Yurtimizda koronavirusdan tuzalganlar soni 2600 nafardan oshdi

Yurtimizda koronavirusdan tuzalganlar soni 2600 nafardan oshdi

Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 8 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 11 nafar, 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 2 nafar, jami 21 nafar bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 7 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 63 yoshda, yoshi kichigi esa 20 yoshda.

Bemorlardan 4 nafari Toshkent viloyatidan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, Andijon va Namangan viloyatlaridan 1 nafardan. Ulardan 1 nafari Sharja – Toshkent yo‘nalishida charter reys orqali, 2 nafari Rossiyadan, yana 2 nafari Qozog‘istondan, 1 nafari Tojikistondan yurtimizga kirib kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib yuqtirib olgan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 57 yoshda, yoshi kichigi esa 25 yoshda. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyatlaridan 2 nafardan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand viloyatlari, Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Respublikasidan 1 nafardan. Ulardan 6 nafari Rossiyadan, 2 nafari Qozog‘istondan, 1 nafari esa Sankt-Peterburg – Toshkent yo‘nalishida charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib yuqtirib olishgan.

3-sonli tug‘ruq majmuasidan tuzalgan 2 nafar ayol esa (27 yoshli va 24 yoshli) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. 

Toshkent shahrida shu paytga qadar 919 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 940 nafarga yetib, ayni paytda davolanayotganlar 362 nafarni tashkil etmoqda.

Shunday qilib, bugun hozirga qadar 42 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab jami sog‘ayganlar 2607 nafarga yetdi.