Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Oliy ta’lim muassasalaridagi yashirin «o‘yin»lar
29.07.2020 20:52,  
1916

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Adolat SDP fraksiyasi a’zosi Muhammad Valiyev oliy ta’lim tizimidagi korrupsion muammolar haqida so‘z yuritdi.

"Korrupsiya bu taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi eng asosiy illat bo‘lib, dunyo miqyosidagi global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

So‘nggi yillarda, davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, ya’ni «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida» gi qonun, O‘zbekiston Prezidentining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori, «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Farmon bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi shular jumlasidandir.

Davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020 yil Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilk bor qayd etilgan edi. Keyinchalik ushbu fikrlar Davlat dasturida ham aks etdi. 2020 yil 29 iyunda «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezidentning Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Agentlik oldiga korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlash, korrupsiogen holatlarga sabab bo‘luvchi sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi samarali tarzda kurashish va shaffoflik ta’minlash ustuvor vazifa, deb belgilandi.

Demokratik islohotlar amalga oshirilib, qadriyatlar qaror topib borayotgan bugungi sharoitda davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishi boshqaruv tizimining buzilishiga yoki zararlanishiga sabab bo‘ladi, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetkazadi. Yuqori darajadagi korrupsiya davlatni inqirozga olib keladi, davlat hokimiyati shaxsiy manfaatlarga bo‘ysundirilgani bois, xalqning noroziligiga sabab bo‘ladi.

Har bir davlat ijtimoiy sohasining taraqqiyoti ta’lim tizimining, shuning ichida oliy ta’lim tizimining mukammallashishiga bog‘likdir. Buning uchun esa oliy ta’lim sohasida qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish, «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish eng dolzarb muammolarning biri hisoblanadi.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining (OTM) o‘quv-uslubiy, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha faoliyatidan tashqari quyidagi yo‘nalishlarda ham bir qator korrupsiogen holatlar kuzatilmoqda:

  • Oliy ta’lim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish to‘liq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, OTM hududida ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qo‘shimcha mablag‘ keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda ko‘rsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda o‘zlashtirish jarayoni;
  • OTMlarni ta’mirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish, ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni tender hujjatlarini soxtalashtirish, o‘ziga «qarashli» firmalar tomonidan tender yutib olinishini ta’minlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablag‘larni «tanish» korxonalarga pul ko‘chirish yo‘li bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va o‘rtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni;
  • OTMlarni moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni, OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindosh tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat ko‘rsatish belgilanganidan ko‘proq miqdorda mablag‘ ajratish;
  • OTM rahbarlari o‘zlariga «yaqin» professor-o‘qituvchilar va xodimlari nomiga pulli mukofot yozib, ma’lum qismini o‘zlashtirish holatlari;
  • Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qo‘shimcha tarzda mablag‘ yig‘ish jarayoni.

Keltirib o‘tilgan muammolar ro‘yxati bu bilan cheklanmaydi. Bu kabi tizimli muammolar deyarli har bir OTMda uchrab turishi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi uchun ham yangilik emas. Lekin yillar davomida bu muammolarni bartaraf etilmaganligi OTMlarning asosiy vazifasi bo‘lgan sifatli ta’lim berishiga to‘sqinlik bermoqda.

Yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi kabi muammolarga ham e’tibor qaratib, ularni bartaraf etishda har bir OTM jamoasining fikrini yashirin tarzda o‘rganilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘rganish natijalari ochiq holatda jamoatchilikka oshkor etilsagina bunday salbiy holatlar oldi olinardi. Zero koronavirus pandemiyasi ko‘plab sohalar kabi ta’lim tizimidagi muammolarni yaqqol namoyon etib berdi. Bu muammolarni bugun bartaraf etmasak kelajak avlod bizni kechirmaydi" - deydi Oliy Majlis deputati.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан