Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Hatto Oliy Majlisda ko‘pincha qonun loyihasi rus tilida ishlab chiqiladi — Doniyor G‘aniyev
16.05.2020 14:44,  
1094

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Zaxarovaning munosabati yuzasidan o‘z fikrlarini bayon edi.

Zamonaviy diplomatiya qoidalariga ko‘ra, bir suveren davlatning mansabdor shaxslari yoki rasmiy vakillari boshqa bir suveren davlatning ichki siyosiy-ijtimoiy ishlarida ishtirok etishi hamda OAVlarda bunday masalar yuzasidan munosabat bildirishiga ruxsat berilmaydi. Lekin bu davlatning Ukrainaning cuveren chegaralarini ham hurmat qilmaganini eslasak, uning rasmiy vakili tomonidan diplomatiyaning oddiy etika qoidalariga amal qilinmasligiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

Boshqa tomondan, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi muhokamasiga Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Zaxarovani aralashib, “burun suqqanidan” qaysidir ma’noda xursandman. Chunki, birinchidan, bugungi kungacha til masalasi ko‘pchilik tomonidan ijtimoiy muammo sifatida ko‘rib kelinayotgan bo‘lsa, Zaxarovani bu mavzuga aralashishi ortidan esa davlat tili siyosiy masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Davlat tili davlat suvereniteti ramzlaridan biri ekanligi, uning maqomi, obro‘si va amaliyotda qo‘llanishi muhim ekanligini ko‘pchilik tushunib yetmoqda. Shundan kelib chiqib, parlament ham, hukumat ham o‘z siyosiy irodasini “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini tezlik bilan qabul qilib, uning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bilan namoyon etishi kerak. 

Ikkinchidan, qonun loyihasida nazarda tutilgan o‘zgarishlarga qo‘shimcha tarzda, nafaqat O‘zbekiston Respublikasida barcha normativ huquqiy xujjatlarni o‘zbek tilida qabul qilinishi, balki davlat boshqaruvi ishlarida vazirlik, idora va tashkilotlar orasida barcha hujjatlar almashinuvi (jumladan xatlar, ichki nizom, buyruq va bayonlar) davlat tilida amalga oshirilishi belgilanishi lozim. Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartirishlar kiritish oraqli mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha yuridik shaxslar tomonidan tarqatiladigan reklama e’lonlari agar davlat tilidan boshqa tilda tayyorlanadigan bo‘lsa, reklamaning davlat tilidagi varianti ham teng miqdorda tayyorlanib, tarqatilishi talab qilinishi lozim. 

Uchinchidan, qonun va normativ hujjat loyihalarini dastlab rus tilida tayyorlab, keyin o‘zbek tiliga o‘girish amaliyotidan voz kechish kerak. O‘zim amaliyotda guvoh bo‘lganim, Parlamentda ko‘pincha qonun loyihasi rus tilida ishlab chiqilib, muhokama qilinadi. Holbuki muhokamada qatnashayotgan 10 deputatning 5 tasi rus tilini mukammal (qonun ishlab chiqish darajasida) bilmaydi, 2 tasi esa rus tilini deyarli bilmaydi. Lekin muhokamada ishtirok etayotgan 2-3 deputatga rus tilida ishlash qulay bo‘lgani uchun rus tilidagi variant ustida ishlashga majbur bo‘linadi. Natijada qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida rus tilini yaxshi bilmaydigan deputatlar faol ishtirok eta olmaydi. Qolaversa, qonun loyihasi dastlab rus tilida tayyorlanib, so‘ngra davlat tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinishi hisobiga qonuning o‘zbek tilidagi variantidagi ba’zi so‘zlar, jumlalar yoki atamalar uslub jihatdan g‘aliz bo‘lib qolish holatlari amaliyotda ko‘p uchraydi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан