Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






ADABIYoTimizdan qo‘lingizni torting!
19.09.2019 16:54,  
1092

ADABIYoT – MILLAT OBRO‘SI

«Millatning obro‘si uning adabiyotiga bog‘liq. Adabiyoti past saviyada bo‘lgan millatning boshqa xalqlar nazarida obro‘si ham, e’tibori ham bo‘lmaydi», deb yozgan edi Farg‘ona jadidlaridan Ashurali Zohidiy «Turkiston viloyati gazeti»da chop etilgan maqolasida. Ko‘rinadiki, ziyolilarimiz bundan bir asr avval adabiyot masalasini hayot-mamot masalasi deb hisoblagan edilar.

Yillar davomida adabiyot o‘zgaradi, yangilanadi, ammo uning vazifasi – odob-axloqqa, ma’naviyatga xizmat o‘zgarmaydi. Bugungi o‘zbek adabiyoti har jihatdan barkamol adabiyot bo‘lmog‘i shart. Atoqli adabiyotshunos olim va adib Ozod Sharafiddinov ta’kidlab aytganlaridek, «...Adabiyotimizni tashkil qiluvchi har bitta asarning bahosi tillolarga teng bo‘lsin. Bu adabiyotda siyqa, oldi-qochdi, o‘rtamiyona asarlarga mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi lozim. Albatta, buning «lozimligi»ni hamma tushunadiyu, lekin hamma ham bunga amal qilavermaydi. Mas’uliyatning bir qismi ko‘ra-bila turib ham ma’nisiz asarlarni chop etuvchi noshirlar zimmasiga, adabiyot ro‘zg‘orini qarovsiz tashlab qo‘ygan adabiyotshunoslar ustiga tushadi. Qolaversa, o‘zini ma’naviyat, ma’rifat va mafkura ishlariga daxldor, deb bilgan, uning nonini yeyayotgan har bir ziyoli odam yurt adabiyotining shavkatini yuksak saqlash to‘g‘risida muttasil qayg‘urmog‘i kerak. Modomiki, ana shunday muhim masala to‘g‘risida gap ketar ekan, har qanday past-baland andishalarni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘z mulohazalarimizni oshkora aytmog‘imiz ham farz, ham qarz!».

Milliy ma’naviyatni buzadigan adabiyot – aslo adabiyot emas, ma’naviyatkushlarning qo‘lidagi quroldir. Siyqa tasvirlar, fahsh sahnalar, yolg‘on to‘qimalar, zo‘rlik-zo‘ravonlikka to‘la lavhalar, hayotiylikdan yiroq, aqlni o‘tmaslashtiruvchi voqeliklar botqog‘iga aylangan «asar»lar keltiradigan ma’naviy zarar insoniyatga qirg‘in qurollari keltiradigan zarardan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, kam emas. Ularni «yangi davr adabiyoti» degan nom ostiga tirkab, bu «asar»larni yozguvchilarni yangi adabiy voqelik yaratuvchilari sifatida oqlash va yoqlash - borib turgan bilimsizlik, millat ma’naviyatiga va aytish joiz bo‘lsa, yurtga xiyonat bo‘ladi. Chunki adabiyot insonning ong osti tuyg‘ularidan tortib uning dunyoqarashiga, fikrlash tarziga, kayfiyatiga va atrof-muhitga bo‘lgan munosabatiga qadar ta’sir qila oladi. Millatning, ayniqsa yoshlarning bugungi estetik didi va saviyasi, kayfiyati, fikrlash tarzi millat kelajagini belgilashi hisobga olinsa, adabiyotning buzilishiga e’tiborsizlik qanchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishini anglash qiyin emas.

«...DOSh»LIKLAR HIMOYaSI ORTIDA

«Biz barcha oltinlarimizni, moddiy boyliklarimizni kishilar ongini o‘zgartirishga yo‘naltiramiz, - degan edi bosqinchilik tarafdorlaridan bo‘lgan siyosatshunos Allen Dalles. - Insonlar ongida boshboshdoqlik urug‘larini sepib, ularning qadriyatlarini soxta qadriyatlarga almashtirib qo‘yamiz hamda bu soxta qadriyatlarga ishontirishga kirishamiz. Asta-sekin butun bir xalqning halokati, o‘zlikni anglashning yo‘qolishiga guvoh bo‘lamiz. Chunki biz bu xalqning ma’naviy ildizlarini qo‘porib tashlagan bo‘lamiz...» (V.Lisichkin, L.Shelepin. «Tretya mirovaya informatsionno-psixologicheskaya voyna», Moskva, 1999).

Bugun psixologik xurujlar har qanday millatning ma’naviyat sarhadlarini buzib o‘tmoqda desak, yanglishmaymiz. Xo‘sh, o‘zimizda ahvol qanday?

Har qanday sohada didi baland xalqmiz. Mumtoz adabiyotimizga dunyo maftun. Klassik shoirlarimizdan biri: «Agar bir yilda ikkitagina yaxshi she’r yozsam, o‘z ijodimni g‘oyatda samarali sanar edim. Chunki qirq yil davomida saksonta yaxshi she’r yozgan bo‘laman. Ammo bu juda maholdir», deb yozib qoldirgan edi. Bugun bir haftada butun boshli romanlar yozayotgan ba’zi serehtiros yozguvchilarning o‘zbek adabiyoti saviyasini tushirishga xizmat qilayotganlari va bu yo‘lda o‘zlariga ancha-muncha xayrixoh orttirayotganlari bor gap. Ammo muammo bu yozguvchilarning adabiyotimizni siyqalashtirayotganida ham emas, asosiy muammo - ular yaratib qo‘yayotgan «adabiyot»dagi psixologik tajovuzlarning omma ruhiyatini izdan chiqarishga qaratilganidadir.

Yozuvchi asar yozar ekan, ijod davomida o‘sha asar dunyosida yashaydi: qahramonlari bilan birga kuladi, birga yig‘laydi, birga yengiladi, birga yengadi... Bu qaysidir ma’noda trans holatiga o‘xshaydi. Endi adabiyotning bu qudratli kuchi o‘quvchiga qanday ta’sir qilishini tasavvur qiling! O‘zi sevgan asar qahramonlarini hayotiy idealiga aylantirganlar, hayot yo‘lida shu qahramonlarga o‘xshashga harakat qilganlar, asar qahramonlari ismini farzandiga qo‘yganlar... va hokazolar ozmunchami? Bugun ana shu ta’sir kuchi ayrim ma’rifatkush yozguvchilar tomonidan g‘araz maqsadlarga yo‘naltirilmoqda. Bugun vaziyat shundayki, yoshlarni kitob o‘qishga undashdan oldin, ularni ba’zi kitoblardan himoya qilishimiz kerakligini anglashimiz lozim bo‘lyapti. Bugungi yoshlarimiz jinday erkaroq, jinday o‘yinqaroq, jinday o‘jar, jinday beparvoroq, «onlayn hayot»ga ruju qo‘yganroq... «Nimani yozmaslik kerakligini bilmaydigan» yozguvchilar buni yaxshi biladilar. Ular yoshlarning kitobga munosabatida ham hissiy xislatlar ustun turishini, ularning his-tuyg‘ularga beriluvchanligini, badiiy asarlardan ham hissiy zavq-shavq qidirishini hisobga olgan holda ish ko‘radilar. Axloqsizlikning kishi bilmas targ‘ibi ortidan foyda va nom qozonish istagi bunday yozguvchilarda shu qadar zo‘rki, bu yo‘lda ular butun bir millat kelajagi yuziga ham oyoq qo‘yib o‘ta oladilar.

Bugun men o‘zbek adabiy tanqidchiligi adabiyotni siyqalashtirayotgan «asarlar» bilan zudlikda shug‘ullanishi kerak, demoqchimasman. Chunki, har ikki tomon ham bu muhokamada dasta-dasta qog‘ozlarga qoralangan faktlarni soatlab keltirishi, hatto bir-biri bilan sudlashishi, shov-shuv ko‘tarishi mumkin, lekin natijasi qoniqarli bo‘lishiga ishonolmayman. Sababi, bizda bahslashish madaniyati ham havas qilgulik emas. Gohida o‘rinli tanqid uchun hatto eng ziyoli ko‘ringan ijod ahli vakillari ham sizni dushman qatoriga qo‘shib qo‘yishlari mumkin. Mabodo adabiyotimizning obro‘-e’tiborini himoyalash maqsadida buzg‘unchi yozguvchilarni tanqid qilsangiz, qarshingizda «yangi adabiyot namoyondasi»ni himoya qiluvchi, uning ijodini yoqlovchi nomdorroq boshqa bir yozuvchi, shoir yoki jurnalistni ko‘rishingiz ham hech gapmas. Odatda, bu himoya ostida millat yoki adabiyot qayg‘usi emas, «shahardoshlik», «mahalladoshlik», «shaxmatdoshlik», «palovdoshlik» hurmati yotadi...

Chet el adiblariga katta ehtirom saqlagan, o‘z ijodida ham milliy, ham Sharq, ham G‘arb an’analarini birlashtirgan, «Sharq va G‘arb o‘rtasidagi oltin ko‘prik» nomi bilan ulug‘lanuvchi hind adibi Robindranat Thakurdek odam ham bir paytlar «Minba’d bu zaminga Mopassan qadam qo‘ymasin», deb Xudoga iltijo qilgan edi. Nima uchun? Fransuz adibining zinokorlik zavq-shavq bilan tasvirlangan asarlari uchun! Yuqorida eslatganimiz - «...dosh»liklar himoyasi ortida esa bugun bizning adabiyotimiz maydoniga o‘zbek De Sadlari qiyinchiliksiz kirib keldilar...

O‘ZBEK POLARI «ADABIYoTI»

Oddiy bir yemak hamma odamga har xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kunlik ovqatlarimiz sog‘likni saqlash uchun mijozga moslanadi. Ruhiy ozuqa ham shunday. Ayni bir kitob hammaga har xil ta’sir ko‘rsatadi. Inson ruhiyatiga zimdan zarar beradigan, ammo sirtdan qaraganda beziyon ko‘rinadigan asarlar bor. Yoqmaydigan ovqat oshqozonni buzgani kabi, ruh qabul qilmaydigan kitoblar ham inson ruhiyatini buzadi, uni hatto ishdan chiqaradi. Bugungi «adabiyot mahsulotlari» orasida «fahshiyona asarlar»dan tashqari mistik asarlar ham bor. G‘arb literaturasini Sharq «odob ul-kulliyot»i bilan qorishtiradigan yozguvchilar bugun «yangi davr o‘zbek mistikasi»ni ham yaratib ulgurishdi. Men bu janrni qoralash fikridan mutlaqo yiroqman. Men uchun mistik asarlarning inson ruhiyatiga ta’siri va bu janrni keng yoyishdan ko‘zlangan asl maqsad muhim.

Shaxsan o‘zim jahon adabiyotidagi bir qator mistik, mistik-fantastik asarlarni mutaxassis sifatida o‘qib, o‘rganib chiqqanman. Bu kitoblar shaxsan mening ruhiyatimga salbiy ta’sir qilgani yo‘q, ammo men ularni o‘qishni ommaga tavsiya etmagan bo‘lardim. Sababi, har kimning ruhiyati turlicha: kimdir o‘qiyotganlarini yuragiga juda yaqin oladi, kimdir o‘qiyotganlari orasida yashaydi, kimningdir asabi mustahkam, kimdadir zaif... Ruhi qabul qilmaydigan, ma’naviyatiga singmaydigan kitoblarni o‘qish orqali asabi bo‘sh kishi o‘z ruhiyatiga o‘nglab bo‘lmas oqibatlarga olib keluvchi zarba berganini o‘zi sezmay qoladi. Jumladan, G‘arbda «jumboq odam», «dahshatlar qiroli» deya sifatlanadigan Edgar Allan Poning bir necha asarini ketma-ket o‘qigan ayrim odamlarning sababsiz qo‘rquvga tushish, uyqusizlik, yuqori ruhiy qo‘zg‘aluvchanlik kasaliga chalinganlari aniqlangan. Edgar Poning o‘zi esa qirq yillik umrining oxirgi vaqtlarini vosvos, shaytonlash kasalligi bilan azobda o‘tkazadi. Dahshatlar adibining kasalligiga o‘sha vaqtda nom topa olmagan, kelib chiqish sabablarini aniqlay olmagan, umrining so‘nggi vaqtlaridagi holatiga shaxsan guvoh bo‘lgan vashingtonlik vrach Jon Moran shunday yozadi:

«Adibning ruhiy ahvoli kun sayin og‘irlashib, chidab bo‘lmas tus olib bormoqda. U bir necha kunlab o‘ziga kelolmay alahlab yotadi, o‘ziga kelganida esa allaqanday sharpalar bilan so‘zlashadi. Menga nuqul marhuma rafiqasining tirik ekanini, hozirda Richmondda yashayotganini uqtirmoqchi bo‘ladi. Asabiy tutqanoq boshlanganda esa, qo‘rqinchli asar qahramonlarining nomini aytib qichqiradi, qo‘rquv to‘la ko‘zlari bilan atrofni sinchiklab, kimlardandir yashirinishga urinadi... Biroz sokinlashgach esa «Men gunohkor bandangni O‘zing kechir, Xudoyim!» deya yig‘lashga tushadi... » (Gleb Yeliseyev, «Poet koshmara i ujasa». Moskva, 2014).

Inson ruhiyatini bu qadar izdan chiqaruvchi mistik adabiyotni ommalashtirishdan, xalqlarning milliy adabiyotiga suqishtirish orqali uning umrini uzaytirishdan (jumladan, qo‘rqinchli filmlar yaratuvchi butun boshli sanoatni barpo etishdan) ko‘zlangan asosiy maqsad nima edi?

Aniqlanishicha, mistika paydo qilgan qo‘rquv vaqtida markaziy asab tizimi falajlanadi. Kishi ma’lum muddat jo‘yali fikrlash va qaror qabul qilish ne’matidan mahrum qoladi. Muttasil qo‘rquv va noaniqliklardan hadiksirash, kuchli ruhiy zo‘riqish kishida tobelik hissini kuchaytiradi va har qanday buyruqni beixtiyor bajaradi, har qanday axborotni tahlil qilib o‘tirmay, miyasiga singdiradi, aytish joiz bo‘lsa, o‘ziga xos zombiga aylanadi. Psixik va axborot xurujlari yordamida millatlarni mahv etish avj olgan ayni zamonamizda mistikaning bu vayronkor kuchi g‘arazgo‘y taraflar uchun ayni muddao.

Fors ko‘rfazidagi urushdan so‘ng, 1991 yilda uchinchi taraf tomonidan dunyo bo‘ylab psixologik urushni avj oldirish maqsadi bilan bir necha o‘nlab maxfiy loyihalar yaratilgan edi. Dunyoda mistik adabiyotni kengroq yoyish ana o‘sha loyihalardan birining tarkibiy qismi bo‘lib, loyiha uchun nemis generali Karl Fon Klauzevitsning (1780-1831) mashhur nutqidagi: «Xalqlarni ruhan mahv etish, ularda qo‘rquv va tobelikni, fikrsizlikni shakllantirish uchun mistik adabiyotdan yaxshi yordamchi yo‘q», degan fikrlari asos qilib olingan edi («Ponyatiye psixologicheskoy voyni», 1-chast. Moskva, 2010).

Kitob do‘konlarimizda, kutubxonalarda muqovasidagi qo‘rqinchli suratlari va nomlanishining o‘zi bilanoq yurakni uvishtirib, kishida yoqimsiz hissiyot paydo qiladigan o‘zbek Polarining mistik kitoblari oz emas. Kitob do‘konlariga, kutubxonalarga asosan yoshlar va bolalar kiradilar. Chunki juda ko‘p oilalarda kitob o‘qishga targ‘ib va rag‘bat kuchli. Bola mistik kitoblar muqovasidagi dahshatli nom va suratlardan dastlab qo‘rqishi mumkin, keyin esa qiziqish paydo bo‘ladi, o‘zi o‘qigan kitobini albatta o‘rtoqlari orasida maqtab targ‘ib qiladi (inson psixologiyasida o‘zi egalik qilayotgan narsaning yomon tomonlarini ko‘rsatmasdan, maqtash odati mavjud). Bu o‘ziga xos reklama sabab, o‘shanday kitoblar ommalashadi. Yozguvchi esa bundan moddiy-ma’naviy dastak oladi va yangi-yangi «dahshatli asar»lar yozishga ilhomlanadi. Lekin mistikaning otasi hisoblanadigan G‘arbda ham kutubxonalarda voyaga yetmaganlarga mistik asarlar o‘qish uchun berilmaydi, kitob do‘konlarida sotilmaydi (xuddi voyaga yetmaganlarga tamaki va spirtli mahsulotlar sotish taqiqlangani kabi).

PSIXOLOGIK URUSh «NIZOMI»DA ADABIYoT AHLI

O‘quvchiga ma’naviy zarar beradigan kitoblarni o‘qimay qo‘yish bilan bu muammoni hal etish, undan qutulish mumkin emas. Kimlardir tan olmaydigan o‘sha kitob boshqa kimlarningdir kitob javonidan o‘rin olishi aniq. Odatda oziq-ovqatlar-u, dori vositalarini sotib olishda hamma tomonini sinchiklab e’tiborga oladigan kishilar ham, kitob tanlashda beparvo bo‘ladilar. Adabiyotning ruhiyat va didga o‘tkazadigan ta’siri va oqibatlari kamdan-kam kishini o‘ylantiradi. Shu o‘rinda, meni ortiqcha vahima ko‘tarishda ayblamasliklari yoki yangicha adabiyotni tushunmaydigan odamga chiqarib qo‘ymasliklari uchun aytmoqchimanki, dunyoda psixologik urushni avj oldirayotganlar adabiyotni buzish orqali katta sarhadlarni mahv etish va xalqlarni osongina boshqarish mumkinligini tajribadan biladilar. Ular tomonidan «psixologik urush nizomini yaratgan faylasuf» sifatida tan olingan, VI asrda qadimgi Xitoyda yashagan harbiy sarkarda Sun Szining ko‘rsatmalari orasida shunday qismlar bor:

«- Raqib mamlakatda yashovchilarning milliy an’ana va odatlarini kamsitish yo‘li bilan yo‘qqa chiqaring.

- Yoshlarni qariyalarga qarshi qo‘ying.

- Raqib mamlakat aholisi o‘rtasida ma’nosiz qo‘shiq va jazavali musiqaga rag‘batni yoying.

- Raqib mamlakatda yengiltabiat ayollarning obro‘si oshishi uchun qo‘lingizdan kelgan barcha choralarni qo‘llang.

- Fuqarolar orasida behuda tortishuvlar va to‘qnashuvlarga sabab bo‘luvchi muammolar yaratib beradigan odamlarni o‘sha xalq orasidan toping va ularning faoliyati uchun mablag‘ni ayamang.

- Yoshlarni xudbinlikka, manmanlikka o‘rgating.

- Keksalarda sarxush etuvchi ichimliklarga mayl uyg‘oting...

...Va bu yo‘lda o‘zingizga mamlakat ichkarisidagi adabiyot ahlidan hamkorlar tanlang. Aysh-ishratni - hayot ma’nosi, zo‘ravonlikni – hukmronlik, isyonni – qahramonlik sifatida ko‘rsatadigan asarlar yozdirish va u qo‘lyozmalarni ommaga yoyish ishlarida qo‘li ochiq bo‘ling; rag‘batlantirishda, takliflarda, va’dalarda sustkashlik va qizg‘anchiqlik qilmang. Chunki natija siz kutganingizdan ham ziyoda bo‘ladi...» («Texnologii psixologicheskoy voyni». Moskva, 1997).

Vaziyatning asl yuzi shunday ekan, demak, bugungi kun kitobxoni qay bir «yangi adabiyot»ni qo‘liga olgan vaqtida «Bu kitobni o‘qish menga qanchalik zarur?», «Bu kitob mening ruhiyatimga salbiy ta’sir qilmaydimi?», «Bu kitob meni mutolaadan sovutmaydimi?», «Bu kitob mening farzandlarim uchun xavfli emasmi?», deya o‘ziga savol berish majburiyatidadir.

Ma’naviyat – bu o‘zlik. Demak, ma’naviyatni qo‘riqlash ham vatanni qo‘riqlashdek farz.

Yurtimizning xalq ma’naviyatini yuksaltirishga katta hissa qo‘shayotgan nodir yozuvchi va shoirlari bor. Ularning asarlari navbatda turib sotib olinyapti, qo‘lma-qo‘l qilib o‘qilyapti, «odamlar bundan buyon kitob o‘qimaydi» degan fikrlarning asossiz ekanini isbotlayapti. Asl asarlar bo‘lsa, xalqimiz o‘qiydi. Faqat, kitobxon xalqimizga munosib ijodkorlar ko‘payishi kerak.

Axloqsizlikning hamma ko‘rinishlarini, zo‘ravonlik va qo‘rquv texnologiyasini ijodga olib kirishga va bu orqali shuhrat va pul topishga urinayotganlarga esa aytadigan so‘zimiz shu: ADABIYoTimizdan qo‘lingizni torting!

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан