Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






SSV: Endilikda ilmiy ish va monografiyalarga uch ish kunida xulosa beriladi
20.11.2020 18:36,  
80

Ushbu sohaga kiritilgan zamonaviy, innovatsion tizim tibbiyot va farmatsevtika ilm-fanini amaliyotga integratsiyasini yanada kuchaytirish hamda ko‘rsatkichlarni, ilmiy-tadqiqot va ratsionalizatorlik salohiyatini oshirish, tadqiqotchilarga keng qulayliklar yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

«Ilgari tayanch doktorant va doktorantura nomzodlari, mustaqil izlanuvchilar o‘z ishlarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazib, xulosa olishlari uchun oylab kutishi va turli qog‘ozbozlikka uchrashiga to‘g‘ri kelardi.

Yangicha mexanizm esa, ayni shu muammolarni bartaraf etibgina qolmay, tizimda shaffoflik, ochiqlik hamda adolat tamoyillarining yanada ustun bo‘lishini ta’minlaydi. Chunki ushbu jarayonda inson omili ishtirok etmaydi. Uslubiy tavsiyanomalar, qo‘llanmalar va monografiyalarga tegishli hujjatlarning barchasi anonim va elektron shaklda Sog‘liqni saqlash vazirligining muvofiqlashtiruvchi — ekspert kengashiga taqdim etiladi. Kengash tomonidan esa 3 ish kunida antiplagiat tizimida tekshiruvdan o‘tkazilib, xulosa beriladi», deydi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov. 

Buyruqqa asosan, vazirlikning muvofiqlashtiruvchi — ekspert kengashi a’zolariga faoliyati uchun lavozim maoshiga nisbatan har oyda belgilangan tartibda foiz belgilanib, doimiy ravishda rag‘batlantirib boriladi. Shuningdek, kengashga tibbiyot va farmatsevtika fanlari bo‘yicha davlat ilmiy dasturlari va dissertatsiya mavzularini shakllantirish, tibbiyotda ilmiy izlanishlarni rejalashtirish va amalga oshirishda ob’yektivlikni kuchaytirish, olingan natijalarni respublika sog‘liqni saqlash tizimida keng tatbiq etish, mamlakatda tibbiyot ilm-fanini rivojlantirish konsepsiyasini tayyorlash kabi bir qator vazifalar yuklatilgan.

«Ayni paytda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida 11ta oliy ta’lim muassasasi va 19ta respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazi hamda 4ta ilmiy-tadqiqot instituti mavjud. Ushbu muassasalarda joriy yil tibbiyot fanlari bo‘yicha 164ta doktorlik dissertatsiyalar himoya qilindi. Shulardan 34 nafari doktorlik (DSc) va 130 nafari fan nomzodlik (PhD) ishlari  hisoblanadi. O‘tgan 9 oy ichida ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra sog‘liqni saqlash tizimida ixtirolar va foydali modellar uchun 5ta patent hamda EHM dasturi uchun 18ta guvohnoma olindi. Sohadagi yangilanish ushbu jarayonlarning operativligi va samaradorligini ikki-uch barobarga ko‘taradi», deydi mazkur muvofiqlashtiruvchi-ekspert kengashi raisi, vazirlikning boshqarma boshlig‘i Akmal Sidikov.

«Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi o‘zgarish va yangilanishlar mamlakatimizda tibbiyot sohasining fundamental va amaliy ilm-fani taraqqiyotini bir qadam ilgarilatib, soha rivojiga ulkan hissa qo‘shishi shubhasiz», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан