Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ozarbayjon ishg‘ol qilingan hududlarini tiklay oladimi?
29.09.2020 12:28,  
1453

Ozarbayjon va Armaniston orasidagi urushga Turkiya va O‘rusiya qo‘shilishi mumkinmi? Buning uchun, oldin muammo nimadan iboratligi va xalqaro hamjamiyat bilan BMT unga qanday baho berganini anglash kerak.

Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati (TQMV) Ozarbayjon tarkibiga kirgan. TQMV tuproqlari har tomondan Ozarbayjon bilan o‘ralgan o‘ziga xos anklav bo‘lib, Armaniston bilan umumiy chegarasi yo‘q edi.  

1989 yilgi butunittifoq aholi ro‘yxatida Ozarbayjon jami aholisi 7 milliondan sal ko‘proq bo‘lgan. Armanilar soni 390,5 ming kishi yoki jami aholining atigi 5,6 foizini tashkil qilgan.

TQMV aholisi o‘sha davrda 189 ming kishini tashkil qilib, armanilar soni 145 ming (76,9%), ozarbayjonlar esa 40,6 ming (21,5%) edi. 1989 yilga kelib Tog‘li Qorabog‘lik armanilar Ozarbayjon tarkibidan chiqish va Armanistonga qo‘shilishni talab qila boshlashgan. Lekin, Ozarbayjon va Sovet Ittifoqi hukumatlari bu talabni qanoatlantirishni rad qilishgan.

1991 yili armanilar o‘zboshimchalik bilan Qorabog‘ni alohida respublika deb e’lon qilishganida ham ittifoq hukumati Ozarbayjonning bu amal noqonuniy ekanligi haqidagi qarorini tasdiqlagan.

Sovet ittifoqi tarqalgandan keyin, ko‘p o‘tmay, 1993 yili O‘rusiyaning harbiy yordamiga tayangan Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni qo‘lga kiritish uchun Ozarbayjonga qarshi urushga kirishadi. Natijada, Tog‘li Qorabog‘ bosib olingan va uni Armaniston bilan bog‘lash uchun oradagi Ozarbayjon hududlari ham Ozarbayjondan tortib olingan. Bu harakat BMT va xalqaro hamjamiyat tomonidan agressiya deb baholangan.

Hozirgi paytda Ozarbayjon hududining 20 foizi armanilar qo‘lostida bo‘lib, buning taxminan 10 foizini Tog‘li Qorabog‘, qolgan 10 foizini esa Ozarbayjon tuproqlari tashkil qiladi (ilovadagi xaritaga qarang).

1993 yili armani kuchlari Ozarbayjonning Xo‘jali qishlog‘i tinch aholisini qatliom qilgan. 400 ga yaqin yosh-u qari, erkak-u ayol vahshiylarcha qatl qilingan. Dunyodagi o‘nta davlat buni qatliom (genotsid) deb baholagan. O‘zbekiston bu qonli voqeaga o‘z munosabatini bildirmagan bo‘lsa-da, Armaniston bilan diplomatik aloqaga ega emas. Bu borada marhum prezident Karimov to‘g‘ri yo‘l tutganini ta’kidlash lozim.

O‘rusiya Armanistonni zimdan dastaklagan urush harakatlari 1994 yili to‘xtatilgan bo‘lsa-da, ora-sirada urush bo‘lib turadi. Armanilar Tog‘li Qorabog‘ atamasini "Arsax" deb o‘zgartirishgan. Lekin, o‘zboshimchalik bilan tashkil qilingan respublikani dunyodagi hech qaysi davlat tan olmagan. Tog‘li Qorabog‘ Armanistonning, qolaversa, Fransa va Amerika kabi g‘arb davlatlarida yashovchi katta va boy armani diasporasining moliyaviy yordami asosida yashamoqda. O‘rusiya ham armanilarga katta iqtisodiy yordam ko‘rsatadi.

Tan olinmagan respublika hududi Armaniston qo‘shinlari yordamida himoya qilinmoqda. Turkiya davlati turk qardoshlari — ozarbayjonlar tarafini olib, Armaniston bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni uzgan. Bakuni Turkiya bilan bog‘laydigan temir yo‘l va gaz quvuri qisqa yo‘l sanalgan Armaniston orqali o‘tmay, Gurjiston hududida qurilgan. Shuning o‘ziyoq, tajovuzkor davlatni olinadigan mo‘may daromaddan mahrum qilgan.

G‘arb davlatlari Armanistonga nisbatan jiddiy choralar ko‘rmasligiga, fikrimizcha, diniy o‘rtoqlik sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda, islom respublikasi bo‘lishiga qaramasdan, Eron Armanistonni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlash zarur. Buni Eronda 35 millionga yaqin ozarbayjon va turkman yashashiga bog‘lasak hech yanglish bo‘lmaydi. Tehron o‘z hududidagi boshqa turk xalqlari Ozarbayjon bilan yaqinlashishidan cho‘chiydi.

Qorabog‘ va bosib olingan boshqa hududlarda musulmonlarga tegishli masjid va obidalar tahqirlanib, molxonalarga aylantirilganlari ham bor. Urush natijasida esa bir million ozarbayjon o‘z turar-joylarini tashlab ketib, qochqin holatida yurishibdi. Ortda qolgan ko‘pgina uylar esa qarovsizlikdan xarobaga aylangan.

Endi, maqolamizning boshida qo‘yilgan so‘rovning javobiga kelsak.
Armaniston O‘rusiya boshchiligidagi kollektiv xavfsizlik tashkiloti a’zosidir. Agar birorta a’zo davlatga nisbatan agressiya boshlansa, o‘sha davlat O‘rusiya va tashkilot a’zolaridan harbiy yordam so‘ray oladi.

Lekin, Armaniston nafaqat, hatto, o‘zi ham tan ololmagan Qorabog‘ni, balki Ozarbayjonga tegishli boshqa hududlarni ham bosib olganini diqqatga olsak, O‘rusiya va boshqa davlatlar urush harakatlari to Armaniston hududiga o‘tib, Ozarbayjon qo‘shinlari bostirib kirmaguncha qo‘l-oyog‘i bog‘liq qoladi. Aks holda, xalqaro huquqqa zid harakatlar sabab, Armanistonga yordam bergan davlatlarga nisbatan iqtisodiy va boshqa ko‘rinishdagi sanksiyalar kiritiladi.

O‘rusiya armanilarga zimdan havodan yordam berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelish imkoniga ega emas. Chunki, Ozarbayjon va Gurjiston o‘ris harbiy uchoqlariga o‘z havo hududini yopib qo‘ygan. O‘rislar avvaliga Abxaziya, 2008 yili esa Gurjistonga qarashli Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritib, ajratib olganidan beri aloqalar juda sovib ketgan. O‘rislar hozircha chegaralar haqida to‘liq kelishuvga erishilmagan Kaspiy dengizi ustidan uchib, Armanistonga Eron orqali qolgan tuynukdan kirib borishyapti.

Turkiya urushga qo‘shilishi uchun qonuniy asoslar bor. Buning uchun Ozarbayjon qardosh davlatdan harbiy yordam so‘rashining o‘zi yetadi. Yordam ikki davlat orasida amal qilayotgan kelishuvlarga mos kelishi sababli, xalqaro huquqqa mos keladi. Bunday taqdirda, g‘arb davlatlari va BMT Turkiyani urushga kirmaslikka chaqirishdan boshqa biror narsa qilish imkoniga ega bo‘lmasligi ehtimoli kattadir.

Hozircha, Ozarbayjon o‘z qo‘shinlari armanilar bosib olgan bir qancha shahar va qishloqni ozod qilgani, armanilar katta talofat ko‘rganini xabar bermoqda. O‘z navbatida, armanilar buning teskarisini iddao qilishyapti.

Bu orada, Armanistonning O‘rusiyadagi elchisi Tog‘li Qorabog‘ aholisini evakuatsiya qilish rejasi ham tayyorlanayotganini oshkor qildi. Xullas, informatsion urush avjida. Lekin, bu safar Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligini tiklashga ham harbiy, ham ma’naviy jihatdan hozir ko‘rinadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан