Yuk mashinasi poyezdga urilib ketdi – bir kishi vafot etdi

Yuk mashinasi poyezdga urilib ketdi – bir kishi vafot etdi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

13 oktyabr, seshanba kuni “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida qatnayotgan yo‘lovchi poyezd ishtirokida Farg‘ona viloyati hududida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi xabar bermoqda.

Gaz-53 yuk mashinasi №62 reys bilan qatnayotgan yo‘lovchi poyezdning lokomotiviga urilib ketdi. Hodisa kechki 21:40 larda Buvayda – Qo‘qon stansiyalari oralig‘ida yuz berdi. Mashina haydovchisi tushirilgan shlagbaumni aylanib o‘tishga urinib, temir yo‘llarni kesib o‘tish bilan bog‘liq yo‘l harakati qoidasini buzgan.

Voqea natijasida yuk mashinasining saloniga jiddiy zararlandi va haydovchisi  T.S. voqea joyida vafot etdi. Shuningdek, lokomotiv va poyezdning birinchi vagoniga ham zarar yetgan. Poyezd yo‘lovchilari va mashinistlari orasida jarohatlanganlar va qurbonlar yo‘q. Zararlangan lokomotiv Qo‘qondagi lokomotiv deposiga yetkazilib, uning o‘rniga qatnovni boshqa elektrovoz amalga oshirgan.

Hodisa natijasida yo‘lovchi poyezdi 42 daqiqaga kechiktirildi. Hozirda huquq-tartibot idoralari va tegishli idoralar YTHni tekshirmoqda.