Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Dengiz sathidan 3500 metr: Arashan ko‘llariga sayohat
10.07.2020 19:40,  
1993

Har safar Qamchiq dovonidan o‘tarkanman, vodiydan kelganda yo‘ldagi masjidga yetmasdan qator tizilib turgan Nivalarni ko‘rib, shu tomonda qiziqroq joylar bo‘lsa kerak deb xayol qilardim. Davlat ekologiya qo‘mitasi Arashan ko‘llariga media-turga taklif qilgandan keyin o‘sha go‘zal tabiat go‘shasiga yo‘l shu yerdan boshlanishini bilib oldim.

Chotqol tizmalarida, dengiz sathidan 2700-3400 metr balandlikda joylashgan Arashan ko‘llarini zabt etish oson emas. Lekin ushbu go‘zallikni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingizdan so‘ng, O‘zbekistonda bu yerni albatta ko‘rish kerak ekan degan xayolga kelishingiz aniq.

Davlat ekologiya qo‘mitasi BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikdagi “Biologik xilma-xillikning global turlari uchun muhim bo‘lgan asosiy tog‘ hududlarida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” loyihasi doirasida 2020 yil 9 iyul kuni Namangan viloyati hududida joylashgan Arashan ko‘llar tizimiga media-tur tashkil etdi.

Toshkentdan saxar soat 5:00 da yo‘lga chiqdik. Vodiyga ketadigan A373 yo‘li bo‘ylab, 132 kilometr yurilsa, Qamchiq dovonidagi yo‘l bo‘yidagi masjiddan o‘tib, chap tarafda Ertosh qishlog‘i keladi. Qishloqqa kirish joyida FVV bo‘limi va harbiy qism mavjud. Shu yerdan 4x4 Nivalar sizni tog‘ yo‘li bo‘ylab manzilga yetkazadi.

Shu yerdan Nivalarga o‘tirib, Chotqol tog‘ tizmasiga ko‘tarilishni boshladik. Oldinda bizni 56 kilometrlik notekis tog‘ yo‘li kutmoqda.

Ertosh qishlog‘ilik mahalliy haydovchining aytishicha, qishloqdan ko‘llargacha bir mashina 450 000 - 500 000 so‘m evaziga sizni olib borib, kechgacha o‘sha yerda kutib, qaytib olib tushib qo‘yadi. Bir mashinada o‘rtacha 3 kishi o‘tirsa, bir kishiga borish-kelish taxminan 150 000 so‘mdan tushadi. Bu yil karantin bo‘lgani uchun keluvchilar kam bo‘libdi.

Ertosh qishlog‘i so‘nggi yillarda vodiydan kelib dam oluvchilar uchun sevimli maskan bo‘lib qolgan. Soy bo‘yidagi daraxtzorlar orasidagi so‘lim qishloq yozda mehmonlar bilan gavjum bo‘ladi. “O‘tgan yili vodiydan juda ko‘p mehmon keldi. Qishlog‘imizda 400 oila yashaydi. Deyarli hamma o‘z uyiga mehmon qo‘ydi. Bu yil karantin bo‘lgani uchun qishloq oqsoqoli bilan maslahatlashib, uyga mehmon qo‘ymaslikka qaror qildik”, deydi haydovchimiz. Yotoq, so‘ri, ovqat qilish uchun va mashina qo‘yish uchun joyni o‘z ichiga olgan bu xizmat uchun kuniga kishi boshidan 15000 so‘mdan olisharkan (bolalardan olinmaydi).

Ertosh qishlog‘iga kirmasdan chap tomonga yurilsa, tog‘ yo‘li bo‘ylab Arashanga boriladi. Tog‘ yo‘lining injiqligi sabab ko‘llargacha 56 kilometrlik masofa 3,5-4 soatda bosib o‘tiladi.

Tog‘ yo‘lining manzarasi bahri dilingizni ochadi. Yoz o‘rtasi bo‘lishiga qaramay atrof ko‘m-ko‘k, chechaklar ochilgan. Bu yerga bahor-yoz mavsumida asalarichi va cho‘ponlar kelib, o‘tov (palatka) tikib chorvalarini boqisharkan. “Dang‘aradan keldim. 100 bosh qo‘y, 30 mol va 10 bosh otim bor. Bu yerlarda o‘t yaxshi bo‘ladi. Avgustning oxiriga uyna qaytamiz”, deydi chorvadorlardan biri.

Tog‘ hayvonlarga ham boy. Yo‘l bo‘yi turli qushlar navosidan bahramand bo‘lasiz. Atrofda  ko‘kimtir yumronqoziq yugurib yuradi. Osmonda esa uning kushandasi burgut mag‘rur qanot qoqadi. Cho‘ponlarning aytishicha, ba’zida kechasi tog‘dan bo‘ri tushib, qo‘ylarga hujum qilib turarkan. Chorvadorlar shuning uchun ham doim bo‘ribosar itlar saqlaydilar. Tog‘ning yuqori qismida ayiq va kiyiklarni ham ko‘rishibdi.

Arashan ko‘llariga yetmasdan dengiz sathidan 2800 metr balandlikda oltingugurt-vodorodli geotermal buloq mavjud bo‘lib, suvining harorati yil bo‘yi 36.7 gradus bo‘ladi. Bu yerga tashrif buyuruvchi mahalliy ziyoratchilarning aksariyati shu buloqda cho‘milish uchun asosan vodiy viloyatlaridan keladi. Buloq atrofida 7-8 tacha palatkani ko‘rdim. Aytishlaricha, buloqning suvi teri va oshqozon-ichak kasalliklari uchun davo ekan.

Buloq yoqasida 2x4 metrlik ikkita hovuz mavjud. Hovuz chuqurligi 60 sm. Buloqdan suv chiqib, hovuz suvi doimiy yangilanib turadi.

Buloqdan yuqoriroqda tog‘ echkisi shoxi bilan bezatilgan tosh qabr mavjud bo‘lib, so‘fiy Arashan boboning  mozori deya talqin qilinadi. Lekin tarixda Arashan bobo deb nomlangan so‘fiy o‘tgani haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Qirg‘izistonning Chuy viloyati, Alamudin tumanida, Bishkek shahri janubida ham Arashan deb nomlangan qishloq bor. Darvoqe, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev shu qishloqda tug‘ilgan. Talas viloyatida ham Arashan nomli qishloq mavjud.

Shuningdek, biz ketayotgan Pop tumanidagi Arashandan 1000 kilometr uzoqlikda, Issiqko‘lning sharqiy qirg‘og‘idan 28 km, Qirg‘izistonning Karakol shahridan 10 kilometr sharqda Altin Arashan (Oltin buloq) daryosi va darasi bor. Qiziq jihati bu yerda ham dengiz sathidan 2600 metr balandlikda issiq buloqlar mavjud. Oltingugurt-vodorodli buloqning doimiy harorati 41 S ni tashkil etadi. Popdagidan farqli o‘laroq, bu yerda kurort tashkil etilgan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, turkolog-professor Konstantin Yudaxinning (1890-1975) yozilishicha, “Arashan” so‘zi sanskrit tilidan uyg‘urchaga o‘zlashib, “shifobaxsh buloq, qaynar buloq” ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, “arashanlash” qirg‘izchada qaynatish ma’nosida ham ishlatilarkan. Demak, O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi Arashanlarning ma’nosi issiq buloq bilan aloqadordir.

Issiq buloqdan 500 metrcha naridan Arashan ko‘llar tizimi boshlanadi. Ular orasida eng kichigi — Xo‘ja Arashan. Bu ko‘l issiq mavsum boshlanishi bilan quriy boshlaydi. Hozirda suvi bor. Cho‘ponlardan biri ko‘l sohiliga 100 boshcha qo‘yini olib kelibdi.

Arashan ko‘llar tizimiga 6 ta ko‘l kiradi: Arashan (Uzunko‘l), Xo‘ja Arashan, Kichik Arashan, Yuqori Arashan va ikkita muzli ko‘l. Ularning barchasi daryo tipidagi yuqori tog‘li ko‘llar bo‘lib, 2774 metrdan 3365 metr balandlikkacha joylashgan.

Xo‘ja Arashanning qarshisida, dengiz sathidan 2770 metr balandlikda Arashan (Katta Arashan) ko‘li joylashgan. Ko‘lning uzunligi 1 kilometrga yetadi, eng keng joyi 250 metr. Mashinamiz ko‘lning sayoz joyidan narigi qirg‘oqqa olib o‘tdi. Bu yer mashinalar kela oladigan so‘nggi manzil ekan.

Ko‘lning ro‘parasida katta shag‘al uyumi bor. Oppoq qum-shag‘allardan tashkil topgan uyumni ilk ko‘rishda muz deb o‘ylabman. U ulkan sel yoki qor ko‘chishi natijasida hosil bo‘lgan.

Ko‘l vodiysi juda bahavo, doim mayin shabada esib turadi. Ko‘m-ko‘k o‘tloqda hali qori erimagan tog‘lar va Chotqol vodiysiga qarab ko‘nglingiz yorishadi.

Shu yerdan yuqoriga ozroq chiqilsa, dengiz sathidan 2880 metr balandlikdagi Kichik Arashan ko‘liga boriladi. Ko‘l to‘g‘ri to‘rtburchak shaklga ega — xuddi odamlar ataylab tekislab chiqqanga o‘xshaydi.

Kichik Arashandan o‘nglab yursangiz qarshingizda baland cho‘qqi va ko‘m-ko‘k o‘tloq chiqadi. Kichik daryo ham bor. Tog‘dagi muz suvlari erib, toshlar orasidan filtrlanib chiqqani uchun daryo suvi juda shaffof. Ichib maza qilasiz. Lekin juda muzday, 15 sekunddan ortib tutib turish qiyin.

So‘qmoq bo‘ylab biroz tepaga yursangiz, Yuqori Arashanga yetasiz.  Dengiz sathidan 2795 metr balandda joylashgan ushbu ko‘lning hajmi pastdagi Katta Arashan bilan deyarli teng.

Shu yerda gidimiz bilan ajrashdik. Gid Yuqoridagi muzli ko‘lga qanday yetib borishimizni tushuntirdi: “shu baland tog‘dan oshsangiz, bir tepalik keladi, ko‘l shuning orqasida. Borishga 1,5-2 soat ketadi”, dedi.

Zavq-shavq bilan muzliklar orasidagi ko‘l tomon ko‘tarila boshladik. Qarshimizdagi tog‘ shag‘alli bo‘lgani uchun chiqish xavfli. Aylanib o‘tishga qaror qildik. Tog‘ning u tarafi juda go‘zal. Alp o‘tloqlari bo‘ylab, asta ko‘tarila boshladik. Gid aytgan tog‘ning tepasiga ham yetib keldik. Bu yerdan 4 ta ko‘l: Xo‘ja Arashan, Arashan (Uzunko‘l), Kichik Arashan, Yuqori Arashan ko‘llari kaftdek namoyon bo‘ladi. Chotqol vodiysi kengliklari bilan go‘zal manzaraga guvoh bo‘lasiz. Tog‘ cho‘qqisi yaqinidagi muzli ko‘llargacha borolmasangiz ham, albatta, shu yerga chiqing. Bu manzara uzoq yillar ko‘z o‘ngingizdan ketmaydi.

Gidimiz tepalik degani cho‘qqining bir qismi ekan. Tikka tog‘ toshlari orasidan amallab nisbatan nishab yo‘lga tushib oldik. Oldimizda tog‘ cho‘qqisi turibdi. Yo‘ldagi qorlar hali erimabdi. Nihoyat cho‘qqiga chiqdimu, barcha charchoqlarim arib ketdi. Qo‘limdagi aqlli soat dengiz sathidan 3500 metr balandlikni ko‘rsatmoqda. Shabada. Harorat 10 daraja atrofida. Qor nafasi dimog‘ingizga uriladi.

Cho‘qqidan pastroqda, 3365 metr balandlikda ikkita muzli ko‘l qo‘zingizni qamashtiradi. Ko‘lning o‘ng tarafidagi muzlik hali erimagan. Ko‘lning yarmi hali ham muz bilan qoplangan.

Yaratganning go‘zal yaratiqlari qarshisida lol bo‘lib, ancha turib qoldim... Dunyo keng, dunyo go‘zal. Yana bir san’atini ko‘rsatganiga shukr!

* * *

Toshkentga qaytarkanmiz, yo‘lning vodiyga ketadigan tarafi to poytaxtgacha tirband ekanini ko‘rdik. Vodiyliklar Toshkentdan chiqib ketmoqda. Darvoqe, 10 iyuldan yana 20 kunlik kuchaytirilgan karantin. O‘zingizni asrang!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан