Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Propiska va savdo to‘siqlari — O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni orqaga tortuvchi muammolar
1.11.2019 12:07,  
550

Bir narsani tushunishimizni xohlar edim. Iqtisodiy o‘sish raqamlari har birimiz uchun muhim axborot bo‘lishi kerak. Hozirgi O‘zbekiston uchun bu raqamlardan muhimroq narsa yo‘q deb o‘ylayman.

Iqtisodiy o‘sish hamma narsa emas deyishingiz mumkin, lekin keling bir fikrlab ko‘raylik. Mamlakatdagi odamlarning turmush tarzi uchun yiliga hatto bir foizga ko‘proq o‘sish ham — hayot va mamot masalasi.

Oddiy misol: agar 1870-1990 yillarda AQShdagi iqtisodiy o‘sish bir foizga (!) kamroq bo‘lganida, 1990 yilda AQSh Meksikadan boyroq bo‘lmas edi. Aslida 1990 yilda, AQShda kishi boshiga daromadlar 1990 yildagi Meksikadan 8 barobar ko‘proq edi. Farqi — AQSh bir foizga tezroq o‘sgani.

O‘zbekiston iqtisodiy tarixini 1992 yildan hisoblasak, o‘rtacha, kishi boshiga 3,4% ga o‘sib keldik. Olti yuz dollar kishi boshiga daromaddan o‘sganimizni inobatga olsak, bu raqamlar (boshqa mamlakatlarga solishtirsak) nihoyatda kichik.

Agar kishi boshiga 8% o‘sganimizda nima bo‘lar edi? Unda bizda kishi boshiga daromadlarimiz, $1532 emas, kamida 5000 dollar bo‘lar edi. Qaytaraman, agar mustaqillik davrida yildan yilga o‘sish surati 3,4% emas, 8% bo‘lganida, o‘rtacha O‘zbekistonlik 3,4 BAROBAR boyroq bo‘lar edi. Bunday hisob kitoblarning arifmetikasi oson.

Agar bugungi kundagi Janubiy Koreya kabi daromadga ega bo‘lishni xohlasak, bu kishi boshiga 30 ming dollar degani. Lekin agar o‘sish suratlarimiz xuddi shunday 3,4 foiz bo‘lib qolsa, unda biz 89 yildan keyin bugungi Janubiy Koreyaga yetib olamiz (Koreya o‘sishi tabiiy albatta). Lekin, agar o‘sish suratimiz 8 foiz bo‘lsa, buni 38 yilda uddalaymiz. Ya’ni yarim asr ertaroq.

Shunda o‘zimizga savol berishimiz kerak, biz hozirgi Janubiy Koreya darajasiga 2108 yildami, yoki 2057 yilda yetmoqchimizmi?

Albatta qancha tezroq bo‘lsa shuncha afzal. Lekin jamiyat sifatida biz qilayotgan ishlar biz tezroq yetib olmoqchiligimizni ko‘rsatmayapti.

Masalan, Toshkent propiskasi. To‘g‘ri, propiska bekor qilinishi tufayli iqtisodiy o‘sish, deylik 1% oshar, undan ko‘p emas. Lekin agar biz shuni 1991 yilda qilganimizda, o‘rtacha O‘zbekistonlikning daromadi hozir 500 dollarga ko‘proq bo‘lar edi. Ya’ni biz boyishga imkoniyatimiz bo‘lib, shundan foydalanmadik. Bugungi kungacha propiska bekor qilinmasligi bizni iqtisodimizga katta zarar bo‘lib kelmoqda (bu yerda shu mulohaza haqida batafsilroq).

Ikkinchisi, savdo to‘siqlari. Savdo qilish bo‘yicha bizni byurokratiyamiz eng mushkullardan. Buning ustiga dunyodagi eng baland import bojlarni qo‘ygan mamlakatlardan birimiz. Shu ikki sababdan deyarlik avtarkiya rejimida yashamoqdamiz. Buning natijasida, iqtisodimizni yiliga deylik 2-3% qisqartiryapmiz. Ya’ni savdo va propiskani o‘zi bizni ancha qoloq qilib qo‘yyapti.

Bu raqamlar qayerdan olindi?

Solishtirish uchun: AQShdagi “savdo urushi” tufayli, o‘rtacha (weighted) import bojlari, 1,4% dan taxminan 3,2% foizga oshdi. Taxminan 1.8% ga. Buning natijasida, Federal Rezervning eng konservativ tadqiqotlariga ko‘ra, AQSh iqtisodiyoti 1% kamroq o‘sadi. Bu bir yilda iqtisodiyotga taxminan 120 milliard dollar zarar degani. Ya’ni 1.8% ga bojlar o‘sishi taxminan, 1% YaIM tushishiga teng bo‘lyapti.

Bizdachi?

O‘rta arifmetik miqdorda, bojlar 2019 yili 5,6% (unweighted) bo‘lgan edi. Endi 2020 yilda 8% bo‘ladigan bo‘ldi. Agar bizda ham AQShdagidek elastiklik bo‘lsa (bizda AQShdan elastiklik boshqacha — ichki bozor juda kichik, shunga ko‘ra, raqamlar juda konservativ), biz yiliga 1,3% ga sekinroq o‘samiz.

Yuqoridagi raqamlarni dollarda aytadigan bo‘lsam, 2020 yilda bojlarning oshishi eng konservativ hisob kitoblarga ko‘ra iqtisodiyotimizga 660 million dollar zarar ko‘rsatadi. Butun iqtisodiyot 660 million dollar zarar ko‘rishi degani hamma odamlar ozgina, taxminan yiliga 20 dollarlik, oyiga esa sal kam 2 dollarlik zarar ko‘radi degani. Ko‘pchilik buni sezmasligi tabiiy. Bojlardan naf ko‘ruvchilar esa tabiiyki 660 milliondan kamroq foyda qilishadi. Aynan shuning uchun iqtisodchilar bojlarni yomon ko‘rishadi: chunki umumiy naf, umumiy zarardan ortiqroq bo‘ladi. Lekin naf kichik sonli guruhlarga tegadi, zarar esa butun iqtisodiyotga, ya’ni hammaga. Qaytaraman, bu raqamlar agar bojlar 2020 yili, 2019 yilga nisbatan o‘rta hisobda 2,4% ga oshsa.

Lekin qandaydir mo‘’jiza bilan, hozirgi 5,6% foizdan 1% foizga bojlarni tushirsak, iqtisodiyot taxminan 2,5%ga, yoki 1,262 milliard dollarga o‘sadi.

Bu hisoblardagi taxmin, bizda o‘rta arifmetik va o‘rta o‘lchangan bojlar tengligi (unday emas, lekin o‘lchangan raqamlar menda yo‘q).

Shu bilan tepadagi aytgan gapga qaytamiz. Hozirgi O‘zbekiston uchun iqtisodiy o‘sish nihoyatda muhim. Uzoq muddatda ortiqcha 3% o‘sish ham, aytganimdek, juda katta narsa. Bu yarim asrlik hayot savoli. Omadimiz bor ekan, biz o‘sish uchun yangi narsani kashf qilishimiz kerak emas. Shunchaki iqtisodiyotimizga nihoyatda katta shikast yetkazadigan narsalarni olib tashlasak yiliga ortiqcha 4-5% ga o‘sish suratini o‘stira olamiz. Lekin 50 yildan keyin shu 4-5% bizni qashshoq yoki o‘rtamiyona mamlakat bo‘lishimizni belgilab beradi.

Tabiiyki, iqtisodiyotni o‘stirishda boshqa bir qancha to‘sqinlar bor, ularni ham olib tashlasak o‘sish suratlarni ikki raqamlik ham qilish mumkin, lekin eng oddiylaridan gapni boshlay dedim. Bu yerda ikki xulosa bor: iqtisodiy o‘sishda 1% ortiqcha o‘sishni ham juda juda qadrlashimiz kerak, ikkinchidan, O‘zbekistonning hozirgi sharoitida iqtisodiy o‘sishi uchun o‘tmishda qilgan va hozirda qilib kelayotgan xatolarimizdan voz kechsak, o‘sish suratlari tezlashadi.

“Iqtisodchi kundaligi”dan

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан