Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Hech kim farishta emas
5.11.2020 02:10,  
1368

“Agar odamlar farishta bo‘lganlarida davlat boshqaruvining keragi bo‘lmas edi. Agar boshqaruvdagilar farishta bo‘lganida ular ustida tashqi va ichki nazoratga zarurat bo‘lmas edi”, deydi Jeyms Madison “Federalist” maqolasida (18-asr).  Aynan shu oddiygina argument bilan bu davlat arbobi o‘zining ba’zi siyosiy raqiblarini (antifederalistlar va shubhalanuvchilar) o‘z tarafiga og‘dira oldi va zamonaviy AQSh davlatchiligini qurishda turli tuman qarashga ega bo‘lgan jamoatchilik vakillarini bir Konstitusiya ostida birlashtira oldi. “Farishta” dindor uchun ham dindan uzoqroq uchun ham ma’lum ma’noga ega so‘zdir. "Farishta" – gunoh va xato qilishga imkoni bo‘lmagan maxluq,  kengroq ma’noda, agar bu so‘zni majoz desak ham, insoniy xato, insoniy kasalliklarga duchor bo‘lmaydigan, oliy vazifalarini so‘zsiz bajaradigan bir zotga aytiladi.

Madison fikrini bizga tanish “hech kim farishta emas” degan ibora bilan ifodalagan bo‘lardim. Inson va insonlar jamiyati ma’sum zot emas, u/ularga shoshqaloqlik, ko‘p xatolar sodir qilish xos, shuning uchun boshqaruv  kerak va shuning uchun ham boshqaruvchilarning o‘zlari nazoratdan tashqariga chiqib qolmasligi lozim. (Men atayin “hukumat”,  “hokimiyat” atamasini ketltirmayotibman, uning semantikasi zamonaviy o‘zbekzbon bahslarga juda ko‘p chalkashliklar kiritgandek tuyulyapti menga, chunki zamonaviy hukumat hukm chiqarmasligi balki boshqaruv bilan shug‘ullanishi lozim, hukm chiqarish, hukmdorlik qilish boshqa, davlat boshqaruvini amalga oshirish boshqa).

“Hech kim farishta emas, shuning uchun nazorat kerak”, g‘oyasidagi “nazorat”  deganda avvalambor jamiyat o‘zaro kelishib olgan qonun-qoidalar, proseduralar, sud tergovi, vakolatlar va masʼuliyatlar chegaralari tushunilishi lozim. Va yana o‘ta muhim unsur: nazorat tizimida iloji boricha ko‘proq ishtirokchilari bo‘lishi va iloji boricha bir-biridan mustaqil harakat qiluvchi bo‘lishi lozim. Demak, bahsimizdagi nazorat muayyaan proseduralari tizimi mavjudligi va shu tizim subektlari (mustaqil ijrochilari) ko‘p sonli bo‘lishi tushuniladi.

Demokratik saylovlar yaxshi, ammo xalq farishta emas. Va’daboz, gapga usta, qallob, manyak siyosatchini  davlat boshqaruviga saylab qo‘yishi hech gap emas. Demak saylov tizimi ma’lum murakkablikka ega bo‘lishi, unda nazorat mexanizmlari ishlashi talab qilinadi.

Davlat rahbari qo‘lida juda katta vakolat bo‘lgani o‘z siyosatini jumladan islohotlarni jadal surʼatda olib borishga imkon beradi. Ammo u farishta emas. Unda nafs bor, xatokorlik bor, jismoniy va psixik o‘zgaruvchan hamda turli kasalliklarga mubtalo bo‘ladigan bir inson. Telbalikka tushib qolgan diktator rahbarlar misollarini bilamiz. Demak u ham murakkab nazorat mexanizmlari doirasida bo‘lishi zarur.

Rahbar vakolatini o‘zining yaqin jamoasiga (komandasiga) yoysa insoniylik xato xatari bir oz kamayadi, ammo bir komanda, u qanchalik ko‘p sonli bo‘lmasin, guruhiy dinamika kasaliga duchor bo‘lishi tayin. Guruhiy dinamika mavzusida to‘xtalmay oddiyroq qilib tushuntirishga urinaman:  bir guruh, bir jamoa tashqi nazoratga bo‘ysunmasa o‘ziga hos guruhiy illatlarga, hammasi birdek qabul qilgan xatolarga ergashib ketaverishadi. Shuning uchun ham guruh (hukumat, partiya, tashkilot, uyushgan millat va hokazo) qanchalik ezgu maqsadga xizmat qilmasin baribir bu farishtalar jamoasi emas, demak u ham tashqi nazorat kuchiga muhtoj. Bu nazorat huquqiy, ma’naviy, xattoki madaniy va eng muhimi umuminsoniy qadriyatlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Har bir nson o‘z erkinliklariga ega. Ammo inson farishta emas. O‘z erkinligini ro‘yobga chiqish jarayonida boshqa(lar)ning erkinligiga raxna solishi mumkin. Demak bunday erkinlik ham huquqiy va ma’naviy nazorat chegaralarida qolishi lozim, bo‘lmasa u jamiyat ichida yashay olmaydi, jamiyat esa inson erkinligi ifodasi uchun muhitdir. Bu paradoks. Lekin erkinlik g‘oyasining o‘zi ham bir paradoks, haqiqiy erkinlik masʼuliyatni talab qiladi.
Kuch ishlatar tashkilotlar nazoratini ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muammolar ustidan kengaytirilishining samarasi tez va aniq ko‘ringdek bo‘ladi. Organlar ko‘pincha intizomli yopiq guruh ko‘rinishida bo‘ladi, bunday tashkilotlar kuchli iyerarxiyaga ega bo‘ladi. Bu – armiya va kuch ishlatar tizimiga xos zaruriy xususiyat. Shu bilan birga ularning ishtirokchilari ham inson, guruhlari qanchalik yaxlit bo‘lsin shunchalik bir vektorli, bir fikrli, bir qadriyatli bo‘lib qoladi. Ana shu birlik tashkilotni bir insondek qiladi, bir inson esa farishta emas. Shu guruhga a’zo bo‘lgan kishi o‘zining real kuchi (qurol, bo‘ysundirish vakolati) va ramziy kuchi (forma, guvohnoma, maxsus markab va hokazo) bilan suiisteʼmol qilish juda ham oson bo‘lib qoladi. Suiisteʼmol nafaqat oddiy fuqarolarga zug‘um bilan chegaralanadi, balki davlat tizimiga jiddiy ta’sir o‘tkazishgacha olib keladi, tarixiy misollar: Rumning pretoriya gvardiyasi, xalifalik davridagi mamluklar, usmonli sultonlar davridagi yenicharlar va boshqa juda ko‘p. Shuning uchun ham zamonaviy davlatlarda kuch ishlatar tizimi ustidan turli qonuniy chegaralar tayinlanib, ayni qaysi vaziyatda qilich qinidan chiqilishi aniq ko‘rsatib berilgan. Davlat va jamoatchilik nazorat tizimlari yaxshi ishlamay turib, har bir ijtimoiy va iqtisodiy muammolar ustidan qilich vakolatini kengayishini talab qilayotganlar o‘zlari bevosita va bilvosita shundan jarohatlanishlarini o‘ylamaydilar.

Modomiki hech kim farishta emas ekan jamoatchilik o‘zini idora qiladigan qoidalar, shu qoidalarning ishlashini ta’minlaydigan va o‘zaro nazorat tizimlari ustida o‘ylash, ishlash, bahslar yuritish kerak. Bu – torgina yuridik masala emas, bu aynan madaniy, ma’rifiy va ma’naviy mavzu. Bizni qoloqlik darajasidan yetakchilik darajasiga olib chiqadigan eʼtiborli mavzu.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан