Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Zelenskiy Trampga: “Siz biz uchun buyuk ustozsiz”. Ular nimani suhbatlashishgan edi?
27.09.2019 10:29,  
2650

Oq uy AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi suhbatning stenogrammasini e’lon qildi.

25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan ushbu suhbat Amerika rahbarining Kiyevni o‘z saylovoldi kampaniyasiga tortishga urinishda ayblashlariga olib keldi. Ommaviy axborot vositalari Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazgani va Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Baydenning o‘g‘li ustidan tergov olib borilishini talab qilganini aytib kelishdi.

Shu sababli ular hatto Trampga qarshi impichment jarayonini boshladilar.

Bunga javoban AQSh prezidenti Zelenskiy bilan suhbatning stenogrammasini nashr etishni buyurdi. Bundan kelib chiqdiki, Tramp Bayden va uning o‘g‘lini va unga qarshi tergov to‘xtatilganini bir necha bor Zelenskiyga eslatgan va Ukraina rahbaridan Bosh prokuror Uilyam Barr va advokat Rudi Juliani bilan hamkorlik qilishni so‘ragan.

Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbati matni:

Tramp: Buyuk g‘alabangiz bilan tabriklayman. Barchamiz Amerika Qo‘shma Shtatlarida sizning ajoyib ishingizni tomosha qildik. Minimal imkoniyatlar bilan yutqazadigan holatda bo‘lib, osongina g‘olib bo‘ldingiz. Bu fantastik natija. Tabriklaymiz.

Zelenskiy: Siz haqsiz, janob Prezident. Biz haqiqatan ham g‘alaba qozondik va buning uchun ko‘p ishladik. Biz juda ko‘p ishladik, lekin men sizdan ko‘p narsa o‘rganganimni tan olishni istardim. Biz sizning ko‘p ko‘nikmalaringiz va bilimlaringizdan foydalandik va ulardan bizning saylovlarimizda namuna sifatida foydalana oldik – va albatta, bu noyob saylov bo‘ldi.

Biz g‘alaba qozonishimiz, yutuqlarga erishishimiz mumkin bo‘lgan noyob vaziyatga duch keldik. Sizga quyidagilarni aytib bera olaman: birinchi marta siz meni prezidentlik saylovidagi g‘alabam bilan tabriklash uchun qo‘ng‘iroq qildingiz, ikkinchi marta esa mening partiyam parlament saylovlarida g‘olib bo‘lganida qo‘ng‘iroq qildingiz. Men tez-tez g‘alaba qozonishim kerak deb o‘ylayman, shunda siz menga tez-tez qo‘ng‘iroq qilishingiz va biz tez-tez telefonda gaplasha olamiz.

Tramp: Bu juda yaxshi fikr. Menimcha, mamlakatingiz bundan juda xursand.

Zelenskiy: Ha, haqiqatan ham biz qo‘limizdan kelganicha harakat qilmoqdamiz, chunki biz mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashmoqchimiz. Biz ko‘plab yangi odamlarni olib keldik. Eski siyosatchilar emas, oddiy siyosatchilar ham emas, chunki biz yangi format va yangi hukumat turini yaratmoqchimiz. Siz bunda ham biz uchun buyuk ustozsiz.

Tramp: Xo‘sh, sizdan bu gaplarni eshitish juda yoqimli. Men Ukraina uchun juda ko‘p ish qilyapmiz deb ayta olaman. Biz ko‘p kuch va ko‘p vaqt sarflayapmiz. Biz Ukraina uchun Yevropa mamlakatlaridan ko‘ra ko‘proq narsa qilyapmiz, ular sizlarga hozir qilayotganlariga qaraganda ko‘proq yordam berishi kerak aslida. Germaniya sizlar uchun deyarli hech narsa qilmayapti. Ularning barchasi faqat gapiryapti va menimcha sizda ularga nisbatan savollar bo‘lishi kerak. Men Angela Merkel bilan suhbatlashganimda, u Ukraina haqida gapirdi, lekin hech qanday chora ko‘rmadi. Ko‘plab Yevropa mamlakatlari ham xuddi shunday. Shuning uchun, siz bunga e’tibor berishingiz kerak deb o‘ylayman. AQSh Ukrainaga yaxshi munosabatda. Men albatta munosabatlar ikki taraflama yaxshi deya olmayman, chunki yomon ishlar ham yuz bermoqda, lekin AQSh Ukrainaga juda yaxshi munosabatda.

Zelenskiy: Ha, siz mutlaqo haqsiz. Faqat 100% emas, balki 1000%. Men sizga quyidagilarni aytib berishim mumkin. Men Angela Merkel bilan gaplashdim va u bilan uchrashdim. Men Makron bilan ham uchrashdim va gaplashdim. Men ularga sanksiyalar bilan bog‘liq masalalarda yetarlicha harakat qilmayotganliklarini aytdim. Ular sanksiyalarni qo‘llamadilar. U sanksiyalar, Ukraina uchun ishlashi kerak bo‘lgan darajada ishlamaydi. Mantiqan, Yevropa Ittifoqi bizning eng katta sherigimizdir, lekin aslida Amerika Qo‘shma Shtatlari Yevropa Ittifoqidan ancha kattaroq sherikdir va men buning uchun sizdan juda minnatdorman, chunki AQSh Ukraina uchun Yevropa Ittifoqidan ko‘ra ko‘proq ish qilmoqda. Ayniqsa Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar bo‘yicha. Mudofaa sohasidagi katta yordamingiz uchun ham sizga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Kelgusi qadamlar uchun hamkorlikni davom etdirishga tayyormiz. Xususan, biz AQShdan mudofaa maqsadlari uchun ko‘proq Jevelinlar (Javelin – AQSh tomonidan ishlab chiqariluvchi tankga qarshi ko‘chma raketa kompleksi) sotib olishga tayyormiz.

Tramp: Sizdan bizga bir yaxshilik qilishingizni istardim, chunki bizning mamlakatimiz ko‘p narsalarni boshdan kechirdi va Ukraina bu haqda juda ko‘p narsalarni biladi. Crowdstrike bilan Ukrainadagi barcha vaziyat nima bo‘lganini bilishingizni istardim. Ehtimol siz o‘zingizning odamlaringizdan birini jalb qilishingiz mumkin. Server, ular aytishicha, Ukrainada. Ushbu vaziyat atrofida ko‘p narsa qilinmoqda. O‘zingizni xuddi shunday odamlar bilan o‘rab olgansiz deb o‘ylayman. Bosh prokuror sizni yoki sizning odamlaringizni chaqirishini va siz bundan xabardor bo‘lishingizni istardim. Kecha ko‘rganingizdek, barcha chalkashliklar Robert Myullerning muvaffaqiyatsizligi bilan yakunlandi, bu halokatli chiqish bo‘ldi, ammo ular ko‘p narsa Ukrainadan boshlangan deb aytishadi. Iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelgan hamma narsani qilish juda muhimdir.

Zelenskiy: Ha. Siz aytib o‘tgan barcha narsalar men uchun juda muhimdir. Prezident sifatida men uchun bu juda muhim va kelgusida har qanday hamkorlikka tayyormiz. Biz AQSh va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga tayyormiz. Buning uchun men yaqinda AQShdagi elchimizni chaqirib oldim va uning o‘rniga xalqlarimizni yaqinlashtirish uchun ishlaydigan juda malakali va juda tajribali elchi tayinlanadi. Shuningdek, u sizning ishonchingizni qozonishiga, siz bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishiga va yanada ko‘proq hamkorlik qilishimizga umid qilaman. Sizga shaxsan aytamanki, mening yordamchilarimdan biri janob Juliani bilan yaqinda gaplashgan va biz umid qilamizki janob Juliani Ukrainaga tashrif buyuradi va biz u bilan uchrashamiz. Men shunchaki yana bir bor ishontirmoqchi edimki, bizni oramizda faqat do‘stlaringiz bor. Men o‘zimni eng yaxshi va tajribali odamlar bilan o‘rab olganimga aminman. Men ham sizga do‘st ekanligimizni aytmoqchi edim. Biz juda yaxshi do‘stmiz janob Prezident, bizning yurtimizda do‘stlarimiz bor, shuning uchun strategik sherikligimizni davom ettirishimiz mumkin. Shuningdek, o‘zimni ajoyib insonlar bilan o‘rab olishni rejalashtirmoqdaman va ushbu tergov haqida gapirar ekanman, men Ukraina Prezidenti sifatida, sizni ishontirib aytamanki, uning ochiq va halol bo‘lishiga kafolat beraman.

Tramp: Yaxshi, men sizning yaxshi prokuroringiz borligini eshitdim, keyin u to‘xtatildi va bu haqiqatan ham adolatsizdir. Ko‘p odamlar sizning yaxshi prokuroringizni to‘xtatdilar va bu ishda juda yomon odamlar ishtirok etishdi. Janob Juliani juda hurmatli inson. U Nyu-York meri edi, buyuk mer bo‘lgan va men uning sizga qo‘ng‘iroq qilishini istardim. Men undan Bosh prokuror bilan birga qo‘ng‘iroq qilishni so‘rayman. Rudi (Rudolf Juliani) nima bo‘layotganini juda yaxshi biladi va u juda qobiliyatli yigit. Agar siz u bilan gaplasha olsangiz, bu juda yaxshi bo‘lar edi. AQSh dagi sobiq elchi, ayol kishi - bu yomon xabar, u Ukrainada birga ish qilgan odamlar ham yomon xabar bo‘ldi. Men shuni bilishingizni istayman. Boshqa tomondan, Baydenning o‘g‘li haqida, Bayden sud jarayonini to‘xtatganligi haqida ko‘p gaplar bor va ko‘p odamlar bu haqda bilishni xohlashadi, shuning uchun siz Bosh prokuror bilan bu ishni qila olsangiz yaxshi bo‘lar edi. Bayden ta’qiblarni to‘xtatgani haqida gap tarqata boshladi, shuning uchun agar o‘ylab ko‘rsangiz ... bu menga dahshatli tuyuladi.

Zelenskiy: Men sizga prokuror haqida aytmoqchi edim. Avvalo, vaziyatdan yaxshi xabardor ekanimni tushunaman. Parlamentimizda mutlaq ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritganimiz sababli keyingi bosh prokuror 100 foiz mening odamim bo‘ladi, u parlament tomonidan ma’qullanib, sentyabr oyida o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi. U vaziyatlarni ko‘rib chiqadi, ayniqsa siz aytib o‘tgan ushbu masala bo‘yicha, kompaniyaga nisbatan. Ushbu ishni tergov qilish bilan bog‘liq bo‘lgan savol aslida halollikning tiklanishini ta’minlash masalasidir, shuning uchun biz bunga e’tibor beramiz va ishni tergov qilish ustida ishlaymiz. Bundan tashqari, sizdan so‘ramoqchiman, agar sizda ushbu masalada bizga qo‘shimcha ma’lumotingiz bo‘lsa, bu Ukrainaning AQShdagi elchisiga nisbatan adolatni o‘rnatish uchun juda katta yordam beradi. Esimda, uning ismi Ivanovich edi. Siz menga u yomon elchi bo‘lganligini birinchi bo‘lib aytganingiz juda yaxshi, chunki men sizga 100% qo‘shilaman. Uning menga bo‘lgan munosabati yaxshi emas edi, chunki u avvalgi prezidentni sevar edi va u uning tarafida edi. U meni yangi prezident sifatida yaxshi qabul qilmagan.

Tramp: Xo‘sh, u ba’zi narsalar bilan kelishib olishga majbur bo‘ladi. Men janob Julianiga sizga qo‘ng‘iroq qilishni aytaman va Bosh prokuror Barr ham menga qo‘ng‘iroq qilishi kerak va biz haqiqatning tubiga yetamiz. Ishonamanki, siz ham bu bilan shug‘ullanasiz. Prokurorga juda yomon munosabatda bo‘linganini va u juda halol prokuror bo‘lganini eshitdim. Iqtisodiyotingiz yaxshilanishini taxmin qilaman. Sizda juda ko‘p aktivlar bor. Bu ajoyib mamlakat. Mening ko‘plab ukrainalik do‘stlarim bor, ular aql bovar qilmaydigan odamlar.

Zelenskiy: Sizga shuni aytmoqchimanki, mening ham AQShda yashaydigan bir qancha ukrainalik do‘stlarim bor. Aslida, oxirgi marta AQShga borganimda, Nyu-Yorkda Markaziy Park yaqinidagi va Tramp Tauerda qo‘nim topganman. (Bu yerda Zelenskiy menimcha Trampga yaltoqlik qilib, uning mehmonxonasida qolganini bildirib o‘tmoqda)

Men ular bilan gaplashaman va kelajakda yana ko‘rishga umid qilaman. Shtatlarga, xususan Vashingtonga tashrif buyurish taklifi uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Boshqa tomondan, men ham sizni ishontirib aytmoqchimanki, biz bu masalani juda jiddiy qabul qilamiz va uni tergov qilishga harakat qilamiz. Iqtisodiy masalaga kelsak, mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega va Ukraina uchun nihoyatda muhim masalalardan biri bu - energiya mustaqilligi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan energiya mustaqilligi sohasida hamkorlikda katta yutuqlarga erisha olishimizga ishonaman. Biz allaqachon buni ustida ishlamoqdamiz. Biz Amerika neftini sotib olyapmiz, lekin men kelajakdagi uchrashuvni juda kutyapman. Ushbu imkoniyatlarni muhokama qilish va bir-birimizni yaxshiroq tanishish uchun ko‘proq vaqt va imkoniyatlarga ega bo‘lamiz. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga rahmat aytaman.

Tramp: Yaxshi. Sizga katta rahmat va men buni qadrlayman. Men Rudi va Bosh prokuror Barrga qo‘ng‘iroq qilishni aytaman. Rahmat Oq uyga kelishni xohlagan vaqtingiz qo‘ng‘iroq qiling, uyalmang. Sanasini ayting - biz hamma narsani uyushtiramiz. Siz bilan uchrashishni orziqib kutaman.

Zelenskiy: Katta rahmat. Men AQShga tashrif buyurishdan va siz bilan shaxsan tanishishdan juda xursand bo‘laman. Siz bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutyapman va sizni ham Ukrainaga tashrif buyurishga va Kiyevga kelishga taklif qilmoqchiman, bu juda chiroyli shahar. Bizning go‘zal mamlakatimizda sizni ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Boshqa tomondan, sentyabr oyida biz Polshada bo‘lamiz va umid qilamanki, u yerda uchrashishimiz mumkin. Polshada uchrashishga umid qilamiz. Shundan keyin sizning Ukrainaga safaringiz juda yaxshi fikr bo‘lishi mumkin. Biz Ukrainaga yo meni samolyotimga o‘tirib, yoki ehtimol menikidan ancha yaxshi bo‘lgan sizning samolyotingizda uchishimiz mumkin.

Tramp: Yaxshi, buni aniqlaymiz. Men siz bilan Vashingtonda va ehtimol Polshada uchrashishni orziqib kutaman va ikkalamiz bir vaqtning o‘zida o‘sha yerda bo‘lamiz deb o‘ylayman.

Zelenskiy: Katta rahmat, janob Prezident.

Tramp: Siz qilgan ajoyib ishingiz bilan tabriklaymiz. Butun dunyo sizga qarab turdi. O‘ylaymanki, umidsizliklardan ko‘ra tabriklar ko‘proq edi.

Zelenskiy: Rahmat janob Prezident, xayr.

* * *

Bu hujjatni har kim o‘zicha o‘qiydi. Demokratik partiya va liberal sharhlovchilar "shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamasligi"ga ishora qilishsa, Trampning konservativ tarafdorlari esa bu suhbatning haqiqiy tarkibi ayblovlar uchun asossizligini ta’kidlaydilar.

Oldinda - yangi shkafdagi skeletlarni chiqarish va eski axlat qutisini titish bilan davom etuvchi, ikkala tomonning siyosatchilari va sharhlovchilari o‘rtasida shiddatli munozaralar seriyasi bizni kutib turibdi.

Donald Trampga qarshi impichment jarayonining boshlanishi nimani anglatadi?

Xususan, yuqoridagi suhbatdan kelib chiqqan holda Trampning o‘zi oldinroq tasdiqlaganidek, sobiq vitse-prezident Jozef Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga qarshi tergov mavzusiga murojaat qilib, Zelenskiydan o‘z yuristi Rudolf Juliani va AQSh Bosh prokurori Uilyam Barr bilan bog‘lanishini so‘radi. Bundan tashqari, Tramp maxsus prokuror Robert Myullerning tergovi qanday boshlanganligi haqidagi haqiqatni topishda ham yordam so‘radi. Uning fikriga ko‘ra, Ukrainada bu tergovlarning ildizlari bor edi. Ukraina Prezidenti esa mamlakatning yangi bosh prokurori, buni "halollikni tiklash uchun" amalga oshirishini va’da qildi.

Shu bilan birga, oldinroq demokratlar sizib chiqarilgan ma’lumotlar asosida, Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazgan va tergovni AQShning Kiyevga ko‘rsatayotgan harbiy yordami bilan bog‘lagan degan gaplarni tarqatishgan edi. Suhbatda esa bu haqda hech qanday so‘z yo‘q. Bundan kelib chiqadiki, Donald Tramp yana bir marta demokratlirni “burnini yerga ishqab qo‘yish”ga erishdi deb xisoblash mumkin.

AQSh Adliya vazirligi Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat mazmunini o‘rganganini va unda Trampning anonim manbaalar ta’kidlagan qonunning bandlari buzilishi aniqlamaganini aytdi.

Shunga qaramay, demokratlar e’lon qilingan suhbat matni Trampning aybini tasdiqlashini ta’kidlamoqda, chunki ularning fikriga ko‘ra, uning so‘rovlari AQShning manfaatlariga emas, balki faqat o‘zining shaxsiy siyosiy manfaatlariga tegishli. Aniqrog‘i, Oq uy rahbari, Baydenning ostidan "qazishni" Zelenskiydan ataylab so‘ragan, chunki u Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlarining liderlaridan biri bo‘lib, 2020 yilgi saylovlarda Trampga qarshi chiqadi.

Ammo respublikachilar buni bema’nilik deb hisoblaydilar va demokratlar Baydenning Ukraina bilan bog‘liq “qora ishlari”ni oqlashga harakat qilmoqda deb hisoblashadi. Ular Baydenning o‘g‘li Hanterni, katta summali ish haqi evaziga, Ukrainaning Burisma Holdings kompaniyasida "tasodifiy" ishga joylashgani haqida eslatib turishadi.

Yaqin kunlarda, ushbu barcha voqealar natijalari bo‘yicha demokratlar impichment protsedurasini rasmiy boshlash to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.

Shunga qaramay, agar impichment protsedurasi boshlansa, bu mamlakat tarixidagi to‘rtinchi holat bo‘ladi. Shuning uchun, bu katta bir voqea bo‘lib, qolgan yillarda Trampning siyosiy yo‘nalishini belgilaydi va 2020 yildagi prezident saylovlari natijalariga bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Zelenskiy esa “qovun tushirdi”. Uning katta siyosatda tajribasizligi, “katta aka” uning yelkasini qoqib qo‘yishidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygandan bilinib qoldi nazarimda. Trampni “buyuk ustoz” deb atashi va unga yaqinlashish yo‘lida mana shunday Trampning “nozik” so‘rovini ham balki soddalarcha qabul qilgani, o‘z navbatida Ukraina prezidentining har bir qadamini poylab turgan Rossiya OAV lari uchun, yana uning ustidan kinoyali kulishga bahona bo‘lib qoldi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан