Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Cho‘chqa va qo‘y gibrididan yaratilgan qo‘y go‘shti O‘zbekistonga keldi degan xabarlar rostmi?
12.11.2019 10:56,  
10402

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqdagi bir guruhda tanishim bir videoni tashlab mutaxassis sifatida fikrimni so‘radi. Qisqagina videoda qanaqadir yarmarkaga olib chiqilgan Belteks qo‘y zoti ko‘rsatilgan, video ortida gapirayotgan kishi esa “bu qanaqa qo‘y bo‘ldi, qo‘y bilan cho‘chqani chatishtirib yaratilganmi” qabilida gap aytgan.

Videoga esa “Diqqat!!! Xitoy cho‘chqa va qo‘yning chatishtirishidan yaratilgan, geni o‘zgartirilgan qo‘y go‘shtini Markaziy Osiyo uchun tayyorlamoqda. Bunday go‘shtni yeyish xavfli, u odam genini buzadi. Ushbu go‘shtlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kolbasa sexlariga yuborilmoqda” degan izoh biriktirilgan edi.

Men o‘sha yerda bu gapning asossizligini, bu qo‘yning hech qanaqa cho‘chqaga, qolaversa Xitoyga aloqasi yo‘qligini aytdim. Do‘stim bu qo‘y qanday yaratilgan deb savol berdi, men unga “qo‘y bilan qo‘yni chatishtirib yaratilgan” dedim. Ushbu suhbatni sof.uz jurnalisti olib xabar tayyorladi va saytda chop etdi.

Xabar matniga bir video biriktirilgan bo‘lib, qisqa qilib aytganda video biroz noprofessional tarzda tayyorlangan, uni ko‘rgan odam agar yaxshilab e’tibor qilmasa cho‘chqa va qo‘yning chatishtirilishidan yaratilgan qo‘y go‘shti bizga kirib kelayapti ekan degan xulosaga borishi mumkin. Video oxirida mening bir gapim ham keltirilgan. Mana shundan keyin turli ijtimoiy tarmoqlarda menga ushbu videoni yuborib izoh so‘raydiganlar soni orta boshladi. Ushbu maqolada masalaga batafsil javob bermoqchiman.

Biz biladigan qo‘ylar fanda xonaki qo‘y deb atalib, uning ilmiy nomi Ovis aries. Ushbu qo‘y turi yovvoyi qo‘ylar – muflonlardan kelib chiqqan. Hozirgi kunda dunyoda qo‘ylarning 1000 dan ortiq zoti mavjud. Qo‘ylar go‘sht, sut, jun, tivit, po‘stinbop kabi yo‘nalishlarda yetishtiriladi. Yaxshiroq tushunishingiz uchun misollar keltiraman. Mana O‘zbekistonda hisori qo‘ylar juda mashhur, ular aynan go‘sht yo‘nalishidagi qo‘ylar hisoblanadi. Har bitta hisori qo‘y 80-100 kg go‘sht beradi, dumbasining og‘irligi 25 kg gacha boradi. Mashhur qorako‘l qo‘ylari esa aynan mayin tivit junli teri uchun yetishtiriladi. Ushbu qo‘y terisidan tikilgan telpak va boshqa kiyimlarning naqadar qimmatligini bilsangiz kerak.

Belteks ham xuddi mana shunday oddiy qo‘y zoti. U 1989 yilda Buyuk Britaniyada yaratilgan. Belgiya tekstil qo‘y zotidan yaratilgani uchun ushbu so‘zlarning birinchi bo‘g‘inlarini o‘zaro qo‘shib “belteks” deb nom berishgan. Belteks aynan go‘sht yo‘nalishidagi qo‘y zoti hisoblanadi. U Britaniyada mahalliy qo‘y zotlari bilan chatishtirish natijasida yaratilgan. Bu qo‘yning cho‘chqaga hech qanday aloqasi yo‘q, xuddi shunday Xitoyga ham. Internetda Belteks qo‘y zoti jamiyati degan katta bir sayt bor, u yerda ushbu qo‘y zoti haqida barcha ma’lumotlar berilgan, qolaversa facebookda ham ayni shu jamiyatning sahifasi bor, u yerda ham bemalol Belteks qo‘ylari haqidagi videolarni ko‘rishingiz mumkin (yuqoridagi surat muallifi: Beltex New Zealand).

Shu o‘rinda biolog mutaxassis sifatida bir narsaga izoh berib ketmoqchiman. Biror bir hayvon turi bilan ikkinchi bir boshqa hayvon turini chatishtirib oraliq duragay tur olinmaydi. Bu fan uchun ham nihoyatda qiyin va olingan taqdirda ham u nasl bermaydi. Genetikaning fundamental qonunlari bunga yo‘l bermaydi. Shu bois turli hayvonlarni chatishtirib olingan organizm deganga o‘xshagan xabarlarga duch kelsangiz, biling-ki bu yuqori ehtimollik bilan yolg‘on. Bunday xabarlarga aldanib qolmang, ma’lumotlarni tekshiring yoki eng kamida mutaxassislar fikrini so‘rang.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан