Prezident “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra:
➖ haydovchilarga transport vositasini boshqarish vaqtida uyali aloqaning xavfsiz va qo‘lni band qilmaydigan texnik vositalaridan (quloqchin, bluetooth) foydalanishga ruxsat berilmoqda;
➖ transport vositasini boshqarish paytida salonning old qismiga o‘rnatilgan monitordan tele-, videodasturlarni tomosha qilishga qo‘yilgan taqiqni saqlab qolgan holda, monitorni o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda;
➖ MJtKning 4 ta moddasi bo‘yicha jazo miqdori huquqbuzarlikning xavflilik darajasi va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda maqbullashtirilmoqda. Jumladan, aholining ayrim qatlamlari uchun moddiy-ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan, avtomobilda yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanganlik uchun (fuqarolar uchun – 27 mln so‘mdan 1,9 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun – 40 mln so‘mdan 8,1 mln so‘mgacha kamaytirilmoqda) va boshqalar;
➖ transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmaganligi uchun javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinmoqda. Bunda, haydovchining yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport, ID-karta) mavjud bo‘lishining o‘zi yetarli ekanligi belgilanmoqda.