Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlarni isloh qilishgan 126 million dollar ajratiladi
23.07.2020 21:23,  
264

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda qishloq va suv xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Agrar soha rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni o‘z ichiga olgan xizmatlar tizimi”ni yurtimizda ham joriy etib, ilm bilan ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu yo‘nalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investitsiyasi va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga xalqaro ekspertlar bilan birga ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ularni tubdan takomillashtirish bo‘yicha har bir institut uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Bu muassasalarga zamonaviy bilimga ega, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qiladigan salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligi aytildi.

– Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangan holda, eskicha ishlash uslubidan to‘liq voz kechib, fermerlarga yaxshi xizmat ko‘rsatish va yangi servis turlarini kengaytirishga o‘tishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlar faoliyati transformatsiya qilinishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Raqamli texnologiyalardan foydalanilayotgan loyihalar samaradorligi qayd etilib, bu boradagi ishlarning borishi muhokama qilindi.

Meva-sabzavotchilik kooperativ va klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 212 million dollar ajratilishi belgilangan.

Prezident ichki bozorni arzon mahsulotlar bilan ta’minlash, “daladan iste’molchigacha” tizimini joriy etishda meva-sabzavotchilik klasterlari asosiy drayver bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bois, ajratilayotgan mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirib, bir so‘mni ikki so‘m qiladigan loyihalarni ishlab chiqish, buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va eksportga tayyorlash quvvatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi aytildi.

Tumanlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu borada Jizzax viloyati namuna bo‘lib, kelgusi uch yilda viloyatda qariyb 120 ming gektarga yaqin yer o‘zlashtirilishi, bog‘ va tokzorlar tashkil qilinib, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.

Bu tajribani bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilish, har bir tumanda ko‘pi bilan 3-4 ta eksportbop va yuqori daromad beruvchi mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bog‘lar barpo etib, yangi tartib asosida aholiga 1-1,5 gektardan tarqatgan holda, 2-2,5 ming oilaning bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda suvdan oqilona foydalanish masalalari haqida ham so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida bu boradagi barcha jihatlar belgilab berilgan. Jumladan, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda 2 million gektarda suv tejovchi, shundan 600 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga yiliga 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, raqamlashtirish hisobiga elektr energiyasi sarfini 2 milliard kilovatt soatga qisqartirish kabi ko‘rsatkichlar belgilangan.

Suv xo‘jaligi vazirligi bu vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, yangicha uslubda ishlashi zarurligi ta’kidlandi. 2025 yilga qadar sohani to‘liq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezident g‘alla yetishtirish yakunlariga to‘xtalib, shunday murakkab sharoitda ham dala mehnatkashlari omilkorlik bilan 6 million 400 ming tonnadan ortiq g‘alla hosili yetishtirganini ta’kidladi. Buning uchun barcha fermer, dehqon va klasterlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Videoselektorda, shuningdek, g‘o‘za parvarishi bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hamda takroriy ekinlar ekish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

– Umuman olganda, qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish va sohada bozor iqtisodiyotini keng joriy etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyati va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatadigan juda muhim masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soha mutasaddilari va hokimlar topshiriqlar ijrosini tashkil etish, aytib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf qilish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Yig‘ilish so‘ngida davlatimiz rahbari yana bir bor pandemiya masalasiga to‘xtaldi:

- Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, iltimos qilmoqchiman. O‘tgan davrda juda katta tajriba orttirdik. Keyingi paytlarda iqtisodiyotimizni tiklash uchun karantin tartibini yumshatdik, lekin kasallanganlar va o‘limlar soni ko‘paygani bizni, albatta, katta tashvishga solmoqda.

O‘zimizni, farzandlarimizni, aziz ota-onalarimizni asraylik. Faqat va faqat sog‘lig‘imizni o‘zimiz asrab, oila a’zolarimizni, qarindoshlarimizni sog‘lig‘iga ogoh bo‘lib, yig‘inlarni kamaytirib, karantin normalariga rioya qilsak, kasallikni jilovlab olamiz. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан