Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekkonsertning "litsenziyasini olish" bo‘yicha konstruktiv takliflar
24.10.2019 21:28,  
619

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziya talab qilinadigan faoliyat turi hisoblanadi.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlardagi qonunchilik

Rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlili aksariyat davlatlarda faqatgina o‘ziga tegishli bo‘lmagan musiqiy asarni ijro etish uchun ruxsat olish amaliyoti mavjudligini ko‘rsatdi.

Masalan, AQShning Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonuni adabiy, musiqiy, dramatik, xoreografik, audio-vizual va boshqa bir qator mualliflik huquqi bilan bog‘liq faoliyat turlarini tartibga soladi.

Unga ko‘ra, shaxs omma oldida yoki OAV orqali o‘ziga tegishli bo‘lmagan aniq musiqiy asarni ijro qilish uchungina litsenziya olishi lozim. Chunki omma oldida ijro etish huquqi yuqoridagi qonunga muvofiq musiqa egasining mutlaq mualliflik huquqi hisoblanadi.

Buyuk Britaniyaning 1988 yildagi Mualliflik huquqi, dizaynlar va patentlar to‘g‘risidagi Qonuniga ko‘ra agar boshqa shaxsning musiqasi biror joyda mijozlar yoki xodimlar uchun radio, TV, SD, MP3 yoki kompyuter karnaylari orqali yoki jonli tadbirlarda o‘zga shaxslar tomonidan ijro qilinsa bu ommaviy ijro deb hisoblanadi. O‘z navbatida yuqoridagi Qonunga ko‘ra ommaviy ijro uchun litsenziya olish talab qilinadi. Bundan tashqari Britaniya qonunchiligiga ko‘ra “cover” ijro uchun uning muallifidan ham ruxsat olish lozim. Ayni shu amaliyot Germaniyada ham mavjud.

Bundan tashqari, AQShda ham, Buyuk Britaniyada ham o‘zga shaxslar qo‘shiqlarini ijro qilganlik uchun litsenziya davlat tashkilotlari tomonidan berilmaydi. Xususan, AQShda ushbu faoliyatni litsenziyalash Amerika bastakorlar, mualliflar, noshirlar jamiyati (ASCAP), Broadcast Music, Inc. hamda SESAC, Inc. kabi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur davlatlardagi musiqiy asarni ijro etish uchun beriladigan litsenziya bizning qonunchilikda nazarda tutilgan litsenziyadan tubdan farq qiladi. Bizda litsenziya faoliyat yuritish uchun taqdim etilsa, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniyada litsenziya shaxsga tegishli bo‘lmagan aniq bir musiqiy asarni ma’lum bir hudud doirasida yoki vaqt davomida ijro etish huquqini (ma’lum bir harakatga ruxsat) beradi. Bu o‘sha musiqani yoki qo‘shiqni yaratgan muallifning mualliflik huquqini himoya qilinishi uchungina amalga oshiriladi.

Rossiya Federatsiyasida hamda qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikalarida musiqiy faoliyatni litsenziyalash amaliyoti mavjud emas.

Turkmaniston Respublikasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, madaniyat va san’at faoliyati litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qatoriga kiritilgan. Tasavvur qilyapsizmi? Biz bu borada Turkmaniston bilan bir qatordamiz. So‘z erkinligi albatta apriori ijod erkinligini ham o‘z ichiga olishi kerak. Shuning uchun bu narsani tugatish tarafdoriman.

Muammolar

1. Qonunchilikka muvofiq san’atkor televideniye va radioga video yoki audio mahsulot taqdim etishi uchun litsenziya olishi shart bo‘lsa-da, televideniye va radioda faqatgina litsenziyasi mavjud san’atkorlarning video yoki audio mahsuloti chiqarilishi lozim degan talab qonunchilikda mavjud emas.

Bu borada televidiniyedagi amaliyot og‘zaki so‘rov yo‘li bilan o‘rganilganda, amaliyotda davlat telekanallarida litsenziya faqatgina estrada yo‘nalishida faoliyat yurituvchi san’atkorlardan talab qilinishi, mumtoz va maqom yo‘nalishida faoliyat yurituvchi san’atkorlardan odatda litsenziya talab qilinmasligi ma’lum bo‘ldi. Xususiy telekanallardagi amaliyotga ko‘ra, litsenziya talab qilinmaydi, efir vaqti uchun tegishli to‘lovni amalga oshirgan san’atkorning videoklipi telekanal badiiy kengashi ruxsatiga asosan efirga uzatiladi.

2. Amaldagi qonunchilikka muvofiq “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan beriladigan litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishi lozim bo‘lsada, bugungi kunda litsenziya 5 yil muddatga berilmoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 11 aprelda PF–5409-son “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2018 yil 1 iyundan ayrim faoliyat turlaridan boshqa barcha faoliyat bilan shug‘ullanish uchun beriladigan litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishi belgilangan.

3. Tugatilgan litsenziyani ayrim sabablarga ko‘ra egalariga yana qaytarish qonunchilikka zid.

Ko‘p holatlarda muassasa tomonidan tugatilgan litsenziyalar, u yoki bu asossiz sabablarga ko‘ra ma’lum muddat o‘tganidan so‘ng o‘z egalariga qaytarilganligi to‘g‘risida rasmiy xabar beriladi. Bu ham o‘z navbatida tashkilotning yarim chaqalik xurmatini qoldirmayapti. Xuddiki arazlagan bola koptokni olib qo‘yganday gap. Yarashib olgach esa yana o‘ynanglar deb beradi.

Ma’lumot uchun: “jumladan, xonanda Abdulla Qurbonov, Jahongir Otajonov, Shahlo Ahmedova hamda Halima Ibragimovalar bundan buyon o‘z ijodlarini rivojlantirish va xalqimizga astoydil xizmat qilishlarini bildirishganligi sabab, litsenziyalari qaytarilganligi e’lon qilindi” deyiladi muassasaning rasmiy saytida.

Holbuki, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng litsenziya muassasaga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak. Demak, bu holatda litsenziyani qaytarishning imkoni mavjud emas. Litsenziya asossiz ravishda tugatilgan taqdirda litsenziyani tiklash sud tartibida amalga oshirilishi lozim.

4. San’atkorlarning aholi fikriga katta ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ularni majburan turli xil tadbirlarga jalb qilinib xizmat haqi berilmayotgani haqidagi fikrlari bevosita davlat hokimiyati organlari obro‘siga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, u yoki bu san’atkorning litsenziyasini olib qo‘yilishi haqidagi xabarlar esa katta rezonans keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, iste’dodli bir qator yosh ijodkorlar litsenziya olish uchun yetarlicha mablag‘ga ega emas va buning oqibatida ular o‘z ijodini davom ettirishda qiynalishmoqda. Bu ham noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Zo‘r qobilyatga ega bo‘lgan insonlarni gasterlikda gitara chalib qo‘shiq aytib yurganlarini ko‘ramiz, yoki qishloqlardagi choyxonalarda olingan videolardan bilib qolamiz.

Ma’lumot uchun: konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 13 baravaridan 195 baravarigacha davlat boji undiriladi.

5. Soliq kodeksiga asosan konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun davlat boji to‘lovchi jismoniy shaxslar mazkur faoliyat turi bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq to‘lashdan ozod etiladi. Bu ham boshqa soliq to‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Takliflar

1. “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini litsenziyalash bilan bog‘liq funksiyalarini tugatish, konsert-tomosha faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishni soliq organlari va mahalliy hokimliklarga taqdim etish. Bunda, konsert-tomosha tadbirlariga bir martalik ruxsatnoma berish amaliyotini saqlab qolish va mazkur davlat xizmatini Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatishni joriy etish.

2. San’atkorlarga umumiy asosda olgan daromadiga soliq solish amaliyotini joriy etish.

3. San’atkorlarga ijodiy erkinlik berish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi hamda san’atkorlarni birlashtiruvchi yangi nodavlat notijorat tashkilot tashkil etish.

Bu tashkilotning borligi va xozirda litsenziyani berish va olib qo‘yish bilan shug‘ullanishi, xozirgi keng dunyoga ochilish siyosatimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu imidjni buzayotgan maysazordagi to‘nka kabi turibdi. Uni olib tashlash kerak. Maysazor go‘zallashsin va xechkim unga qoqilib yiqilmasin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан