Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Dunyo qarimoqda: O‘zbekiston nima qilishi kerak?
23.05.2021 22:23,  
1341

Italiyada tug‘ruqxonalar yopilyapti; janubi-sharqiy Xitoyda arvoh shaharlar paydo bo‘lmoqda; Janubiy Koreyada universitetlar talaba topishga qiynalyapti; Germaniyada esa yuz minglab uylar buzilib, o‘rniga parklar qurilgan, deb yozmoqda "New York Times" gazetasi. Chunki aholi soni kamayib bormoqda.

Deyarli barcha davlatlarda o‘sish sekinlashgan. Global demografik o‘zgarishlarni taxmin qiluvchi modellarga ko‘ra, asr o‘rtalariga borib tarixda ilk bor insoniyat soni qisqarishga yuz tutishi mumkin. 2100 yilda esa aholi soni bo‘yicha Nigeriya Xitoydan o‘tib ketadi.

Rivojlangan dunyoda tug‘ish darajasi eng past ko‘rsatkich Janubiy Koreyada. Bu yerda bitta ayolga 0,92 ta bola to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, yuzta ayoldan 92 ta bola qolmoqda. Ularning kamida sakkiztasi umri davomida umuman tug‘mayapti, deyish ham mumkin. Mamlakatda 18 yoshlilar soni 1992 yilda 900 000 ta bo‘lgan; hozir esa 500 000 ta. 30 yil ichida 45 foiz kamayish!

Italiyada ham ahvol og‘ir. Kaprakotta shaharchasida XVIII asrda qurilgan bir ko‘hna bino peshtoqiga "Bolalar bog‘chasi" deb yozib qo‘yilgan; chunki haqiqatda bu yer bir paytlar yosh bolalar maktabi bo‘lgan. Hozir esa undan qariyalar uyi sifatida foydalanishmoqda. 5000 kishi yashagan shaharchada hozir bor-yo‘gi 800 odam istiqomat qiladi; aksariyati keksalar.

Xitoyning qariyb 1,5 milliardlik aholisi asr oxiriga borib 730 millionga tushishi kutilyapti. Xegan shahrida 55 kv. metrlik bir xonali kvartirani $3000 ga sotib olish mumkin. Chunki oladigan odam yo‘q.

Yaponiyada tagliklar (pampers) chaqaloqlardan ko‘ra keksalar uchun ko‘proq sotilmoqda. 

Aholi sonining qisqarishi nega xatarli?

Zamonaviy iqtisodiyotda qisqarish u yoqda tursin, turg‘unlik (bir joyda qotib qolish) ham yaxshi xabar emas. Iqtisodiyot doim kengayib borishi kerak. 

Har doim barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri sifatida yoshlar ko‘riladi. Yosh avlod iqtisodiyotdagi bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirib, iqtisodiyotga yangi iste’molchilar sifatida qo‘shilib, yalpi ichki mahsulot miqdorini muttasil oshirib boradi. Bu drayverning cho‘g‘i pasaysa, salbiy oqibatlari uzoq muddatda juda ayanchli bo‘ladi.

Masalan, mamlakat o‘z resurslarining asosiy qismini ishlamaydigan avlod - keksalarni parvarishlash uchun sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa, agar o‘nglanmasa, borib-borib davlatlarning butunlay tanazzuliga olib borishi mumkin.

O‘zbekiston uchun bu muammo dolzarbmi?

O‘zbekistonda tug‘ilish sur’ati past emas. Aholi demografik jihatdan juda yosh: jami aholining 34 foizini 14 yoshga to‘lmaganlar tashkil etadi. 

Mamlakatda har bir ayolga 2,42 ta bola to‘g‘ri kelmoqda. Bu degani, har 100 ta ayol o‘zidan 242 ta farzand qoldirmoqda. Bu, albatta, yaxshi ko‘rsatkish. Agar bir ayol uchun to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkich 2 dan pastga tushsa, bu biz uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak.

Unutmaylik, farzandni ayol tug‘adi. Bitta ayol ikkita farzand tuqqan taqdirda ham, u aholining ko‘payishiga hissa qo‘shmayapti, balki aholining kamaymasligini ta’minlayapti, xolos. Chunki ikkita farzand ikkita ota-onaning o‘rnini egallaydi, faqat uchinchi farzandgina aholining ko‘payishiga hissa qo‘shishi mumkin. BMT hisobiga ko‘ra, bir ayolga 2,1 ta bola to‘g‘ri kelgandagina aholi o‘sishi yuz beradi. Mamlakatda o‘lim darajasi yuqori bo‘lsa, tug‘ruqlar soni bundan ham baland bo‘lishi kerak.

Iqtisodiyotdagi istalgan muammoga yechim topish mumkin, lekin demografik muammoga, ya’ni keksayayotgan aholini yoshartirish masalasiga yechim topish deyarli imkonsiz.

Xitoyda aholi sonini muvozanatda ushlab turish uchun uzoq yillar oilada bittadan ortiq farzand ko‘rish taqiqlangan edi. Hozir bu siyosatdan voz kechgan, ammo endi kech. Chunki Xitoy aholisi tez keksaymoqda. Yoshlar farzand tug‘ishni xohlamayapti.

Shunday ekan, hukumat aholining ko‘payishini davlat resurslari uchun ortiqcha bosim va xarajat sifatida ko‘rmasligi kerak. Aksincha, bu boylikni asrab-avaylash va yanada ko‘paytirish lozim.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан