- Hokimiyat uy bergan, faqat unda yashab bo‘lmaydi, vayron, eshik-derazasiyam yo‘q. Ijarada turamiz, “chiqib ketinglar” deydi..

- Agar aytganlaringiz rost bo‘lsa, unda uyingizning rasmini yuboring. Telegram bormi? Eringizning kasalligi haqida spravkalar ham bo‘lsin. Mahalla qo‘mitasining siz haqingizda biror hujjati bo‘lsa uni ham yuboring. Keyin o‘ylab ko‘ramiz, - dedim ishonchsizlik bilan.

Shundan keyin uyining rasmini yubordiyu, boshqa aloqaga chiqmadi. Ishlar bilan bo‘lib xayoldan ko‘tarildi. Ammo uch-to‘rt kun o‘tgach, bir xayol boshimga mixdek urildi. Bordiyu, u o‘sha kishining ayoli bo‘lsa-chi. Yaqinda uylanganini eshitgandim.

Уйнинг ҳолати

Keling shu yerda kasbilik mahkum haqida ma’lumot beray.

Shu yilning boshida qamoqdan chiqqan. Nadzor kuzatuvi ostida, yashash joyiga zanjirlab qo‘yilgandek, chekkaroqqa chiqolmaydi.

“Komxoz”ga, ha, o‘sha ko‘cha-ko‘yni obodonlashtiruvchi sariq kamzullilar tashkilotiga ishga joylashishga uringan. Boshqa biror ish berishmaydi, ish topish uchun uzoqroqqa borishiga esa yo‘l yo‘q. Qamoqdan chiqqanidan beri tuzukroq biror ichkiyim ololgani yo‘q.

159 va bir qancha moddalar bilan ayblanib, 2004 - 2019 yillar Respublikadagi o‘nlab qamoqlarda jazo o‘tagan. Sil va prostata kasaliga chalingan. Yoshi 40 da. Uylanmay qamalgan.

Qamoqda yemagan kaltagi, ko‘rmagan mashaqqati qolmagan. Zotan ichkarida diniy mahbuslarga munosabatni ko‘pchiligingiz yaxshi bilasiz. Aybi - din ilmiga qiziqib, imom Ruhiddin Faxriddinovdan ta’lim olgani.

Sharoiti yupun. Oilada aka-ukalari mardikor.

Axir, tumanda ulardan muhtojroq odam bormikan?..Chaqiruvlar xotirasidan o‘sha raqamni topib qo‘ng‘iroq qildim. Adashmagan ekanman. O‘zidan kerakli ma’lumotlarni surishtirgach, telefonni eriga berishini so‘radim. Bilasizmi, u kishi o‘n besh yil mashaqqat chekkan insonga o‘xshamagan tetiklik va samimiyat bilan so‘zlashdi. Avvalgi yordamni (3 mln so‘mdan sal ko‘proq yig‘ilgan) eslamasam-da, u eslab tashakkur bildirdi va ikkinchi marta yordam uyushtirilishiga qattiq xijolat bo‘layotganligini aytib qarshilik qildi.

- Sog‘ayib qoldingizmi, aka?

- Davolandim, sal yaxshiman. O‘zingiz bilasiz - tuberkulyoz tuzalishi osonmas ekan.

- Prostatitni qaratdingizmi?

- Ha, uyam yaxshi bo‘lyapti. (Demak, hali yaxshi bo‘lmadi)

- Hokimlik bergan uyning rasmini ko‘rdim. Uzr, yana qanday dardingiz bor edi?

U kishi bir oz o‘ylanib turdi-da:

- Endi, aka, sizga aytsammi-aytmasammi, qo‘lim qaqshab og‘riydi. Kechasi akashak bo‘lib qotib azob berganidan uxlolmay chiqaman. Xotinim yog‘ surkab silaydi, sal og‘riq kamayadi. Uyoqda yurganimizda sovuqqa oldirganimdan.

Uning tovush ohangida turmush qiyinchiligidan nolish, shikoyat ohangi yo‘q, aksincha umidvorlik bor edi. Unga shifokorga uchrab tashxis qo‘yishi va kasalligi haqida spravka olishni, bu ommaga taqdim qilinishini tayinladim. Keyin ayoli raqamimni qanday olganiga qiziqdim. U yana xijolatomuz so‘zlay boshladi:

- Bilasizmi, bizga o‘xshab diniy ayb bilan qamalganlar haqida “ularga chet eldan pul kelib turadi” degan gap yuradi. Menda pul yo‘q edi, ammo haligini odamlar yig‘ib bergan, sadaqa puli desam, ayolim shubhalandi. Endi, ayollarning odatini o‘zingiz bilasiz. Oxiri, mana bu jurnalistning raqami deb ishontirish uchun sizning raqamingizni ko‘rsatdim. Bu nodon telefon qilishini qayoqdan bilibman. Hademay Toshkentga borib ustachilik qilaman, yaxshi bo‘lib olay. Poytaxtda yaxshi to‘laydi-da. Xudo xohlasa ishlarim o‘nglanib ketsa... – Bu insonning optimizmidan ko‘nglim g‘alati bo‘ldi. Ammo ismini yozishimdan qattiq istihola qilayotgani sezilib turardi.

* * *

Bu muhtoj oila ayozli kunlarda ijarada kun ko‘rmoqda. Oila erkagining boshi darddan chiqmaydi. Biroq umidini yo‘qotmasdan yaxshi kunlarni kutib yashamoqda. Alloh taolo Baqara surasida “Yaxshilik qilinglar, Alloh, albatta, yaxshilik qiluvchilarni sevadi” deb marhamat qiladi. Azizlar, bir vatandoshimizning dardi va tashvishiga befarq bo‘lmaylik. Biz kasbilik sobiq mahkumga moddiy yordam aksiyasini e’lon qilamiz.

Plastik karta raqami: 8600 0423 0722 6307

Karta Xidirev Mahmudali nomida.

Telefon raqami 998973127501

Manzili: Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani, Do‘stlik MFY.

Sh. Islomov