Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Donald Tramp portretiga chizgilar
7.11.2020 22:11,  
1592

Trampdan 2016 yilda raqibi Xillari Klinton haqida biron ijobiy fikr aytishni so‘rashganda u: “Men Xillarining hech qachon taslim bo‘lmaydigan, oxirigacha kurashadigan shaxs deb bilaman”, degan edi. Donald shu so‘zi bilan o‘zi uchun eng qadrli xislatni ochib berdi. Bu oxirgacha kurashish, g‘alaba uchun hamma narsani tikish va aslo taslimga rozi bo‘lmaslik. Uningcha g‘alaba har qanday vosita va qiymatni oqlaydi. Kurash Trampning hayot mazmuni va xarakteri. G‘oliblikning uning ustuvor manfaatidir.

“Tramp ko‘p yolg‘on so‘zlashni yaxshi ko‘radi”, deyishadi. Bu unchalik to‘g‘rimas. Tramp uchun haqiqat va yolg‘on o‘zining manfaatiga mos kelish-kelmasligi bilan o‘lchanadi. Aytayotgan gapi maqsadga muvofiqmi, demak bu rost gap, aksi bo‘lsa – yolg‘on. Matbuot Trampning zarariga axborot beryaptimi, demak u avtomatik ravishda feyk – yolg‘on. Trampning himoyasiga xabar chiqsa tekshirmay uni haqiqatligi darhol e’tirof etadi.

Har bir individning oliy haqiqati uning g‘oliblik, boylik, hokimiyat eng birlamchi hayot mazmunidan kelib chiqadi, degan falsafa Trampning ichki falsafasidir. Bu shunday dunyoqarash. Tramp boshqalarni haqida ham shunday fikrda. Qandaydir tashqi haqiqatlar, ma’naviyat o‘lchovlari, ezgulik qadriyatlari, odamiylik, vijdoniy xolislik, ob’yektivlik – bularning hammasi zaiflar ommasining o‘ylab topgan safsatasidir, bu safsata ular uchun Trampga o‘xshagan iroda va kuch sohiblari bo‘lmish zotlarni bo‘g‘ish, o‘z foydalariga aldov bilan ishlatish uchun kerak. Yuksak iroda, kuch sohibi bunday safsatalarga aldanmasligi lozim, balki kerak bo‘lganda o‘z foydasiga ishlatishi kerak.

“Saylov natijalarini qabul qilishga va’da beraman. Agar yutsam”, deb e’lon qilgan edi Tramp. Tramp muntazamlikda o‘z hokimiyatini oshirish irodasini ro‘yobga chiqaradi. Bu Nitsshening “oliy inson” haqidagi falsafasiga qaysidir ma’noda yaqin.

Trampning qiliqlari tuturuqsiz va masharabozlikdek ko‘rinishini uning bolalarga xos o‘z istaklariga murosasiz yopishib olganlik bilan tushuntirish mumkin. Shunda uning siyosatida o‘ziga xos mantiq ko‘rina boshlaydi:

– Meksika devorini quraman dedimmi, quraman. Bu yaramas byurokratlar botqog‘i menga to‘sqinlik qilmoqda. Respublikachilar ham demokratlarni shtat va kongressdan haydashiga jonbozlik ko‘rsatishsin, vakolatim oshsin. Shunda va’dalarimning hammasi amalga oshadi. 

– Koronavirus? Ha, bu bir grippdek narsa. Biznes va ishni to‘xtatishga bahona emas. Odamlar o‘lyapti? Ha, bunga Xitoy va JSST aybdor. Sog‘liqni saqlash tizimini rasvo qilgan Obama aybdor. Menga yuqdi? Bir-ikki haftada muolajalarimni qilib, tuzalishni hammangizga ko‘rsataman. Kasal bo‘lishdan manfaatdor emasman. 

– Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya rahbarlari o‘zimizga o‘xshagan ishbilarmon odamlar. Ularning manfaat, istak, qo‘rquvlarini bilsak muzokara orqali kelishib olaveramiz. Inson huquqlari? Demokratiya? Menga safsatalar qiziqmas, Amerika foydasi (mening foydam) nima? shu muhim. Putin – erkak, bir birimizni tushunamiz, qo‘l qisib kelishamiz... Putinga qarshi sanksiyalarini imzoladim. Hech kim meni Putinga sotilgan deya olmasin. 

– Suriya kurdlari himoyaga muhtoj, harbiylarni kiritamiz.... Kurdlar ham farishta emas, harbiylarni olib chiqib ketamiz...

– Eron muammosi? Kim ekan ularda eng o‘zidan ketgani? Sulaymoniy? Bartaraf qil. Qolganlari bilan kelishaveringlar. Ular ham o‘zimizdek tirik odam, korchalon savdogarlar. Salla cho‘poniga aldanmang. Gaplashing. 

– Xitoy? Xitoyliklar o‘zining foydasini ko‘zlab ish tutgan yigitlar. Boplashgan bizni. Endi biz boplaymiz. Zavodlarni Amerikaga qaytarish uchun hamma ishni qilish kerak. Ish joylari xalqim uchun zarur! Qarshilik ko‘rsatyapti? Savdo urushini ochamiz. Xitoyliklar menga yoqadi. Bunda shaxsiy xusumat yo‘q, bu – biznes (ya’ni siyosat)... 

– Arab-Isroil mojarolari? O‘zi shundoq ham maxfiy yarashib olishgan hammasi, shuni ochiqlab rasmiylashtiringlar, bo‘ldi. Falastin xalqiga pul beringlar, ayamanglar, Isroil hisobidan albatta. Kelishsa to‘siqlarni kamaytiringlar. “Musulmon ko‘chasi qarshi”?, ularning boshi kim? Da’vatchilarini tutib qamalaring – tamom. Al-Jazira tinmaydi? Egasi Qatarmi? Blokada qilishsin, o‘ziga keladi. 

– Xalqaro ekologiya bitimlari? Okey. Faqat Amerika hisobidanmas. Topib olishgan sog‘in sigirni. Bundan bu yog‘iga hech kim Amerikaning ustiga minib olishga yo‘l qo‘ymayman.

Amerikani yana buyuk qilaman! 

– Impichment qilisharmish meni... Siyosiy raqibni bartaraf qilish uchun xorijiy yordamni qo‘llash xoinlik emish. Hech qanday xoinlik emas. AQShda mendan boshqasi prezident bo‘lishi mana shu ayni xoinlik!

Tashqi va ichki siyosiy o‘yinlarda doimo Tramp kelishgan narsasiga vafo qiladi. Ammo oldin kelishuv shartlarini maksimal ravishda o‘z foydasiga keltirib oladi.

* * *

Tramp Amerikani o‘ziga xos sevadi. Samimiy sevadi. Xuddi ayolni sevgandek. Bir qarasang Amerika bu uni dunyoga keltirgan, oyoqqa turib yuksalishga imkoniyatlarini qismagan sevikli ona. Bir qarasang, bu qalbini va vujudini Trampga topshirgan olam malikasi – Amerika. 

Amerika millatining kattagina qismi ham Trampga nisbatan muhabbati bor. Tramp bu ishbilarmonlik, mehnatsevar tirishqoqlik timsoli. Tramp ish joylarini qaytaradi. Soliqlarni kamaytiradi. Tekinxo‘rlarga yon bosmaydi. Qattiqqo‘llik bilan politsiya tartibini saqlash tarafdori. Yana nima kerak oddiy odam uchun? 

AQShning hech bir prezidenti bo‘lmaganki o‘zini Asos Solgan Otalarga qiyoslamasa, ularning nutqi, xulqi va g‘oyalardan o‘rnak olishmasa. Tramp ham shunday. Ammo u suyangan Otalarning suratlari Oq Uyda osilmagan, u Otalarning nomlariga maktablar, kutubxonalar ochilmaydi. U – Otalar yovvoyi preriya cho‘llarini ishg‘ol qilgan, avantyurist tilla-toparlar, mulkini qurol bilan qo‘riqlaydigan fermerlar, bor butini fond bozorlarga tikkan tavakkalchilar, hayotini ringda sarf qilgan bokschilar, mehnatkash mexanik, tinmas kommivoyajer, tinchimas makler va quruvchilar, zukko bankirlar... – bir so‘z bilan Amerikaning moddiy qasrini ko‘targan Otalar. Tramp manfaatlari bu g‘oyaviy timsollarga juda mos, ular orqali millionlab vatandoshlarini ergashtira oldi. Trampga ziyoli ma’rifatparvar andozalari butkul begona, omma odami uchun ham intellektuallik g‘ashiga tegadigan bo‘lgan. Oddiylik valyutasining qadri o‘sganini mohir biznesmen Tramp vaqtida angladi va fursatni boy bermay bir necha bor oddiylikni naqdlab oldi. 

Tramp taslim bo‘lmaydi. Ertami kechmi u Oq Uydan ketadi. Kelajakda uni o‘nlab, balki yuzlab sud munozaralari kutmoqda, qanchadan qancha siyosiy va huquqiy xatolar o‘z mevasini bera boshlaydi. Shuningdek Tramp ijtimoiy tarmoqlar qiroliga aylanadi. Yutub va tvitter orqali muntazamlik bilan AQSh davlat tizimi ustidan trolling olib boradi. Konspirologiya virtual olamiga jon deb daholik qiladi, janjalkash va ruhlatiruvchi kitoblarni o‘z nomidan yozdiradi, ketma-ket intervyular tarqatadi, imkoniyat bo‘lishi bilan katta kichik mitinglarda qizil kepkasini kiyib olomonni u yoqdan bu yoqqa tebratadi.

Vaqt o‘tgan sari Tramp taqlidchilari media va siyosiy maydonda paydo bo‘ladi. Ammo Tramp formatidagi prezident Amerikada yana paydo bo‘ladimi yo‘qmi, aytish qiyin. Nima bo‘lganda ham u tarixda o‘chmas izlar qoldira oldi, bu izlar hali ko‘plab ilmiy va ijodiy tadqiqotchisini kutib turibdi. Tramp faollikni davom etarkan, boshqa sobiq prezidentlarga o‘xshab osoyishta hayotni tanlamaydi, chunki tinimsiz kurash va yangi g‘alabalar Trampning hayot mazmuniligicha qoladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан