Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yuliy Yusupov: "2019 yil navbatdagi iqtisodiy halokat yili bo‘ladimi?"
2.10.2019 11:39,  
1155

O‘zbekiston iqtisodiyoti 1996 va 2008 yillarda ikki falokatni boshidan o‘tkazgan. 2019 yil keyingi iqtisodiy falokat yili bo‘ladimi? To‘g‘ri.uz nashrida iqtisodchi Yuliy Yusupov avvalgi iqtisodiy falokatlarning sabablari haqida gapirdi va navbatdagisining oldini olish choralari haqida to‘xtaldi.

O‘zining qisqa tarixi davomida mustaqil O‘zbekiston, mening fikrimcha, ikki iqtisodiy halokatni boshdan kechirdi. Ikkalasi ham kuzda sodir bo‘lgan edi. Biri 1996 yilda, ikkinchisi 2008 yilda. Aynan o‘sha paytda mamlakat taqdirida tub burilish yasaydigan, iqtisodiyotimizda ro‘y bergan keyingi voqealarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi qarorlar qabul qilindi va amalga oshirildi.

1996 yil kuziga qadar mamlakatda har doim ham izchil va hal qiluvchi bo‘lmasa-da, ammo tushunarli islohotlar o‘tkazilayotgan edi, bu islohotlar rejalashtirilgan buyruqbozlikdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida zarur edi: narxlar va valyuta bozorini erkinlashtirish, davlat mulkining bir qismini xususiylashtirish va xususiy tadbirkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish. Oldinga siljishimizda biz sobiq sotsialistik lagerdagi qo‘shnilarimizdan juda katta farq qilmadik.

Ammo aynan 1996 yilda dastlab mamlakatimiz rahbariyatining ongida, keyin esa iqtisodiy siyosatda keskin burilish yuz berdi. Buni import o‘rnini bosishdagi burilish deb atash mumkin. Bizning rahbarlarimiz ongini egallab olgan mafkura negizida ikkita juda sodda va g‘oyatda adolatli bo‘lib tuyulgan g‘oyalar yotardi.:

  1. Iqtisodiy rivojlanish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun investitsiyalar muhim. Agar xususiy investitsiyalar "yetarlicha" bo‘lmasa (va bu juda ko‘p bo‘lishi mumkin ham emas, chunki xususiy sektor hali rivojlanmagan, investitsiya muhiti esa hali mukammal likdan ancha yiroqda - axir biz islohotlarni endigina boshladik), unda davlat investitsiyalarni amalga oshirishda "yordam berishi" kerak. Birinchidan, davlatning o‘zi investorga aylanadi. Ikkinchidan, u xususiy investorlarni uskunalar sotib olish va ishlab chiqarishni kengaytirishga uchun rag‘batlantirish uchun imtiyozlar berishi mumkin.
  2. Biz, avvalambor, ko‘p import qilinadigan tovarlarni ishlab chiqarishni rivojlantirishimiz kerak. Agar biz yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadlarini ko‘paytirsak va xuddi o‘sha mahsulotlarni o‘zimiz ishlab chiqara olsak, nima uchun xorijiy ishlab chiqaruvchilarni boqishimiz kerak? Ishlab chiqaruvchilarimiz "oyoqqa turishlari" uchun esa ularni tashqi raqobatdan himoya qilish kerak. Axir, qanday qilib global iqtisodiyotning ustasi faranglari bilan raqobatlashish mumkin?

Mana shunday oddiy "nazariya" rahbarlarimizning boshiga "yuklangan" bo‘lib chiqdi. Xolbuki, ushbu "nazariya" ning ildizlarini uzoqdan qidirish kerak emas: ular o‘tmishdagi ittifoq davrida bo‘lgan. Aynan "Hamma narsani va qo‘proq miqdorda ishlab chiqarish" norasmiy shiori ostida sobiq SSSRda stalincha sanoatlashtirish va keyinchalik sanoat rivojlanishi yuz berdi. Bizning amaldorlar esa Sovet nomenklaturasining "farzandlari" dir.

Importning o‘rnini bosish siyosatini amalga oshirishdagi birinchi qadam konvertatsiyani yopish edi. Va bu tasodif emas. Birinchidan, importni o‘rnini bosish tarafdorlarining fikriga ko‘ra chet el valyutasi saqich va boshqa safsatalar kabi bema’ni narsalarni sotib olishdan ko‘ra yanada foydaliroq narsalar uchun kerak. Ikkinchidan, konvertatsiyani cheklash "mahalliy ishlab chiqaruvchilarni" import bilan raqobatdan himoya qilish uchun kuchli vositadir.

So‘ngra raqobatni cheklashga va jadal sanoatlashtirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning boshqa choralari kiritildi:

- Sovet tizimining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga (don mahsulotlari va paxta) majburiy davlat buyurtmalarining qayta tiklanishi, bu Stalinning sanoatlashtirish davrida qishloq xo‘jaligidagi resurslar va daromadlarni ishlab chiqarishga o‘tkazishda asosiy vosita edi. Bir necha yil oldin bug‘doy va paxtani majburiy ekish uchun haydaladigan yerlarning qariyb 80 foizi ajratilgan edi..

- Davlat investitsiyalari va subsidiyalar. Davlatning o‘zi byudjetdan "iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini" rivojlantirishga katta miqdordagi mablag kiritdi, shuningdek ba’zi manbalar uchun past narxlarni subsidiyalashtirdi.

- Soliq imtiyozlarini chiqarish. "Strategik tarmoqlar" korxonalari soliqlardan to‘liq ozod qilinar edi.

- Imtiyozli kredit berish. Markaziy bank asosan sanoatlashtirish maqsadida, shuningdek zaiflashgan qishloq xo‘jaligigadavlat buyurtmalarini subsidiyalash uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini majburiy ravishda cheklab qo‘ydi.

- Bojxona to‘lovlarining o‘sishi va import uchun tarifsiz to‘siqlardan faol foydalanish.

Natijada, biz ba’zan "o‘zbek iqtisodiy modeli" deb ataydigan iqtisodiy tizim paydo bo‘ldi.

Ushbu modelni amalga oshirish natijalari juda achinarli:

- Biz bozor islohotlarini tugatmadik, lekin ko‘p jihatdan rejalashtirilgan buyruqbozlik iqtisodiyotiga qaytdik. Import o‘rnini bosish usullari bozor raqobati va boshqa bozor mexanizmlarining ishlariga nomuvofiq bo‘lib chiqdi. Natijada, bizda hali ham bozor iqtisodiyoti shakllana olmadi. Sobiq sotsialistik lagerdagi qo‘shnilarimizning ko‘pchiligi oldinga siljishni davom etgan paytda, biz 90-yillarning o‘rtalarida qotib qoldik

- “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlariga” majburiy kiritilgan ulkan sarmoyalar qumga botdi. Tezlashtirilgan sanoatlashtirish yillari davomida yaratilgan ko‘pgina sanoat tarmoqlari yopildi va saqlanib qolganlarning ko‘pchiligi iste’molchilar va byudjetga (avtosanoat) zarar yetkazishda davom etmoqda. Va bu tasodifan yuz bermadi, balki anchagina tabiiy ravishda sodir bo‘ldi. Bozor mexanizmlarining faoliyatisiz, birinchi navbatda sog‘lom raqobatsiz, ishlab chiqaruvchilarda raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga istak bo‘lmaydi. Ajablanarli darajada katta bo‘lgan va oldindan o‘ylanmagan imtiyozlar (ayniqsa imtiyozli konvertatsiya) ijaradan tezkor foyda olishni (uskunalar o‘rniga metallolomni olib kirish hisobiga) va pul mablag‘lari eksportini rag‘batlantirdi.

- Korrupsiya gullab-yashnadi. Bu narsa byurokratiyaning bunday qudratli kuchi ostida muqarrar edi. Axir ushbu tizimda amaldorlar resurslar va imtiyozlarni kimga berishni va kimga bermaslikni hal qilishardi.

- Mustaqil xususiy tadbirkorlik uchun biznes muhiti shunchaki chidab bo‘lmas holatga yetgan edi. Oddiy xususiy korxonalar bunday sharoitda rivojlana olmas edi: ular ma’muriyatchilikdagi yuqori va murakkab soliqlar bilan, kreditlashdagi, moddiy manbalardagi, valyutadagi cheklovlar bilan bug‘ib qo‘yilgan edi. Paxta va bug‘doy yetkazuvchilarni arzon narxlarni belgilash orqali shilib chiqishardi. Eksportchilar ishlab topgan valyutasini noqulay kursda almashtirishga majbur bo‘lishardi, bu eksportni rag‘batsizlantirishga olib kelardi. Qandaydir mo‘’jiza yordamida rivojlanishga muvaffaq bo‘lganlar, hokimiyat tepasida turganlar tomonidan bosqinchilar kabi bosib olingan. Ushbu tizimda sog‘lom hamma narsa qirib tashlanar edi. Faqat tanish-bilishchilik va poraxo‘rlikka asoslangan narsalargina omon qolardi va gullab-yashnar edi.

- Tijorat banklari faqat nomi bilan "tijorat" edi. Aslida, ular imtiyozli foiz stavkalari bo‘yicha defitsitli kreditlarni taqsimlashning asosiy funksiyasiga ega bo‘lgan yirik «davlat bankining» filiallariga aylangan edi. Banklar uchun asosiy daromad manbai, hatto, oddiy operatsiyalar uchun eng yuqori komissiyalar , xodimlar uchun esa - "shapkalar" va "aldovlar" bo‘ldi.

Natijada: iqtisodiy rivojlanishning juda past sur’atlari (rasmiy statistikamiz aytgandan farqli o‘laroq), aholi qashshoqligining yuqori darajasi, ishsizlik darajasi va millionlab kishilarning mehnat migratsiyasi.

2017 yilga kelib, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha, biz dunyoning eng qashshoq 30 davlati qatoriga qo‘shildik (agar siz 2017 yil uchun o‘rtacha hisoblangan stavkasi bilan emas, balki yanada real stavka bo‘yicha - 1 dollarga 8000 so‘m bilan hisoblasangiz), Afrika, Nepal, Tojikiston va 25 ta mamlakat bilan bir qatorda. Afg‘oniston va Gaitida. 1995-2017 yillarda aholi jon boshiga YaIM o‘sishi bo‘yicha biz "ishonch bilan" sobiq SSSR davlatlari orasida oxirgi o‘rinni egalladik (jadvalga qarang).

Aholi jon boshiga YaIM, 1995–2017 yillarda, AQSh dollarida, o‘sish bir necha baravar *

Манба: Жаҳон банки

* O‘zbekiston va Turkmaniston uchun 2017 yilgi ma’lumotlar, shu jumladan muvozanat almashinuv kurslari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.

Bularning barchasi import o‘rnini bosish siyosatining tabiiy natijasidir. Bizdan ancha oldin bu tajribani o‘tkazgan boshqa ko‘plab davlatlar ham shunga o‘xshash natijalarni olishgan. Ya’ni, biz bu masalada birinchi emasmiz.

Ammo biz tarixiy darsliklarga nafaqat boshqalarning xatolaridan saboq olmaydigan mamlakat sifatida, (garchi import o‘rnini bosish siyosati oqibatlari bo‘yicha tajriba juda katta bo‘lsa ham), ammo, aftidan, patologik nuqtai nazardan, o‘z xatolarimizdan o‘rganishga qodir bo‘lmagan mamlakat sifatida kirsak kerak.

Men nima haqida gapiryapman?

1999 yildayoq (balki undan ham oldinroq), mamlakat rahbariyati hozirgi siyosatda biron bir narsa noto‘g‘ri ekanligi haqida shubha paydo bo‘lgan edi. Va 2002-2003 yillarda. so‘mning rasmiy kursining keskin devalvatsiyasi amalga oshirildi va so‘mning cheklangan konvertatsiyasi joriy etildi. Natijada qora bozordagi va rasmiy bozorlarning valyuta kurslari deyarli tenglashdi.

Bundan tashqari, hukumat:

- markazlashtirilgan investitsiyalar hajmini qisqartirdi;

- biznesni ochish va litsenziya olish mexanizmlarini soddalashtirdi;

- tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirishlar shaffofligi soddalashtirdi va oshirdi;

- iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirdi,

- korxonalar va aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatishning ba’zi mexanizmlarini takomillashtirdi.

Natijada 2004-2008 yillarda eksportning kengayishi va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari kuzatildi. Eksport 2002 yildagi 3 milliard dollardan 2008 yildagi 12 milliard dollargacha o‘sdi. Aholi jon boshiga YaIM 2002 yildagi 383 dollardan 2008 yilda 1023 gacha o‘sdi. Moliyaviy bozorlar va bank tizimiga bo‘lgan ishonch o‘sdi.

Biroq, "muzlarning erishi" 2008 yilning kuzida yakunlandi. Eksport va mehnat muhojirlarining daromadlari qisqarishiga olib kelgan global iqtisodiy inqiroz boshlandi. Va shunday sharoitda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan milliy valyuta kursini pasaytirish (devalvatsiya) o‘rniga, rahbariyat konvertatsiya chekloviga qaytishga qaror qildi. Ikkinchi iqtisodiy halokat yuz berdi.

2009-2016 yillardagi iqtisodiy siyosat asosan 1996-2002 yillardagi siyosatni takrorladi: konvertatsiiyadagi cheklovlar, "iqtisodiyotning strategik tarmoqlari" (va ko‘pincha "o‘zlarinikilar uchun") korxonalari uchun katta miqdordagi imtiyozli kreditlar va soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, yuqori bojxona to‘lovlari va import uchun tarifdan tashqari to‘siqlar. Asosiy farq ikkita edi

- eksport qiluvchilarga valyuta tushumining barcha (kichik korxonalar) yoki bir qismini (boshqa korxonalarni) o‘zlarida ushlab qolishga ruxsat berilgan edi. Shuning uchun, eksport 1996 yildagi konvertatsiya cheklovidan keyin bo‘lganidek, keskin kamaymadi;

- bu safar, negadir, rahbariyatga qora bozorning valyuta kursini tartibga solish kerak bo‘lib qoldi. Va buni naqd pul aylanishini cheklash orqali amalga oshirishdan ko‘ra yaxshiroq narsa o‘ylab topolmadilar (agar naqd pul bo‘lmasa, qora bozorga borishning hech hojati yo‘q). Natijada: real pullarni yechib olib bo‘lmaydigan plastik kartalarni majburiy ravishda kiritish, bo‘m-bo‘sh bankomatlar, naqd va naqd bo‘lmagan pullar qiymatidagi katta tafovut ("naqd pul" qilish qiymati), banklarning pul muomalasi qiyinchiliklari va kredit taqchilligi sharoitida parazitlik qiluvchi maxluqqa aylanishi. Bularning barchasi, prezidentning qora bozorda dollarning haddan tashqari ko‘payishi natijasida kayfiyati tushmasligi uchun.

Va 2017 yilga kelib, O‘zbekiston dunyoning eng qashshoq davlatlari 30taligiga kirdi (yuqorida yozganim kabi).

2017 yilda islohotlar boshlandi. Ular valyuta bozorini erkinlashtirish bilan boshlanganligi tasodif emas. Konvertsiyani cheklash - "o‘zbek modeli" ning asosiy elementi bo‘lib, uning boshqa elementlari unga bog‘langan. Valyuta erkinlashtirilmasa, tizimli islohotlarni amalga oshirish mumkin emas edi.

2017 yildan keyingi boshqa asosiy yutuqlar:

- biznesni yuritishdagi ko‘plab ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish yoki kamaytirish, shu jumladan eksport va import borasida;

- bojxona to‘lovlarini kamaytirish;

- naqd pul berish va pul muomalasini normallashtirish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash;

- bank tizimini liberallashtirish;

- soliq islohoti boshlandi;

- O‘zbekiston dunyoning qolgan qismlari uchun ochilmoqda: qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochildi,“ vizasiz davlatlar ”ro‘yxati kengaytirildi, vizalarni olish tartiblari soddalashtirildi.

Ko‘rinishidan sivilizatsiyalashgan bozor iqtisodiyotini barpo etish sari qadam bosganga o‘xshagan edik.

Biroq, o‘tgan olti oy yoki bir yil ichida qarama-qarshi tendensiyalar tobora aniqroq kuzatilmoqda va bu bizni 1996 yilda qurol qilib olingan import o‘rnini bosish mafkurasini qay darajada yengib o‘ta olganligimiz haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Eskirgan bu model o‘zini qayta ishga tushirishga urinayotgani to‘g‘risidagi belgilar tobora ko‘payib bormoqda va amaldorlarimizning dunyoqarashida esa, umuman olganda, hech narsa o‘zgarmadi:

- 2018 yil dekabr oyida bir qator tovarlar uchun 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, belgilangan bojxona to‘lovlarini kamaytirish bekor qilinganligi ma’lum bo‘ldi. Hukumat import o‘rnini bosuvchi "lokomotivlar" deb hisoblagan tarmoqlarda, birinchi navbatda elektrotexnika sanoatida bojxona to‘lovlari kamaytirilmadi , hatto ba’zilarining oshirildi ham.

- Yana o‘sha-o‘sha "mahalliy ishlab chiqaruvchilarni" raqobatdan himoya qilish maqsadida bojxona to‘lovlarini oshirishning yangi to‘lqini haqidagi yana bir yangi qaror tayyorlandi (ehtimol yaqin kelajakda u qabul qilinadi) (oldingi 20 yillik himoya kam tuyulgan, shekilli).

- Import uchun yangi tarifsiz to‘siqlarni joriy qilish bo‘yicha bir dunyo me’yoriy hujjatlar qabul qilindi yoki qabul qilinishga tayyorlanmoqda (oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishning yangi qoidalaridan tortib, majburiy sertifikatlashtirish talablarini qat’iylashtirishgacha).

- Va mana "valyuta fondi" dan yangiliklar: "faoliyati uchun xos bo‘lmagan import" ni ta’qiqlash (shunchaki ajoyib so‘zlar), import operatsiyalariga raqobat ro‘yxatini talab qilish, alohida tovarlar (masalan, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar) importiga tegishli davlat monopolistlarining ruxsatisiz konvertatsiyaning ta’qiqlanishi, ular esa aynan import bilan raqobatdan manfaatdor emaslar, bankomatlarda chet el valyutasini olish imkoniyatining bekor qilinishi.

Bularning barchasi qayg‘uli fikrlarga olib keladi va bizni bozor islohotlariga va ochiq sivilizatsiyalashgan iqtisodiyotni yaratishga qanchalik tayyor ekanligimiz, amaldorlar ongida hukmron bo‘lgan dunyoqarashlar, asosan, raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga qanchalik mos kelishi to‘g‘risida o‘ylashga majbur qiladi.

Bizning amaldorlarimizga ikkita muhim savol tinchlik bermayotgan ko‘rinadi:

- Import o‘rnini bosishni qanday tashkil qilish mumkin?

- Importni qanday cheklasa bo‘ladi?

Birinchi muammo negizida, men yuqorida yozgan va sovet davridan amaldorlarimiz meros qilib olgan import o‘rnini bosish falsafasi yotadi. Barcha mahalliy investitsiya dasturlari ushbu yondashuvga muvofiq yozilgan: hamma narsani va iloji boricha ko‘proq miqdorda ishlab chiqarish; ayniqsa, valyutani tejaydigan mahsulotlarni ko‘proq ishlab chiqarish.

Ushbu yondashuv eksportga yo‘naltirilgan falsafaning mutlaqo aksidir, bu ko‘plab mamlakatlarga iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini ta’minlashga va qashshoqlikdan qutulishga imkon bergan falsafadir. Eksportga yo‘naltirilgan siyosatning mazmuni: hamma narsani ketma-ket ishlab chiqarishga urinmaslik, import o‘rnini bosishga harakat qilmaslik; balki xususiy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro mehnat taqsimotida o‘zlarining o‘rinlarini topishlari, nisbatan afzalliklarga ega bo‘lgan sohalarida tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashishlari kerak.

Tadbirkorlar iqtisodiyotga faol ravishda sarmoya kiritishlari, samarali investitsiya qarorlarini qabul qilishlari va xalqaro mehnat taqsimotida o‘zlarining o‘rinlarini topishlari uchun esa ikkita shart bajarilishi kerak:

  1. Qulay investitsiya muhitini yaratish, bu, birinchi navbatda, quidagilar demakdir:

- mulk huquqlarini va bitimlarni himoya qilish (bu masalada bizda sharoit nihoyatdda yomon)

- biznes uchun soliq xarajatlarining kamligi (soliq islohoti boshlandi, lekin ko‘p hali ishlarni amalga oshirish kerak);

- biznes yuritishda soliqqa tortilmaydigan xarajatlarning pastligi (moddiy va moliyaviy resurslar va xizmatlardan foydalanish, ruxsatnomalar, litsenziyalar olishda, sertifikatlash va standartlashtirish, davlat nazoratining qulayligi va boshqalar uchun jiddiy to‘siqlarning yo‘qligi).

Bunda, biznesni yuritish harajatlari barcha korxonalar uchun past bo‘lishi kerak, faqatgina imtiyozlar va manbalarga bemalol yo‘li ochiq bo‘lgan, ma’muriy jarayonlar paytida rahnamolarga ega bo‘lgan tanlangan kompaniyalar va sohalar uchun emas. Aks holda, bu noqulay investitsiya muhiti bo‘libgina qolmay, balki monopoliyalar va o‘zining odamlarini "boquvchi" tarmoq bo‘lib qoladi. "Xudoning tuhfasini qovurilgan tuxum bilan" chalkashtirmaslik juda muhimdir.

  1. Raqobatbardosh, ochiq va oshkora bozorlar. Faqatgina bozorlarning xalqaro raqobatga ochiqligi, erkin bozor narxlari va qattiq ichki raqobat muhiti investitsiyalarning samaradorligini va ichki va jahon bozorlaridagi mahsulotlarimiz va xizmatlarimizning munosib o‘rnini ta’minlaydi.

Va ushbu muhim narsaning ahamiyatini noto‘g‘ri tushunish, mening kuzatishlarim bo‘yicha, ko‘pgina amaldorlarning import o‘rnini bosish falsafasiga sodiqligining kalitidir. Shuning uchun biz bu masalaga batafsil to‘xtalamiz.

Birinchidan, biz: investitsion qarorlar qanday qabul qilinadi? degan savolga javob beramiz

Investitsiya kirituvchi/sarmoyador:

- u o‘zi ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan tovarlar va xizmatlarning narxlariga qaraydi

- u ishlab chiqarishda ishlatishi kerak bo‘lgan resurslarning narxiga qaraydi,

- boshqa sarflashi kerak bo‘lgan xarajatlarni hisoblab chiqadi (soliq, ma’muriy),

- mamlakatda va muayyan bozorlarda biznesning boshqa sharoitlarini baholaydi (masalan, resurslarning mavjudligi, importga to‘siqlar va boshqalar).

Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, u o‘z kapitalini aynan qaysi mahsulotni ishlab chiqarishga investitsiya qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Masalan, muzlatgich yoki changyutgich, kolbasa yoki pishloq, shirinliklar yoki limonad ishlab chiqarishga. Bunda, u o‘z hisob-kitoblarida tovarlar, xizmatlar va resurslarning joriy narxlariga, mavjud tadbirkorlik sharoitlariga e’tibor qaratadi. Ammo agar bu sharoitlar vaqtincha bo‘lsa, ya’ni bir muncha vaqt o‘tgach, davlat ba’zi manbalar narxlarini tartibga solishni to‘xtatsa, bojxona to‘lovlarini kamaytirsa, bozorlarga yangi raqobatchilarni jalb qilsa, soliq imtiyozlarini bekor qilsa, demak barcha hisob-kitoblar noto‘g‘ri bo‘lganligi va investitsiyalar bekorga sarflanganligi ayon bo‘lishi mumkin. Masalan, dastlabki hisob-kitoblar changyutgichlarni emas, balki muzlatgichlarni ishlab chiqarish kerakligini ko‘rsatdi. Ammo besh yil o‘tgach, davlatning iqtisodiy siyosati o‘zgarganda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga daromad keltirishi mumkin bo‘lgan soha changyutgich ishlab chiqarish ekanligi ayon bo‘ladi. Yoki umuman elektr mahsulotlarini ishlab chiqarishning hojati yo‘qligi aniqlanishi mumkin. Ammo biz zavodni qurib ishga tushirdik, odamlarni yolladik, ko‘p pul sarfladik ...

Boshqacha qilib aytganda, davlat resurslarni taqsimlash, narxlarni belgilash jarayoniga aralashishi bilan, importni cheklash, raqobatga to‘siqlarni o‘rnatish, soliq va kredit imtiyozlarini berish orqali, ishlab chiqaruvchilar uchun bozor signallari va qiziqishlarini buzmoqda. Va ular strategik noto‘g‘ri sarmoyaviy qarorlar qabul qiladilar, qiyosiy afzalliklarga ega bo‘lmagan biznes sohalariga sarmoya kiritadilar yoki (bu juda tez-tez sodir bo‘ladi) imtiyoz va monopol mavqega ega bo‘ladilar.

Shu sababli, erkin raqobat, biznes yuritishda teng sharoitlar, erkin narx belgilash - samarali investitsiyalar va eksportga yo‘naltirilgan siyosatni amalga oshirishning eng muhim shartlaridir. Shuning uchun imtiyozlar, importga to‘siqlar, resurslarni taqsimlash va narxlarni belgilashda ma’muriy aralashuv juda zararli.

Raqobat bo‘lmagan bozorlarga qilingan investitsiyalarning ko‘p qismi muvaffaqiyatsizlikka hukm etilgan. Biz esa samarasiz loyihalarga milliardlab dollar milliy pul mablag‘larini sarflashda davom etmoqdamiz. Yigirma yildan oshiqroq vaqt davomida kuzatib kelgan import o‘rnini bosish siyosati muvaffaqiyatsiz yakunlari bizga saboq bermagan ko‘rinadi.

Ko‘pgina mansabdor shaxslarning ikkinchi tashvishining negizida (ortiqcha importni qanday cheklash kerak) bozor iqtisodiyoti faoliyati tamoyillarini tushunmaslikdir. Ba’zi sabablarga ko‘ra, ular importning eksportdan kam bo‘lishi va importning o‘sishi yomon ekanligiga ishonchlari komil.

Birinchidan, bizning rasmiy statistikamiz ko‘p yillar davomida eksportning importdan oshib ketishini ko‘rsatganligi shundan dalolat beradi: a) ushbu statistikaning sifati, b) kontrabandaning juda katta hajmi. Toki bizda keng ko‘lamli mehnat migratsiyasi mavjud ekan va muhojirlarning daromadi mamlakatga kirib turarkan, import har doim eksportdan oshib ketadi.

Bu hatto iqtisodiyot emas, balki arifmetika. Mamlakatga kiradigan pul sarflanishi yoki to‘planishi kerak. Valyutani ko‘p miqdorda yig‘adigan odamlar yo‘q va bunga hojat ham yuk, u esa asosan importga sarflanadi. Shunday qilib, valyuta asosan import tovarlarni sotib olishga sarflanadi, va uni asosiy manbalariga: eksport, mehnat muhojirlari daromadlari, kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga kiradi. Agarda mehnat muhojirlarining daromadi katta miqdorni tashkil etishini inobatga olsak, qanday qilib, import eksportdan kam bo‘lishi mumkin? Faqatgina, agar uning muhim qismi kontrabanda bo‘lsa. Shu sababli, so‘nggi yillardagi importning o‘sishi birinchi navbatda legallashtirishdir. Biz xursand bo‘lishimiz kerak.

Shu sababli, eksport importdan oshib ketishi haqida bu qadar tashvishlanish kerak emas. Bu bizning mamlakatimiz uchun normal holat.

Ikkinchidan, valyuta bozorida nomutanosibliklar haqiqatan ham bo‘lishi mumkin: valyuta xarajatlari valyuta tushumidan oshib ketganda, masalan. Bu to‘lov balansining salbiy saldosi deb ataladi. Bu holatda tashvishlanishga arziydimi? Bunga arziydi. Ammo avval ushbu muvozanatsizlikning nima uchun paydo bo‘lganligini tushunish kerak.

Buning uchun esa valyuta bozorida muvozanat, umuman olganda, qanday o‘rnatilishini tushunish kerak. Har qanday boshqa bozordagi kabi. Ushbu bozorda valyutaga talab mavjud (uni import qiluvchilar, chet el valyutasidagi kreditlarni qaytarib beruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar yoki jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning boshqa toifalari talab qilishadi) va valyuta taklifi mavjud (uni eksport qiluvchilar, mehnat muhojirlari oilalari, investorlar, chet ellik sayyohlar va boshqalar sotadi). Talab ham, taklif ham valyuta birjasining narxiga bevosita bog‘liqdir. Valyuta qanchalik qimmat bo‘lsa, talab va taklif ko‘proq kamayadi. Va teskarisi.

Shunga ko‘ra, har qanday boshqa bozorda bo‘lgani kabi, muvozanat narx - ayirboshlash kursining o‘zgarishi orqali o‘rnatiladi. Agar talab taklifdan yuqori bo‘lsa, unda narx ko‘tariladi. Natijada talab kamayadi va taklif o‘sadi. Balans tiklanadi. Taklif talabdan oshganda narx pasayadi, taklif kamayadi, talab o‘sadi. Va yana biz o‘zimizni muvozanat nuqtasida topamiz.

Boshqacha qilib aytganda, agar bizda to‘lov balansining salbiy saldosi bo‘lsa, bu faqat bitta narsani anglatadi - valyuta kursi muvozanat nuqtasida emas. Bunday holda, dollarning qiymati pasaytirilgan bo‘ladi, summaning qiymati esa oshirib yuborilgan sanaladi. Muvozanatsizlik so‘mning devalvatsiyasi bilan bartaraf etiladi. Devalvatsiya eksportning o‘sishiga olib keladi (bizning mahsulotlarimiz tashqi bozorlarda arzonlashadi) va importning qisqarishiga olib keladi (import bozorlarimizda narxlarning oshishi natijasida).

Bojxona to‘lovlarini oshirish va tarifsiz to‘siqlarni joriy etish orqali importni cheklashga urinishlar xorijiy valyutaga talabning pasayishiga, so‘mning almashuv kursining oshishiga va eksportning pasayishiga olib keladi. Iqtisodchilarga yaxshi tanish effekt. Ha, biz muvozanatga erishamiz, ammo o‘z eksportimizni yo‘q qilish va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirish orqali. Biz buni haqiqatan ham xohlaymizmi?

Ushbu keys, import o‘rnini bosish va eksportga yo‘naltirilgan siyosat nima uchun bir-biriga mos kelmasligini ko‘rsatadi. Importni sun’iy ravishda cheklab qo‘yish bilan biz eksportni yo‘q qilamiz va ishlab chiqaruvchilarimizga xalqaro mehnat taqsimotida qatnashishga imkon bermaymiz.

Yuqorida aytib o‘tilganlar, so‘mning devalvatsiyasi bizning barcha muammolarimizni hal qilishini anglatmaydi. Yo‘q, bu faqatgina to‘lovlardagi nomutanosiblikni bartaraf etishning tabiiy usulidir. So‘nggi oylardagi so‘mning devalvatsiyasiga kelsak, uning ortida nafaqat to‘lovlardagi nomutanosiblikni bartaraf etish zaruriyati, balki boshqa hal qilinmagan muammolar ham borligini tushunishimiz kerak. Davlatning nihoyatda ortiqcha xarajatlari va keng ko‘lamli imtiyozli kreditlar - mamlakatimizdagi inflyasiya va devalvatsiyaning asosiy manbalari hisoblanadi. Ushbu muammo ustida ham ishlash kerak.

Nimalar qilish kerak?

  1. Import o‘rnini bosishga harakat qilmoq – bu oxiri berk ko‘chaga olib boruvchi yo‘l, aniqrog‘i, o‘zini o‘zi izolyasiya qilish, raqobatbardoshlikni yo‘qotish va qashshoqlik sari qo‘yilgan qadam, ekanligini anglash.
  2. Xalqaro tajribani yaxshilab o‘rganish, o‘zimizning ko‘p sonli xatolarimiz va muvaffaqiyatsizligimizdan saboq olish va iqtisodiy siyosatimizni import o‘rnini bosishdan eksportga mo‘ljalni yo‘naltirish orqali iqtisodiy rivojlanish strategiyamizni tubdan o‘zgartirish.
  3. Asosiy sa’yi-harakatlarni sog‘lom raqobat muhiti va qulay investitsiya sharoiti yaratishga yo‘naltirilishi kerak.

Bu tafsilotlarsiz. Tafsilotlar juda ko‘p. Shusiz ham katta nashr bo‘lgan ushbu nashrga ular sig‘maydi.

Yuliy Yusupov

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан