Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Oliy Majlis deputati Xalq ta’limi vazirligini mas’uliyatni o‘zidan soqit qilib, uni mahalliy Kengashlarga yuklab qo‘yishda aybladi
12.09.2020 09:33,  
724

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Xalq ta’limi vazirligi va vazir Sherzod Shermatovni maktablarni ochish bo‘yicha barcha mas’uliyatni mahalliy Kengashlarga yuklab qo‘yishda aybladi.

"Mahalliy Kengashlarning oshib borayotgan vakolati maktablar ochilishi bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Lekin aslida ham shundaymi? Haqiqatda ham amaliyotda Mahalliy Kengashlarda shunday qaror qabul qilish vakolati bormi?

Hammamiz yaxshi bilamizki Mahalliy Kengashlar raislari o‘sha hududlarning hokimlari hisoblanadi. Hokimlar uchun esa Mahalliy Kengash qarori asosida ish tashkil etish emas, balki yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini ta’minlash muhimroq hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimiz hayoti, sog‘lig‘iga oid muhim qarorni aslida hech qanday vakolati, ta’sir kuchi yo‘q Mahalliy Kengashlar hal qiladi deb kimni aldayapsiz, janob vazir? O‘zingiznimi yo jamoatchiliknimi?

 

Menga bu ko‘proq Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mas’uliyatdan qochish, ehtimoliy xatoni oldindan sug‘urtalash uchun o‘ylab topilgan bir taktikadek tuyulmoqda. Chunki bugungi noaniq epidemiologik vaziyatda o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlash nihoyatda xavfli (riskli) qaror ekanligi hamda katta ehtimol bilan bu qaror o‘zini oqlamasligini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bois, Xalq ta’limi vazirligi aqlli «yurish» qilib, mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilib, uni Mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklashni ma’qul ko‘rmoqda.

Umuman olganda, oxirgi paytlarda go‘yoki Mahalliy Kengashlar vakolatini oshirish fonida aholi e’tirozlariga eng ko‘p sabab bo‘ladigan muammoli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish (masalan, yer uchastkalarini olib qo‘yish, mahalliy byudjetni tasdiqlash) vakolatini «qog‘ozda» Mahalliy Kengashlarga berish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu o‘zgarishlar demokratik jihatdan to‘g‘ri qadam bo‘lsada, lekin amaliyotda bu muammolarni yechilishidan ko‘ra, ularni battar gazaklab ketishiga xizmat qiladi, xolos. Toki hokimlar bir paytni o‘zida Mahalliy Kengash raisi vazifasini bajarish amaliyotiga chek qo‘yilmas hamda ularga ijro hokimiyati organlari vakillari bo‘lmagan nomzodlar saylanmas ekan, Mahalliy Kengash vakolatlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar faqat quruq, balandparvoz gap bo‘lib qolaveradi.

Maktablar ochilishiga qaytadigan bo‘lsam, menimcha, epidemiologik vaziyat yuqori cho‘qqisiga chiqqan yoki chiqib kelayotgan hududlar (hozirda asosan vodiy viloyatlari)da bu qaror biroz kechiktirilishi, hech bo‘lmasa ushbu hududlarning markaziy, katta shaharlarida maktablar faoliyati hozircha yo‘lga qo‘yilmay turishi kerak.

Chunki koronavirus va pnevmoniya infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshib borayotgan bir paytda, farzandlarimiz hayotini yoki ular infeksiya tashuvchi sifatida yoshi katta, hamroh kasalliklari bor oila a’zolarining hayotini xavf ostiga qoldirish ehtimoli maktablarni shoshib ochishga arzimaydi" - deydi Oliy Majlis deputati.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан