Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Ot aylanib, qozig‘ini topyapti".Barchasi lotin alifbesini isloh qilish bo‘yicha e’lon qilingan yangi loyiha haqida
18.03.2021 09:54,  
1034

Lotin alifbesini isloh qilish bo‘yicha e’lon qilingan yangi loyiha bilan tanishgach, aqlimga kelgan ilk fikrni sarlavhaga yozdim. Loyiha 1993-yili qabul qilingan qonundagi ko‘rinishidan deyarli farq qilmaydi. Mustaqillikning ilk yillarida turkiy xalqlar birligiga asos bo‘la oladigan alifbemiz marhum prezident Turkiyaga achichiqlanishi oqibatida isloh qilingan, turkcha alifbedagiga o‘xshash harflar hozirgi beso‘naqay ko‘rinishdagilariga almashtirilgan, tilchi olimlarimiz zo‘raki alifbeni prezidentga "qulluq" qilib, taqdim qilishi bilan yakunlangandi. Kuni-kecha xalq hukmiga havola qilingan yangi loyihaning 1993-yilgi alifbe bilan deyarli farqi yo‘q. 

Men Turkiyada magistrlik darajasini olganman. Turk va ozarbayjon alifbelari bir-biriga juda yaqinligi uchun ular yaxshi anglashadi. Alifbemiz qardoshlarimizga yaqin bo‘lishini istab, maqola va video ko‘rinishida bergan takliflarim inobatga olinmabdi.

O‘zbek alifbesidagi eng katta kamchilik bu butun dunyoda O‘ o‘laroq qabul qilingan O‘RTOQ so‘zining birinchi bo‘g‘inidagi O‘ va turkiy xalqlar ichida faqatgina o‘zbek alifbesida uchraydigan ikkinchi bo‘g‘indagi O harfi bilan bog‘liqdir. Aslida, o‘zbeklarning aksariyati so‘z yasovchi -OQ qo‘shimchali so‘larni -AQ deb talaffuz qilishadi: O‘RTAQ, O‘YINChAQ, BO‘G‘IRSAQ kabi. Bu esa boshqa turkiy xalqlar bilan yaqinlik belgisidir. 

Shuning uchun, OSMON so‘zidagi O tovushini ifodalash uchun A harfi shundoqligicha yoki ustiga chiziq yoxud ikki nuqta qo‘yib qo‘llanilishi maqsadga muvofiqdir. Shunda, O o‘z o‘rnini topadi. Ustida ikki nuqtali Ö esa ÖZBEK, ÖT PUFAGI kabi so‘zlar uchun ishlatilaveradi.
Bir qarashda, OSMONni ASMAN deb yozish ko‘pchilikka erish tuyulishi mumkin. Lekin, ko‘pchilik bilgan o‘ris tilida ham O harfi bilan yozilib, A deb talaffuz qilinadigan minglab so‘zlar uchrashini esdan chiqarmaslik zarur: XODIT’ - HADIT’, MOLODOY - MALADOY, MOLOKO - MALAKO, ROSSIYa - RASSIYa, GORA - GARA kabi. Qolaversa, o‘zbek tilida i deb yozilgani bilan, aslida butunlay boshqacha talaffuz qilinadigan so‘zlar tiqilib yotibdi.

Turk alifbesida I tovushi uchun ikkita harf ajratilgan I va I. Biz BIR, QIL, IRMOQ, QIRQ deganimiz bilan INSON so‘zidagi I kabi emas, balki E tovushiga yaqin talaffuz qilamiz. O‘rischadagi I harfi haddan tashqari yo‘g‘onligi uchun bizga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin, bu harf nuqtali va nuqtasiz ikki xil ko‘rinishda qabul qilinsa, alifbe nafaqat o‘zbek, balki boshqa turkiy xalqlar tiliga yaqin bo‘lishi ham ta’minlanadi.

Ham kiril, ham lotin alifbelarida NG diftongiga alohida belgili harf ajratilmagani tilimiz buzilishiga olib keldi. Lekin, nimagadir bu haqda tilchi olimlar hech qayg‘urishmayapti. Mening rahmatli otam va boshqa keksalar "o‘zi-ngiz, qili-ngiz" deb gapirishlari haligacha quloqlarim ostida yoqimli jaranglab turadi. "O‘tgan kunlar" badiiy filmida "bori-ngiz, keli-ngiz" deb talaffuz qilingan so‘zlar hozir "borin-giz, kelin-giz" deyilishi achinarli holdir. Bu so‘zlar talaffuziga xos bo‘lmagan sun’iy G tovushi paydo bo‘ldi. Shu o‘rinda, turklar haligacha vari-niz, geli-niz deb gapirishlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Men yuqorida isloh qilingan alifbe o‘zining kichkina qobig‘iga o‘ralashib qolmasligi uchun bergan takliflarimning asosiy qismini bildirdim, xolos. Afsuski, taklif qilingan shuncha harflar yana axlatga supurilyapti. Yana, dunyo ko‘rmagan uch-to‘rtta "olim" aytgan variant tiqishtirilyapti.

Inqilobiy o‘zgarish qilishga qo‘rqqan davlatlarda iqtisod ham, siyosat ham, ijtimoiy sohalar ham o‘lda-jo‘lda bo‘lib qaveradi. Qo‘rqqoqqa qo‘sh ko‘rinar" deb hadiksirayvermay, mavridi kelganida alifbemizni dadil isloh qilish zarur, toki yangi avlod ko‘zi o‘ngida salkam o‘ttiz yil shuvut bo‘lgan yuzimiz bir yo‘la terisi bilan to‘kilib tushmasin!

"Tilimizni dunyo tillari darajasiga chiqaramiz, O‘zbekistonni dunyo tan olyapti" degan dabdabali gaplar bilan aravani quruq olib qochish butun boshli xalqni kulgili ahvolga solayotganini anglash payti keldi. Baqa botqoqda yotib, "dunyo shu bo‘lsa kerak" der ekan. Baqaga aylanib qolishgan xudo saqlasin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан