Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Asosiy instinkt”
17.12.2019 15:38,  
1057

Saylovchilar boshiga “qovunlar” yog‘ilib ketishi sababi nimada? Partiyalar nima deyotganlarini anglamaydilarmi?

Yo‘q, bu tajribasizlikdan emas, siyosiy ko‘rlik yoki omma oldida nutq no‘noqligidan ham emas. Bu shunday “o‘zimizga xos va mos” saylovoldi populizmi va demagogiya turidir. Odatda ommaga yoqadigan noreal va’dalar berish — populizm, odamlar hissiyotlari bilan o‘ynaydigan soxta xalqparvarlikni namoyon qilish — demagogiya deb ataladi. Bunda asosiy maqsad saylovchi ovozini qozonish bo‘ladi.

O‘zbekiston partiyalari ham parlament o‘rinlari uchun xuddi shunday populistik demagogiya uslublarini qo‘llaydilar. Ammo bunda xalq e’tibori unchalik qiziqmas. Zero, siyosatchilarimiz ongi tubida xalq umuman hokimiyat manbai bo‘lmagan. Gapning po‘stkallasini aytsak, “xalq rosmanasiga biron narsani xal qilmaydi” degan intuitiv ishonch bor: “Ovozlar soni muhim, lekin yakuniy qarorni “tepadagilar” chiqaradi”. Bu – hokimiyatni istash talvasasi bilan kelib chiqadigan maxsus “asosiy instinkt” ko‘rinishidir.

Mazkur irsiyatning mantiqiga binoan, hokimiyatga yo‘l quyidan ko‘tariladigan zinapoya emas, u hamisha tepadan uzatilgan arqondir. Deputatlik xalq vakilligi mandati emas, u yuqoridan tushgan sirli ishonch soyasidir. Boshga shu soya tushganini boshqaruv kadrlar nomenklaturasiga kiritilgandan bilsa bo‘ladi. Muhimi – fursat bo‘lishi bilan yalt-yalt etib qo‘yish.

Oliy zotlar e’tibori uchun kurash beayovdir, u terto‘kar zo‘riqishni talab qiladi. Yaxshiyamki, saylov poygasi bor. Unda axborot mavjlariga minib “ishq manbasiga” qarata kerakli signallarni taratish mumkin. Eng asosiysi – qora xalqning malomatlariga e’tibor bermay, ko‘zni chirt yumib (yoki ko‘zni lo‘q qilib) “kattalar” iltifotini qozonadigan ajobtovur g‘oyalarni purkash:

“Propiska” muammosi?! Nima, poytaxt bedarvozami?! Albatta migrant o‘z viloyatidagi melisaning uchyotiga turib, qo‘lida pattasi bilan kelib ko‘rsin. Balki kiritarmiz. Odamlarga 2.5 million so‘m ochdan o‘lmaslik uchun yetadi. Muhimi – gazni kamroq yoqib, go‘shtni ozroq yeyish kerak. Mehnat muhojirlari betarbiyalik bilan turli muammolar tug‘dirmoqdalar. Hamma ayb ko‘payib ketganimizdan. Aldab nima qilamiz, hammaga ish joylari yetmaydi. Borsin, ana, chetda ish ko‘p. Ijtimoiy himoya umuman ortiqcha narsa! Nafaqa odamlarni dangasa qilib tashlayapti! Ekologiya ekologiya bilan, ammo, AES bizga kerak, chunki boshqa yo‘lni hech kim bilmaydi. Sibir suvlarini haydab kelish orqali Orol muammosini hal qilib tashlasa bo‘ladi. Hokimlarimiz yomonligiga sabab siyosat emas, balki maktabimizda ma’naviyat darslari yetishmasligidir. Shuning uchun maktab formasini majburan kiritish tarafdorimiz!”

Bunday bayonotlar oddiy aholiga hush kelmasligi tabiiydir. Chunki ular saylovchi ovozini olish uchun emas, balki baland tabaqalarga yoqib qolish yoki avvalgi “nojo‘ya” gaplarni silliqlash uchun aytilgan. Bu, ayniqsa, ertaga kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan “ma’muriy qo‘llov”ni qozonishga qaratilgan instinktiv urinish xolos.

Men saylov tizimi shunchalik rasvo demoqchi emasman, buni vaqt ko‘rsatadi. Rahbariyat e’tiboriga qaratilgan kvazi-populizm va kvazi-demagogiya haqiqatdan ham nomzodlar foydasiga ish berib qolishiga ishonmayman. Ularning o‘zlari ham tafakkur qilib ko‘rsalar, bunga ishonmasalar kerak. “Vizantiya” demagogiyasi xujjatlarda bitilmagan, ochiq majlislarda buyurilmagan, minbarlardan singdirilmagan o‘ziga xos zehniyatdir. U qadim zamonlardan beri millatimiz vujudida shakllanib qolgan irsiy ko‘nikmalardan biri bo‘lsa kerak.

Umid qilamanki, ijtimoiy munozara faolligi orqali bunday og‘ir genetikaga xolislik bilan baho berilsa va sog‘lom g‘oyalar ustida ishlay boshlansa, asta-sekinlik bilan bu illatlardan jamiyat sog‘ayib ketadi. Zero, bir kosa zaharli suv ustiga tinmay toza suv tomaversa, zahar chiqib ketib, kosada faqat sof, toza ichimlik qoladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан