Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sadir Japarov o‘zi kim? U qanday qilib hokimiyat tepasiga kelib qoldi?..
18.11.2020 01:39,  
4348

Sadir Nurgojoyevich Japarov 1968 yil 6 dekabrda Qirg‘iziston SSRning Issiqko‘l viloyati (Ken-Suu)da tug‘ilgan. Oilali, 4 nafar farzandi bor.

U haqda...

Sadir Japarov 1986 yil o‘rta maktabni tamomlab, o‘sha yili Frunzedagi Jismoniy tarbiya universitetiga o‘qishga kiradi. O‘qish orasida ikki yil harbiy xizmatda bo‘ladi. Mehnat faoliyatini Sultonko‘l sovxozida boshlaydi. Bu yerda uch yil ishlagach, ikki yil neft kompaniyasi («Kerkey»)ga direktorlik qiladi.

1996-1997 yillarda uni ­Issiqko‘l viloyati politsiyasi ishga chaqiradi. U yerda politsiya maxsus rotasiga inspektorlik qiladi. Keyingi to‘rt yil davomida «Go‘zal» MChJ bosh direktori bo‘ladi. «Lola» inqilobigacha – neftni qayta ishlovchi zavod – «Nurneftegaz» bosh direktori. 2006 yil yuridik fakultetni tamomlab, ikkinchi mutaxassislikni oladi.

Siyosiy faoliyati

S.Japarovning siyosiy faoliyati «Lola» inqilobidan keyin boshlanadi. Askar Akayev bu inqilob natijasida hokimiyatdan ketgan edi. Japarov 2005 yil martida Jo‘g‘org‘i Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) deputati etib saylanadi. U Kurmanbek Bakiyevning tarafdori edi. 2007 yilda Amnistiya bo‘yicha komissiya raisi o‘rinbosari bo‘ladi.

2010 yil Kurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ketgach, u va tarafdorlari O‘sh hamda Jaloloboddagi etnik to‘qnashuvlarda faol qatnashadi. O‘zlarining aytishicha, to‘qnashuvlar oldini olish uchun (ularga qarshilar fikricha esa, qirg‘iz natsionalistlarini qo‘llab-quvvatlash uchun). O‘sha yil oktyabridagi parlament saylovlarida yana deputat etib saylanadi. Va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi bo‘ladi.

Namoyishlar, ayblovlar...

2012 yildan buyon o‘zi tug‘ilgan joy – Issiqko‘ldagi «Qumtor» oltin konini milliylashtirish tarafdori bo‘lib, uning boshqaruvchisini ekologik huquqbuzarlik va korrupsiyada ayblagan. Shular sabab Sadir Japarov yurtdosh («zemlyak»)lari orasida mashhurlikka erishdi. «Qumtor»ni milliylashtirishga bag‘ishlangan namoyishlardan birida namoyishchilar Oq uyni egallab olishga urinishdi. Tashiyev va Japarovga Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksi 295-moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi («Hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olish yoki uni majburan ushlab turish).

2013 yil martida Bishkekdagi Pervomaysk tuman sudi ularni aybdor deb topdi hamda bir yarim yilga ozodlikdan mahrum etadi. Uch oydan so‘ng ular sud zalidan ozod qilindi. 2013 yil 27 iyunda Issiqko‘l viloyati markazi Qorako‘lda «Qumtor»ga qarshi mitinglar payti namoyishchilar viloyat gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olishga harakat qilishdi. Hukumat bularni uyushtirishda Sadir Japarov va Kubanichbek Kadirovni ayblaydi. Namoyish yetakchilari hibsga olinadi, unda ishtirok etmaganini aytgan Sadir Japarov esa mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi. Birmuncha vaqt Kiprda yashab yuradi.

2017 yil Qirg‘izistonga qaytishga urindi. 25 martda qirg‘iz-qozoq chegarasida hibsga olinadi. Oxir-oqibat Emilbek Kaptagayevni garovga olish ishi bo‘yicha 11,5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Oktyabr voqealari

2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalariga qarshi ommaviy namoyishlar boshlanganini bilasiz. 6 oktyabrda ertalab Qamchibek Tashiyev boshchiligidagi namoyishchilar Sadir Japarovni ozod qilib, uni Bishkek markaziy maydoniga olib borishadi. O‘sha kuni kechqurun «Dostuk» mehmonxonasidagi deputatlar Japarovni mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinlashni ma’qullaydi. Biroq «Ata-Meken» partiyasidan Qirg‘iziston bosh vazirligiga yana bir nomzod Tilak Toktogaziyev o‘zini hukumatning qonuniy rahbari deb e’lon qiladi. Chunki u bu lavozimga oppozitsion (qarama-qarshi) partiyalar rahbarlari tomonidan tashkil etilgan Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishida saylangan edi. Toktogaziyev S.Japarovning tayinlanishini noqonuniy deb hisoblaydi, negaki deputatlar uni Sadir Nurgojoyevichning bir necha yuzlab tarafdorlari bosimi ostida ma’qullaganmish. Shuningdek, Japarovning raqiblari parlament kvorumi yo‘qligi hamda uni saylash tartibi buzilganini ta’kidlamoqda.

2020 yil 15 oktyabrda Sooronbay Jeenbekovning iste’fosidan so‘ng Sadir Japarov Qirg‘iziston Prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lib turibdi. U ayni paytda Qirg‘iz Respublikasining 25-Bosh vaziri ham sanaladi.

Endi yangi yetakchining ayrim gaplaridan iqtibos keltiramiz:

  • Maqsadim – mamlakatda adolat o‘rnatish, korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurashish. Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurash siyosiy raqiblarni yo‘q qilish vositasi bo‘lishni to‘xtatadi.
  • Bundan buyon sud islohoti prezident apparati tomonidan emas, balki jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiriladi.
  • Bugundan boshlab «kriminal diktovat qilishni» [o‘z shartlarini o‘tkazishni] to‘xtatadi. Men kafolat beraman!

U o‘zi aytgandek, mamlakatda adolatni o‘rnata olarmikan? Zero, Qirg‘izistonning boshqa rahbarlari shu paytgacha buning uddasidan chiqolmaganki, mamlakatda uch marta inqilob bo‘ldi. Bu yog‘iga-chi?..

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан