Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Zafar Hoshimov: "Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi!"
2.10.2019 11:54,  
734

O‘zbekistonlik mashhur tadbirkor, korzinka.uz tarmog‘i egasi Zafar Hoshimov 1 oktyabrdan joriy qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) 20% dan 15% ga tushgani haqida o‘z qarashlarini bayon qildi:

Prolog

* * *

Mendan: "Soliq islohotida nimalar bo‘lmoqda va bu narxlarda qanday aks etadi?", deb to‘satdan so‘raysan. Men o‘zimni ayamay navbatdagi uzundan-uzoq matnimni yozib, senga tushuntirishga kirishaman.

Uni oxirigacha o‘qishga sabring yetmay, orqangni o‘girib ketib qolasan va men savolingning javobi maqolamning oxirgi jumlasida mujassam bo‘lganini aytishga ham ulgurmay, xo‘rsinib qo‘yaman."

* * *

Bugun soliq islohoti uchun muhim kun. Eslatib o‘taman, 1 oktyabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) 20%dan 15%ga tushdi. Hodisa o‘ziga xos va shu vaqtning o‘zida dramatik xususiyatga ega. Ushbu soliq tizimida bunday keskin pasayishni hali kuzatmaganimiz aniq. Jahon tajribasida ham bir-ikki misoldan ortiq hech bu kabi keskin o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lmasa kerak. Buning ustiga ayni o‘zgarish yil boshida emas, balki yil orasida sodir bo‘lgani yanada hayratomuz.

Aniq, bu o‘ziga xos va juda muhim, ijobiy hodisadir.

Bunday qadam tashlash uchun qanchalik mardlik, donolik va qat’iyat talab etilishini hatto tasavvur qilish mushkul. Eslatib o‘tishim kerakki, soliq stavkasi pasayishi bilan bir vaqtda oktyabr boshidan QQSga bir qator imtiyozlar, aniqroq aytsak, deyarli barcha imtiyozlar bekor qilindi. O‘ylaymanki, ular qanchalik foydasiz va hattoki zararli bo‘lganini yana bir bor tilga olishga hojat yo‘qdir.

Iste’molchilar ushbu imtiyozlardan deyarli hech qanday naf ko‘rmas edilar. Avtozavod QQS to‘lamagani bilan, avtosalon uni to‘lasa, NQZ va TMK QQSsiz yonilg‘i chiqarsayu, AYoQShlar esa baribir uning narxini sotuvdagi narxga qo‘shib sotishsa, biz bilan sizga bunday imtiyozlardan ne foyda?

Sut QQSsiz bo‘lsayu, undan tayyorlangan mahsulotlar barchasiga kefir, tvorogdan tortib, qaymoq va pishloqqacha QQS yuklangan bo‘lsa. Ayni holat go‘sht va go‘sht mahsulotlariga ham taalluqli, masalan, kolbasada baribir QQS bor edi.

Butunlay teskari holatni esa un va non mahsulotlarida kuzatish mumkin. Ularning har bir tarkibiy qo‘shimchasigacha tannarxida QQS kirgan. Novvoyxona mahsulotlari esa ushbu soliqdan ozod. Va ular un mahsulotlari ichidagi QQSni to‘g‘ri tannarxga qo‘shishar edi. Shuning uchun ham, QQS baribir nonning barcha masalliqlari tannarxi tarkibiga tushganini yozib o‘tdim. Ayni misollarning barchasida iste’molchilar baribir QQS to‘laganini keltirmoqdaman. Ammo bunday imtiyozlar soliq to‘lovchilar zanjirida adolatli taqsimlanishga to‘sqinlik qilib, turli xil egrilanish va disbalanslarga sabab bo‘lgandi.

Ular korxonaning aylanma mablag‘larini muzlatib, soliq to‘lovi yo‘lida umumiy uzilishlarni keltirib chiqargan. Bu esa mahsulot narxida ham aks etib, korxonalar rivojlanishi, xisob-kitob avtomatlashtirilishini ortga surgan. Bu ham axiyri baribir, iste’molchi va korxona manfaatlariga birdek zarba bergandi.

So‘nggi kunlarda o‘zgarishlar iste’mol narxlarida qanday aks etishi borasida ko‘plab savollar berildi. Turli guruhlarda ayni savolni menga va tarmog‘imizga yo‘naltirishdi.

Iste’molchilar 1 oktyabrdan keyin korzinka.uz peshtaxtalaridagi mahsulotlar narxi qanday o‘zgarishi masalasiga qiziqishdi. Tarmoqqa bo‘lgan bunday qiziqish meni quvontiradi, albatta. Mamlakat chakana savdo sohasi keng bo‘lsada, masala borasida aynan bizga murojaat qilinganidan xursandman.

Bu brendimizning tan olinishi, nafaqat chakana savdo, balki islohotlarni tatbiq etishda ham yetakchiligimizni anglatadi. Barcha savollar uchun rahmat.

Endi maqsadga ko‘chsak:

QQS pasayishi shak-shubhasiz shu kungacha 20% ustamasi endi 15%ga pasaytirilgan barcha mahsulotlar narxiga ijobiy ta’sir qilishi kerak. Narxlar tez orada "yumshashi"ni kutamiz. Ammo 1.10.2019gacha QQS bo‘yicha muayyan imtiyozlar amal qilgan mahsulotlar bor. Bular: go‘sht, tovuq, tuxum, sut, piyoz, kartoshka, shakar, guruch, baliq va non.

Endi shu imtiyozlar bir vaqtda bekor qilinadi va ehtimoliy taxminlarimizga ko‘ra bu yangi o‘zgarishlar ushbu mahsulot narxlariga nazariy jihatdan salbiy ta’sir berishi kerak. Umuman olganda esa o‘rtacha vaqtda mahsulotlar narxi darajasi qanday bo‘lishi va qabul qilingan qaror bozorning umumiy kon’yunkturasida kay darajada aks etishi borasida hech kim yakuniy va aniq xulosa bera olmasa kerak.

Bu yerda "bozor" so‘zini shunchaki ishlatmadim. Chunki bozor iqtisodiyotida narxlar talab va taklif muvozanati nuqtasini ko‘rsatadi. Ma’lum bir mahsulotning talab va taklifiga esa QQSdan tashqari yana talaygina omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ammo men bu jarayonga optimistik ruhda qarayman. Tilga olingan diapozonda soliq stavkasi kamaytirilishi aksariyat tovarlarning narxini shakllantirishga ijobiy turtki beradi, ularning ishlab chiqarilishi hajmi ortadi, ta’minotchilar va ishlab chiqaruvchilar orasida raqobat avj oladi, xarajatlar qisqaradi, soyadagi iqtisodiyot ulushi kamayadi, natijada esa narxlar pasaymasada, hech bo‘lmasa, o‘sishi to‘xtaydi yoki ancha sekinlashadi, deb ishonaman.

Ishonchim komilki, tafakkurli insonlar narxlarni pasaytirish istagi borasida iste’molchilar bilan biz savdo xodimlari bir tarafda ekanligimizni tushunishadi. Biz qanaqadir premium eksklyuziv butik emas, balki yirik mahsulot chakana tarmog‘imiz. Biznesimiz kengayishi, tovar aylanmalari o‘sishi biz uchun yuqori ustamalardan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega. Chunki maqbul narxlar = ko‘proq iste’mol=ko‘proq savdo va mijozlar=ko‘proq tovar aylanmasi=har bir sotilgan tovardagi xarajatlar pasayishi hisobiga umumiy hajmda ko‘proq daromad degani.

Shunga amal qilgan holda ayrim mahsulotlarga imtiyozlar bekor qilinishiga qaramay, bozordagi sharoitga asoslanib, amaldagi bozor talab hamda taklifidan kelib chikkan holda ushbu mahsulotlar soliq imtiyozlarini yo‘qotgan bo‘lsada, biz bu mahsulotlar narxlarini o‘zgartirmaslikka qaror qildik. Yana bir bor iste’molchilarimizga ta’kidlab aytmoqchimanki, korzinka.uz doimo xaridorlariga narx va sifatning eng yaxshi mutanosibligini, maksimal qulaylik va yuqori darajadagi xizmat sifatini taqdim etishda davom etadi.

Biz bilan bo‘ling!

Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi!*

________________________

*bu jumla matnni to‘liq o‘qimaganlar uchun maxsus.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан