Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Qirg‘iziston: Atambayev va O‘zbekiston chegarachilari qaytargan hokimga nima bo‘ldi?
13.10.2020 11:39,  
1991

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi namoyishchilar qamoqdan ozod etgan sobiq davlat amaldorlarini ixtiyoriy ravishda ortga qaytish, aks holda qat’iy choralarga yuz tutishlari bilan ogohlantirmoqda. Qayta qo‘lga olinganlari-chi, ular qayerda? Bu haqda Bi-Bi-Sida mustaqil jurnalist Shohruh Soipovning maqolasi e’lon qilindi.

Almazbek Atambayev

Oltinchi oktyabr kuni Bishkekda Oq uy ishg‘ol qilinishi ortidan, qamoqdan ozod etilgan sobiq prezident Almazbek Atambayev va uning ikki qo‘riqchisi 10 oktyabr kuni yana hibsga olingan.

Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi vakili Rahat Sulaymonovning Bi-bi-siga aytishicha, qo‘lga olinganlar, 9 oktyabrdagi tartibsizliklarni tashkillashtirishda ayblanishmoqda.

Atambayev "Qo‘y-Toshdagi" uyi yaqinida maxsus qurollangan kuchlar yordamida qo‘lga olingan.

Uning ayoli ham o‘g‘illari bilan uyidan yengil mashinada chiqib ketayotganida BTR - harbiy zirxli ulov bilan yo‘llari to‘silgan, o‘g‘illari xavfsizlik idorasiga olib ketilgan va kechga yaqin ozod etilgan.

Undan tashqari, poytaxt Bishkekda tartibsizliklar uyushtirganlik gumondi bilan Atambayevning tarafdorlari: "sobiq" Ichki ishlar vaziri Kursan Asanov, sobiq deputat Meerbek Miskenbayev, Rustam Ibraimov, Temirlan Sultanbekovlar ham hibsga olingan.

Shuningdek, xavfsizlik xizmati prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov va sobiq deputat Ravshan Jeenbekovni ham qo‘lga olgan, biroq so‘roqdan so‘ng, kechga yaqin uy qamog‘iga chiqargan.

9 oktyabr kuni sobiq prezident Almazbek Atambayev o‘zining "Forum" korxonasi oldida miting o‘tkazib, prezident Sooronbay Jeenbekov siyosatini tanqid qilgan va o‘z tarafdorlari bilan hukumat uyiga yurish qilgan.

Ular markaziy maydonga etib kelib, yosh faollar bilan birlashib, miting o‘tkazayotganlarida hozirda yangi "Bosh vazir" Sadir Japarovning bir guruh tarafdorlari kelib, ularni maydondan quvib chiqarishgan.

To‘qnashuvlar natijasida ayrimlari jarohat olgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi yetti kishi tibbiy yordamga murojaat qilganini tasdiqlagan.

Sobiq prezident Almazbek Atambayev o‘tgan yili bir necha jinoiy ish bo‘yicha hibsga olingan.

U jinoiy guruh rahbari Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda qamoqdan ozod qilinishi bo‘yicha aybdor, deb topilib, 11 yilu ikki oylik qamoq jazosiga hukm qilingan va mol-mulki davlat foydasiga musodara etilgan.

Shahar sudi hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Hozirda esa uning ustidan o‘tgan yili yuz bergan Qo‘y-Tosh mojarosi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

Qamoqqa qaytinglar

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi namoyishchilar qamoqdan ozod etganlarni ixtiyoriy ravishda ortga qaytish, aks holda qat’iy choralarga yuz tutishlari bilan ogohlantirmoqda.

Xavfsizlik idorasining ma’lumotiga ko‘ra, qamoqdan ozod qilingan "Elektr stansiyalari" ochiq xissadorlik tashkilotining rahbari Salaydin Avazov 11 oktyabr kuni qayta qo‘lga olingan.

Sobiq rahbar Bishkekdagi issiqlik elektr markazidagi poraxo‘rlik bo‘yicha sudlanib, 11 yilu uch oyga qamoq jazosiga hukm etilgan.

Shuningdek, ayni shu elektr markazidagi poraxo‘rlik ishi bo‘yicha 14 yilga hukm qilinib, biroq 6 oktyabr kuni qamoqdan namoyishchilar ozod qilgan "Milliy energoxolding" kompaniyasining sobiq rahbari Oybek Qaliyev 12 oktyabr kuni qamoqxonaga o‘z ixtiyori bilan qaytib kelgan.

5 oktyabr kuni namoyishchilar hukumat binosini egallab olib, qamoqdan ozod etganlar orasida poraxo‘rlikda ayblangan sobiq Bosh vazirlar Jonto‘ra Sotiboldiyev va Sapar Isaqovlar ham bor.

Hozir ikkovlonning qayerdaligi noma’lum. Ularni izlab, qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.

"Sizning vaziyatingiz boshqa"

10 oktyabr kuni Bishkekdagi "Ala Archa" rezidensiyasida bo‘lib o‘tgan parlament deputatlarining navbatdan tashqari yig‘inida sobiq spiker Dostonbek Jumabekov ham qamoqdan qochgan siyosatchilar o‘z o‘rinlariga qaytarilishi kerakligini aytgan.

"Poraxo‘rlik bo‘yicha eks-prezident, deputat va Bosh vazirlar qamalgan. Ular bo‘lib o‘tgan voqealar paytida qamoqdan ozodlikka chiqib ketishdi. Bu yerda tegishli idora rahbarlari turibdi, men ularga murojaat qilaman, sud hukmi chiqmaguncha, ularni ozodlikka chiqishga haqqi yo‘q. Sababi ular jinoyat qildi. Biz qarorlarimiz bilan davlat xazinasiga qancha ziyon yetkazganini aniqlab berganmiz. Shuning asosida Bosh prokuror, tegishli idoralar jinoiy ish ochib, sudga o‘tkazishgan. Biroq, ular siyosiy qaror bo‘lgan deb, ikki kun o‘zlarini oqlashdi. Agar siz (Bosh vazir) davlat uchun qayg‘ursangiz, ularni qayta qamoqqa, tergovga qaytarib, sud oqlasa, ozodlikka chiqsin degan qarorga kelishingiz kerak", deya maslahat bergan Dostonbek Jumabekov.

U Bosh vazirlikka tayinlangan Sadir Japarovning sudlangani yuzasidan ham o‘z fikrini bildirgan.

"Sizni ishingiz aniq, davlat manfaatini himoya qilaman deb yurib, 2012 yildan boshlab yurib..., sizni ham siyosiy qarorlar bilan qamoqqa o‘tqazishgan. Buni xalq bilgani uchun, Sadir, deb aytishayapti. Biz, 6-chaqirilish deputatlari shunday ishlarga bordik. Shu narsalarimizni ko‘ra olmaganlar, bizga "chimkirik", deb nom qo‘ydi. Endi siz baho berishingiz kerak. Nima sababdan bunday bo‘lganimizni. Biz xalq manfaatini o‘ylab, poraxo‘rlarni qamoqqa o‘tqazish uchun shunday qarorlar qabul qilganmiz", deya oqlangan sobiq spiker.

Tilek Matraimov 1 oyga qamaldi

Kecha, 12 oktyabr kuni O‘sh shahar sudi Qorasuv tumanini so‘nggi 8 yil davomida boshqarib kelgan sobiq hokim Tilek Matraimovni bir oy qamoqqa olish bo‘yicha qaror chiqargan.

U O‘sh shahar va viloyati bo‘yicha Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasining tergov izolyatorida 9 noyabrgacha saqlanadi.

6 oktyabr kuni yuz bergan "hokimiyat almashinuvi" ortidan ist’yefoga chiqqan hokim Tilek Matraimov 7 oktyabr kuni O‘zbekiston chegarachilari tarafidan qo‘lga olingan edi.

Tilek Matraimov tansoqchisi va jiyani - akasi Iskender Matraimovning o‘g‘li bilan daryo orqali O‘zbekistonga o‘tayotgani aytilgan. Qaysi daryo ekani ochiqlanmagan.

O‘zbekiston 9 oktabr kuni qirg‘iz tomoniga davlat chegarasini buzganlar - 1967 yilda tug‘ilgan Matraimov Tilek, 1989 yilda tug‘ilgan Qo‘chqorbayev Ziyabiddinbek va 1979 yilda tug‘ilgan Ahmedov Maxsudni topshirgan.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu shaxslar 2020 yilning 6 oktyabr kuni O‘zbekiston chegarachilari tomonidan davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganda qo‘lga olingan.

Xavfsizlik idorasi Tilek Matraimov va uning hamrohlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 358-moddasi: davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish faktlari bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Joriy paytda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda uzaytirilgan favqulodda holat rejimi amalda.

Qorasuv

Tilek Matraimov sakkiz yildan buyon mamlakatning eng yirik tumanlaridan biri bo‘lgan Qorasuvni boshqarib kelgan.

U sog‘ligi yomonligi sabab, parlament saylovlari oldidan ta’tilga chiqqan.

Qorasuv tumani O‘zbekistonning Andijon viloyati bilan chegaradosh bo‘lib, hududni Sharxonsoy kanali ajratib turadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu tumanda 440 mingdan ortiq odam yashaydi. Ularning ko‘pchiligi o‘zbeklarni tashkil etadi.

Shuningdek, Qorasuv shahrida Farg‘ona vodiysidagi yirik hisoblangan "Turatali" bozori ham joylashgan.

Bu bozorning asosiy haridorlari o‘zbekistonliklar hisoblanadi. Matraimovlar qirg‘iz siyosatchilari va amaldorlarining ta’sirchan oilasidir.

Sobiq hokim Tilek Matraimov Qirg‘iziston Bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimovning ukasi.

Ularning yana bir akasi Iskender Matraimov esa parlament deputati.

Bu yilgi parlament saylovida Iskender Matraimov "Mekenim Qirg‘iziston" partiyasidan qatnashib, partiya 24 foiz ovoz olgan va hukumat partiyasidan keyin, ikkinchi o‘rinda parlament deputatligini qo‘lga kiritishi kerak edi.

Biroq, norozilik namoyishlari ortidan iqtidorga kelgan "yangi hukumat" sabab, Markaziy saylov komissiyasi ovoz berishdagi jiddiy qonunbuzarliklarni ro‘kach qilib, saylov natijalarini bekor qilgan.

Raimbek Matraimov esa, Qirg‘izistondagi noqonuniy tovar almashuvi (kontrabanda), hamda pul yuvish va poraxo‘rlik bo‘yicha jurnalistik surishtiruvlarda gumonlanayotgan shaxs sifatida tanilgan.

Orada Qorasuv tumani hokimi o‘rniga muxolifat o‘z vakilini tayinlaganiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan, ammo ma’lum bo‘lishicha, Tilek Matraimov vazifasini joriy paytda uning muovini Kaparbek Abdiyev bajarayapti.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан