Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ko‘zoynak ostidan «Overton oynasi»ga nigoh
6.11.2019 11:26,  
2211

«Go‘zal samolyot yaxshi uchadi» deydilar aviamuhandislar. Jozibali «Overton oynasi» ham o‘zbekzabon tarmoqlarida chiroyli parvoz etishni boshladi. Chamasi, segmentimizda ko‘pchilik «Overton oynasi»ni argument qilib keltirish intellektual doiralarda allaqachon qoloqlik ohangiga aylanganidan bexabar.

Overtonning tarixi

Bu konsepsiya amerikalik huquqshunos Jozef Overton nomi bilan atalgan. Overton siyosatchilarning diskursini (saylovchilar va raqiblar bilan bo‘lgan muloqot uslubi, dasturi, kun tartibi, so‘zlashuv majmuasi) belgilash maqsadida jamoatchilikning baholash modelini ko‘rsatgan. Ommaning turli g‘oyalarga munosabati bir necha darajada bo‘ladi, ularga qabul qilib bo‘lmas, keskin, maqbul, oqilona, standart va majburiy o‘lchovlar kiradi. Sodda qilib aytganda, siyosatchi o‘z fikr-qarashlarini ilgari surishdan oldin ularning jamoatchilik ongida qanday baholanishini aniq bilishi kerak.
Jozef Overton 43 yoshida to‘satdan halok bo‘ladi. Uning yangi g‘oyasi ba’zi amerikalik neokonservator mafkurachilar ijodiy ishloviga tushib, butunlay boshqacha uslubiyatga o‘giriladi. Jumladan, yuqorida aytilgan maqbullik diapazoniga o‘zgaruvchanlik talqini qo‘shiladi va unga «Overton oynasi» (Overton window) degan nom beriladi.

Unga ko‘ra ba’zi faktlar va g‘oyalarga bo‘lgan munosabatni nomaqbullik darajasidan chidamlilik darajasiga va hatto majburiy holatga olib chiqish mumkin. Misol uchun, odamxo‘rlikning mutlaqo nomaqbul ishligi hammaga ma’lum, ammo, bir oz manipulyasiya bilan odamxo‘rlikka nisbatan chidamlilikni shakllantirish, unga yana ishlov berib, odatiy me’yor darajasigacha ko‘tarish mumkin degan qarash vujudga keladi.

«Overton fitnasi»

Konspirologlar (fitna nazariyalari ishqibozlari) darhol bu faraziy modelni iste’molga oldilar. Ular «Overton oynasi»dagi baholash harakati tabiiy ravishda emas balki atayin uyushtirilgan amaliyotlaridan deb qaraydilar. Ya’ni, qaysidir «qora kuchlar» atayin OAV, ommaviy madaniyat, san’at, propaganda vositalari bilan nomaqbul ishlarni maqbulga aylantiradi degan g‘oya ilgari surildi.
Insoniyatning ko‘pgina narsalarga bo‘lgan baholarning o‘zgaruvchanligi uzoq tarixdan beri kuzatiladigan voqelikdir. O‘zgaruvchanlik turli ijtimoiy, psixologik va fiziologik qonuniyatlarga bo‘yso‘nadigan murakkab jarayondir. Uni oddiy «Overton oynasi» doirasiga joylab tushuntirish ilmiy faktlar bilan tasdiqlanmadi va shu sabab, bu konsepsiya ko‘p tanqidlarga uchraydi.

Albatta yovuzlikka nisbatan odamlar munosabati o‘zgarib qolishi e’tiborga loyiq masala. Misol uchun qanday qilib axloqli, ma’lumotli, ziyoli nemis odami konslagerda vahshiy jallodga aylanib qolganligi 20-asr psixolog, sotsiolog va faylasuflarga tinim bermagandi. Buni «Overton oynasi» bilan tushuntirib qo‘yib, masalani yopish mumkin edi. Lekin «Overton argumenti» ichki psixik jarayonlarni tushuntirmaydi va amaliy yechimlar taklif qila olmaydi.

«Overton texnologiyasi»?

Nazariyaning jozibadorligiga qaramay uning amaliy tatbig‘ini detallarda kuzatish juda mushkul. Shunga qaramay konspirologlarimiz «Overton oynasi»ni texnologiya deb atab yubordilar. Agar «Overton oynasi» real ishlaydigan uslub bo‘lganida uni ezgu maqsadlarga ham qo‘llasa bo‘larmidi?

Masalan, to‘yni 20-30 kishilik qilib o‘tkazish g‘oyasini o‘zbeklar ommasi mutlaqo qabul qilmaydi. Marhamat, mazkur g‘oyani «Overton oynasi»da siljitib yangicha to‘yni me’yoriy va ommaviy an’anaga aylantirish texnologik xaritasini taqdim etib ko‘ring.

Kichik tavsiyalar

Internet saytlarida uchrab qolgan har qanday jozibali nazariyalarga ishonib ketavermay, ularning kelib chiqish tarixi va ularga nisbatan berilgan tanqidiy maqolalar bilan tanishishni tavsiya qilaman.

Shuningdek, real ilmiy materiallar bilan tanishish yaxshi amaliyotdir: amerikalik psixologlar Milgrem va Zambordo kabi qator tadqiqotchilar va ilmiy markazlar bir-biridan mustaqil ravishda insonning muhit va vaziyatga qarab o‘lchovlari o‘zgarishi fenomenlarini o‘rganib, jamoatchilikka qiziqarli xulosalar taqdim qilganlar. Lekin izlanishlar to‘xtamagan, masalaga neyrofiziologlarning aralashuvi yanada chuqur mulohazalarni keltirib chiqardi.

Qo‘yilgan savollarga yakuniy javoblar yo‘q va hali beri bo‘lmasa ham kerak. Ammo mavjud eng oxirgi nazariyalarni bilish aqliy salohiyatimizni kengaytiradi. Buning uchun ko‘proq ilmiy kitob va maqolalarni o‘qib borish kerak bo‘ladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан