Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yurtini sotgan josus va qotil militsionerlar
2.01.2021 23:24,  
4642

1980 yili Davlat xavfsizligi qo‘mitasi – KGB mayori Viktor Sheymov qizi va xotini bilan Amerikaga qochib ketadi. Mayor qochishdan oldin Markaziy razvedka boshqarmasi bilan o‘ziga Amerikada bir million dollar berilishini ham kelishib olgan. Yurtini sotgan Sheymov sovet hukumati va chet ellardagi agentura haqida bilgan hamma bilgilarni MRBga bergan.

Qizig‘i shundaki, Sheymov oilasi bilan qochib ketganini Moskvadagilar bilishmagan. O‘sha davrlarda KGB boshlig‘i Yuriy Andropov va Ichki ishlar vaziri Nikolay Shyolokov o‘rtasida shaxsiy adovat bo‘lgan. Militsiya xodimlari bosqinchilik va tovlamachilik yo‘li bilan jinoyat sodir qilishi kundalik holatga aylangan. Shuning uchun, ularni qidirgan izquvarlar KGB mayori Sheymov va oilasi shunday jinoyat qurboni bo‘lib, jasadlari yo‘q qilingan degan taxmin bilan yurishavergan.

1980 yil so‘nggida boshqa bir KGB xodimi – Vyacheslav Afanasev yangi yil oldidan ish yerida tarqatilgan kamyob oziq-ovqat va ichimlik bilan mast holda metro vagonida uxlab qoladi. Uni ta’magir va yulg‘ich metro bekati militsiya xodimlari ko‘rib qolib, vagondan tushirib, xonasiga olib ketishadi. Afanasevni oddiy xalq vakillari kabi urib, rosa do‘pposlashadi. Lekin KGB xodimi bo‘sh kelmaydi va ularga xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi.

Shundan so‘ng, militsiya xodimlari o‘z boshlig‘i bilan gaplashib, avvaliga josusni qo‘yib yuborishadi. Lekin sir fosh bo‘lishidan qo‘rqib, uni yana majburlab mashinaga mindirib, shahar chetiga olib borib, temir bilan o‘lasi qilib urib, tashlab ketishadi. Ertasi kun joni chiqmagan maxsus xizmat xodimini odamlar ko‘rib qolib, tez yordam chaqirishadi. Reanimatsiya bo‘limida besh kun yotgan xodim o‘ziga kelmay, hamma sirni narigi dunyoga olib ketadi.

Shundan keyin, KGB va IIB orasida jang boshlanadi: birinchi taraf jinoyatni ochishga urinsa, ikkinchisi yashirish uchun hamma vositani ishga soladi. Oqibatda, KGBning qo‘li baland kelib, aybdorlar qo‘lga olinadi. Ularni so‘roq qilish payti qanday vositalar ishga solinganini faqat tasavvur qilishimiz mumkin. Lekin natijada qotillar qilmishiga iqror bo‘libgina qolmay, KGB xodimi Sheymov va oilasini ham o‘ldirishganini bo‘yniga olishadi. O‘liklarni o‘rmonga ko‘mishganini bildirishadi. Ammo ular aytgan yerdan kiyik suyaklari topiladi, xolos.

Yuriy Andropov tergov va sud materiallarini gazetalarda yoritishga ruxsat beradi. Bu esa xalqning militsiyaga ishonchi ancha yo‘qolishiga olib keladi. KGB militsiya tizimidagi kirdikorlarni ochib tashlashi juda ko‘p ichki ishlar xodimlari ishdan haydalishi yoki ularga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishiga olib keladi.

Ichki ishlar vaziri Shyolokov xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, davlat pulini qarindosh-urug‘lariga sarflyagani ma’lum bo‘ladi. Uning uyidan 500 ming so‘mlik moddiy boylik, jumladan 250 ming so‘mlik javohirlar topiladi. (Solishtirish uchun: o‘sha paytlar eng qimmat sovet avtomobili Volga GAZ-24ning narxi o‘n ming so‘m edi).

O‘z mansabi, barcha unvonlaridan ajralib, yolg‘iz qolgan sobiq ichki ishlar vaziri 1983 yil dekabr oyida o‘zini-o‘zi o‘ldiradi. Ungacha isnodga chiday olmagan xotini o‘n oy oldin o‘z joniga qasd qilib bo‘lgandi. Albatta, qattiq senzura ostida ishlaydigan sovet OAVlari buni e’lon qilmagan, yangilik xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib tarqalgandi. Afanasev ishi bo‘yicha sudlanuvchilardan uchtasi otib o‘ldirishga hukm qilinadi.

Qilinmagan jinoyat militsiya xodimlari bo‘yniga qo‘yilishi oqibatida Sheymov vatanini sotib, Amerikada yallo qilib yurganini KGB 1985 yilga kelgandagina biladi. U paytgacha mayor Sheymov Amerika razvedkasiga katta naf keltirib, mukofotlar olishga erishib bo‘lgandi. Lekin va’da qilingan bir million o‘rniga ikkiyuz ming dollar berishgan, xolos. Xafa bo‘lgan Sheymov ishdan ketib, o‘ziga xususiy firma ochgan. Keyinchalik, MRBni sudga bergan josus sudgacha kelishuvga erishdi. U 2019 yili Virjiniya shtatidagi Vena shahrida 73 yoshida vafot etdi.

Sobiq KGB josusi o‘z yurtini nega sotganini shunday izohlaydi: "Bolaligimdan boshlab, sovet jamiyatining mahsuli bo‘lgan mening miyamni ham yuva boshlashgan. Men juda sodiq kommunist va vatanparvar edim. Lekin KGBda ishlash jarayonida, siz faqatgina tor doiradagi kishilargina o‘qishi mumkin bo‘lgan haqqoniy bilgilarni ola boshlaysiz. Bu bilgilar esa sizga yoshlikdan o‘rgatilgan hamma narsaga zid keladi. Siz KGB aslida nima qilayotganini ko‘rasiz: tashkilot sovet xalqini himoya qilishi kerak, lekin, aslida unday emas. KGB ularga va butun dunyoga qarshi ishlaydi. Mening maqsadim kommunistik tizimga qo‘limdan kelganicha ko‘proq zarar yetkazishdan iborat edi".

Bundan o‘ttiz yil oldin aytilgan yuqoridagi gaplar sizga yaqin-atrofingizda yuz berayotgan voqealarni eslatyaptimi?

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан