Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tog‘li Qorabog‘ nizosidan o‘rganadiganlarimiz bor: Ozarbayjondan ham, Armanistondan ham
29.10.2020 09:00,  
970

Yaponiyada yashab shu narsaga amin bo‘ldim: dunyodagi voqea-hodisalarni yaponlarchalik tez va keng o‘rganib, o‘z davlati va millati uchun undan o‘rnaklar (implications) olishni qoyillatadigan millat kam hisoblanadi. Ishoning, xatto Argentinada bir masala ko‘tarilsa ham undan Yaponiyaga, yapon millatiga va iqtisodiyotiga qanday ta’sir bo‘lishi mumkinligini albatta o‘sha sohaning mutaxassisini efirga chiqarib, tezda so‘rashadi va kitoblar yozib tashlashadi. Bizda esa asosan yurtimiz atrofidagi masalagagina yo‘nalib, dunyo hodisalarining bizga bo‘lgan ta’siri yoki bizga beradigan darslarini o‘z vaqtida o‘zlashtirishni unutib qo‘yamiz, go‘yo.

Endi esa mavzuga qaytsak: Tog‘li Qorabog‘ nizosi bizga nimani o‘rgatadi? Avvalambor, yurtimizning tashqi diplomatiyasi o‘z o‘zanini oldingi yo‘ldan o‘zgartirgani yo‘q: yaqinda Tashqi Ishlar vazirligidan chiqqan bayonotda ham, Ozarbayjondagi elchimiz ham ta’kidlaganidek, biz xalqaro huquqdagi davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitlik prinsipini ustuvor hisoblaymiz. Ya’ni, Tog‘li Qorabog‘ hududi – Ozarbayjonga tegishli bo‘lib, Armaniston qo‘shinlari u yerni xalqaro huquqqa zid ravishda ishg‘ol etib turibdi. Bundan xulosa chiqadiki, yurtimiz bundan keyin ham noqonuniy tarzda separatist harakatlarni qo‘llab-quvvatlamaydi va o‘z navbatida o‘zining hududiga nisbatan ham hududiy yaxlitlik prinsipini qat’iy davo qilib, uni himoya qiladi.

Bundan tashqari yana nimalarni o‘rgansak bo‘ladi? Ikki narsani, biri davlat uchun, ikkinchisi millat uchun. Birini Ozarbayjondan, ikkinchisini Armanistondan o‘rganishimiz lozim.

Davlat uchun o‘rganadiganimiz pilotsiz uchar qurilma - dronlarning yangi zamon urushlarida nihoyatda muhim rol o‘ynashni boshlaganidir. Ozarbayjon armiyasining xalqaro huquqqa xilof tarzda ishg‘ol etilgan o‘z hududlarini Armanistondan qaytarib olishida Turkiya davlati tomonidan taqdim etilgan dronlarning ta’siri aniq bilindi. Quvonarlisi shundaki, bu voqealar rivoji davomida 2020 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirlari o‘rtasida harbiy texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Garchi, bitim moddalari hali ochiqlanmagan bo‘lsada, dronlarning O‘zbekiston armiyasi uchun sotib olinishi ehtimoli yetarlicha mavjud.  

Endi Armanistondan millatimiz uchun nimani o‘rganishimiz mumkin? Aslida, eng qizig‘i shundaki, Ozarbayjon davlatining Kaspiy dengiziga qo‘shniligi, yer osti boyliklarining mo‘lligi, iqtisodiy jihatdan kuchliligiga qaramay, deyarli dushmanlari tomonidan qamal holatda yashaydigan Armanistondan haligacha o‘z hududini tortib ololmayotganligidir. Albatta, bunda tashqi va ichki omillarni yetarlicha ro‘kach qilish mumkin bo‘lsada, ko‘zdan oson qochadigan muhim bir jihat mavjudligini inkor etib bolmaydi: u ham bo‘lsa chet ellardagi, ayniqsa rivojlangan G‘arb va Rossiyadagi arman diasporalarining o‘z vatanlari uchun g‘amho‘rliklaridir.

Masalan, AQSh, Avstraliya, Fransiya va Rossiya kabi davlatlarda armanlarning juda kuchli lobbi guruhlari bor. Ular o‘sha davlatlar siyosatiga, ilm-fan sohasiga va iqtisodiga juda yaxshi singib o‘rnashishgan. Hatto, Fransiyadek davlatni Turkiyaga qarshi 1-jahon urushida davrida go‘yoki armanlarga qarshi Usmonlilarning genotsid uyushtirganini ham tan oldirishgacha borishdi. Buni hatto AQSh ham qo‘llab-quvvatladi. Ko‘rganingizdek, xorijdagi arman diasporasi shu darajada kuchli. Ozarbayjonning esa bunday tashqi diasporasi borligini hatto bilmaymiz ham. Balki bu holat Armanistonning qadimdagi urushlarida millatning turli tomonga tarqalgani va iqtisodiy qiynalganligi uchun kuchli migratsiya fakti bilan bog‘lashimiz mumkin. Lekin shunday bo‘lsada, haligacha dunyo afkor ommasi ko‘z o‘nggida xalqaro huquqning eng mo‘’tabar qoidalariga zid ravishda boshqa davlat hududini egallab turgani turlicha rad etish va hatto yangi hududlarni talab qilishgacha yetib borish ortida tashqi arman diasporasining juda kuchli o‘rni bor.

Xo‘sh, biz bundan nimani o‘rganamiz: xorijda yaxshi o‘rnashgan vatandoshlar guruhlari vatan va millat uchun kerak paytda juda yaxshi madad bo‘la olishini tushunishimiz kerak. Shu paytgacha yurtimizdan tashqariga migratsiya davom etib keldi. Keyingi 3-4 yilda hatto tezlashdi ham. Grin karta o‘ynashda, Rossiya, Janubiy Koreyaga ishlashga ketishda, Yaponiyaga o‘qishga kelishda hali ham mintaqada yetakchimiz. Ammo, ko‘pchiligimiz pasportni o‘zgartirib, chet o‘lkaning fuaroligini olishni hali ham ona vatanga xiyonat deb o‘ylaymiz.

Aslida unday emas! Va armanlar buning aksi ekanligini amalda isbotlashdi. Hozirda Moskvadan tortib Parijgacha, Londondan tortib Las Vegasgacha bo‘lgan barcha yirik shaharlarda arman diasporalari (o‘zlarining talqinlaridagi) qadimiy vatanlarini himoya qilish uchun pul yig‘ishmoqda, yashab turgan kuchli davlatlar siyosatiga tasir qilishmoqda va hatto kuchli universitetlardagi arman professorlari ham qonuniy harakat qilayotgan Ozarbayjonga qarshi axborot urushiga qo‘shilmoqda.

Tushunaman, oldingi siyosat davrida ko‘pchiligimiz fuqarolikni o‘zgartirishni yoki uni o‘zgartirganimizni e’lon qilishdan, bildirishdan cho‘chirdik. Chunki, cho‘chitilgandik. Ammo hozir unday emas. Yangi hukumat chet eldagi vatandoshlar – O‘zbekiston fuqarolari emas – O‘zbekistonni vatanim deydigan barcha insonlar bilan yaqindan va konstruktiv muloqotni boshladi. Bu juda yaxshi siyosatdir. Endi esa agar biz xorijda yashab turgan joylar bizga yoqsa, u yerda uzoq qolishni o‘ylasak, qo‘rqmay o‘sha davlatlarlarga joylashishimiz, fuqaroligini olishimiz, tijorat va ilm bilan shug‘ullanishimiz va hatto siyosatiga qadar qo‘rqmay kirishimiz lozim. Borgan joyimizni tilini, tarixini, madaniyatini o‘rganaylik, farzandlarimizga o‘rgataylik, soliqlardan qochmasdan to‘laylik. Mahalliy tadbirlarda qatnashaylik, hayriya aksiyalaridan qolmaylik, natijada mahalliy aholida yaxshi taassurot qoldiraylik. Yurtimiz nomiga bundan ortiq investitsiya kam topiladi. 

Toki yurtimizga biror narsa bo‘lganda, o‘zbekning, O‘zbekistonlikning hayqirig‘i dunyoning kuch burchaklari hisoblangan Vashingtondan, Parijdan, Madriddan, Tokiodan, Moskvadan va xatto Bryusseldan yangrasin. O‘zbekistonni 448.000 kv km deb tushunish uni dunyodan uzib qo‘yishni, dunyo siyosatini tushunmaslikni anglatadi. Vaholanki, butun dunyodan turib o‘ylash vaqti keldi. Balki, bu yo‘lda ikki yoki ko‘p fuqarolik tizimini joriy etish ham bir yechimdir, kim bilsin. Lekin, "iqtisodiy diplomatiya"ni tashqi diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan bugungi O‘zzbekiston davlati uchun dunyo bozorlariga kira olish, mahsulot va xizmat ko‘rsatishning global qiymat zanjiriga (global value chain) qo‘shilish uchun ham vatandoshlarimizning turli davlatlarning shirkat va muassasalarida faoliyat yuritishlari bo‘lmasa bo‘lmas holatdir. Uning samarasini chet ellardagi firmalarda ishlayotgan vatandoshlarimizning (fuqaroligi o‘sha davlatniki bo‘lsa ham) davlatimiz elchixonalari uchun berayotgan samimiy yordamlaridan osongina bilib olsa bo‘ladi. Chunki, mahsulot ishlab chiqarilsada, unga bozor topib, marketing qila olishning qiyinligini, hatto davlat boshlig‘i ham bir necha barobar ta’kidladi.

Shunday ekan, Qorabog‘ning bizga o‘rgatadigani – xorijda o‘rnashishdan cho‘chimaslik, u yerdagi jamiyatga o‘z millatimiz madaniyatini saqlagan holda uyg‘unlasha olish va biz turgan xorij davlati va ona vatanimiz o‘rtasida chiroyli ko‘prik bo‘la olish – mana shudir. Chunki, chamadon kayfiyatda turish orqali biz turgan davlat va uning jamiyatini o‘rganishimiz ham, u yerga o‘zimizning ijobiy hissamizni qo‘shishimiz ham kechikadi. Natijada kelajakda yurtimiz uchun ham (biroz pul topishdan boshqa) ko‘p ish qilishga yaramaymiz.

Noto‘g‘ri tushunilmasin: ‘brain-drain’ deya nomlanmish aqlli kadrlarimizning chetga chiqishiga undash emas bu. Shundoq ham davom etayotgan va allaqachon ohirgi 30 yilda yuz berib ulgurgan bir necha millionlik migratsiya oqimidan to‘g‘ri foydalanaylik qilaylik degan chaqiriq, xolos.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан