Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bu yashirin iqtisodni soyadan chiqarishning o‘zbekcha usulimi?
15.10.2020 09:32,  
1538
Yashirin iqtisodni soyadan chiqarish maqsad qilingan yangi farmon loyihasi e’lon qilindi
 
Unda bir nechta foydali takliflar bor. Masalan, jismoniy shaxslarga litsenziya olmasdan taksichilik qilishga ruxsat berish, soliq qo‘mitasidagi xodimlar sonini 1154 nafar shtat birligiga, ya’ni, 10 foizga qisqartirish, riyeltorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslar uchun soliq stavkasini 25 foizdan 13 foizgacha tushirish kabi.
 
Ayni paytda bu loyihada hukumatimizning xalqqa beqiyos "g‘amxo‘rligi" bo‘lgan ba’zi g‘alati takliflar ham bor.
 
Masalan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab har chorakda chetdan olinadigan bojxona to‘lovisiz pochta jo‘natmalari qiymati 1 000 AQSh dollaridan 200 AQSh dollariga tushirilgan. (Farmonning 14-bandi, 3-xatboshisi). Ya’ni, endi chetdan shaxsiy foydalanish uchun so‘nggi rusumdagi biron noutbuk, iPhone yoki Samsung telefonini olib keltirmoqchi bo‘lsangiz, avval bojxona to‘lovini to‘lab qo‘yishingiz kerak bo‘ladi.
 
Ayni paytda, Soliq idoralarining Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tuzilib, unga byudjetdan 2020 yilda 100 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi va bu "Markazni jihozlash uchun olib kiriladigan uskunalar, dasturiy ta’minot va moddiy-texnika vositalari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi". (Farmonning 13-bandi, 1- va 3-xatboshisi).
 
G‘alatimi? – G‘alati: xalqqa 1 000 dollarlik bojsiz jo‘natmalar ham ko‘p ko‘rilyapti, davlat organiga esa 10 000 000 (o‘n million) dollargacha bo‘lgan jihozlarni bojsiz olib kirish imkoni berilyapti. Yana bu faqat bitta holatda, xolos (bu kabi qaror va farmonlar anchagina).
 
Shuningdek, ushbu farmon loyihasiga "Real vaqt rejimida idoralararo elektron aloqa orqali soliq organlariga taqdim etiladigan qo‘shimcha ma’lumotlar RO‘YXATI" ham ilova qilingan bo‘lib, 4-bandda "Soliq organlarining avtomatik elektron so‘rovlari asosida yuridik va jismoniy shaxslarning omonatlari, kreditlari va bank hisob raqamlaridagi pul aylanmalari to‘g‘risida ma’lumot" berish kerakligi ko‘rsatilgan. Ya’ni, endi bank kartangizni soliqchilar nazorat qilishi mumkin bo‘ladi.
 
Kun.Uz'ga ko‘ra, bu soliq organlariga plastik kartochkalardagi mablag‘lar aylanmalari harakati (kuniga 5 million so‘mdan va (yoki) 10 ta tranzaksiyadan ortiq), shuningdek, har oyning boshidagi mablag‘lar qoldig‘i to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilishni majburiy qilishi mumkin
 
Ya’ni, kimning plastik kartasida kuniga shuncha miqdorda pul aylansa yoki tranzaksiya o‘tsa, keyingi oy boshida soliqchilar o‘sha shaxsga sim qoqib, "Marhamat qilib soliqni to‘lab qo‘ying", deydi. Chunki hamma ma’lumot ularning qo‘lida turibdi-da. Bu yerda bank siri ochiq-oshkor buzilayotgani, mijozning shaxsiy ma’lumotlari qonunga zid ravishda soliq organlariga berilayotgani shubhasiz. (Konstitutsiyaning 36-moddasi).
 
Savol tug‘iladi: o‘zi qaysi jismoniy shaxsning plastik kartasida kuniga 5 million so‘m aylanadi yoki 10 ta tranzaksiya o‘tadi? Yoki o‘ta puldor odamning plastik kartasida (chunki eng ko‘p oylik oladigan odamning kartasida ham buncha miqdordagi pul bir oyda bir marta aylanadi), yoki ayni paytda urfga aylangan – xayriya maqsadida pul yig‘ilayotgan plastik kartada.
 
Ya’ni, bu bilan xayriya pullaridan ham soliq olishga harakat qilinyapti. Qonunlar mayli, ammo bunday harakat axloqiy qarashlarga qanchalik mos keladi? O‘zi muayyan ishni bajarishga (davolanish, o‘qishga pul to‘lash kabi) imkoni yo‘q odamga xayriya qilinayotgan bo‘lsa-da, yana undan ham soliq to‘lasa. Yana bir bor g‘alati emasmi?
 
Vaholanki, bizda GoFundMe kabi xayriyalarni muvofiqlashtiruvchi, bu ishlarni davlat organlarining keraksiz aralashuvi va qog‘ozbozligidan xalos qiluvchi platformalarga ham ruxsat berilmagan. "Vaqf" kabi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi xayriya jamg‘armalari esa ortiqcha byurokratiyasi bilan muhtojlarning tinkasini quritadi: bunday joylarga biron kasalidan davolanish uchun pul so‘rab borgan odam ular talab qilgan hujjatlarni yig‘ib topshirgunicha o‘lib keta qoladi.
 
Shunday vaziyatda, yana pandemiya sharoitida farmondagi ayni bandlar, takliflar o‘rinsiz bo‘lib, xalq manfaati uchun ulardan voz kechish kerak.
 
Yana bir gap: yuqoridagi farmon loyihasi "normativ-huquqiy hujjatlar platformasi"ga muhokama uchun qo‘yilgan. Fikr bildirganlar ayni takliflarni qat’iy rad etgan (bir nechtasini misol tariqasida keltirdim).
 
 
Modomiki, loyiha muhokama uchun qo‘yilgan bo‘lsa, unda bildirilgan e’tirozlarni hisobga olib, uni o‘zgartirish kerak. Aks holda, bunday "muhokama" hurmatli bosh vazirimiz Abdulla Aripov aytganidek populizm bo‘lib qoladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан