Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiy til islohoti yoxud “Navoiy o‘zini o‘zi o‘ldirgan”mi?!
9.02.2020 10:08,  
1511

Hazrat Alisher Navoiy asarlarini o‘qigan sari mag‘zi chiqib kelaveradi. Demoqchimizki, har bir matnga yangidan yondashilganida yangidan yangi ma’nolari kashf bo‘ladi. Buni ko‘p navoiyshunoslar ham e’tirof etishgan. Ma’lumki, Navoiyga qadar adabiy tilimiz tarqoq ravishda, ayrim hududlardagina yuzaga kelgan bo‘lib (masalan: o‘g‘uz, qipchoq, uyg‘ur tili singari), ular bir-biridan anchagina farq qilar edi. Navoiy katta hududdagi mazkur tarqoq adabiy tilni uslub jihatidan ham, tarkib jihatidan ham birlashtirgan deyish mumkin. Shuningdek, mazkur hududlardagi shevalar, lahjalar va ayrim tillardagi asosiy xususiyatlarni o‘zining badiiy-amaliy faoliyati bilan yagona umumiy til darajasiga keltirdi, adabiy tilni sayqallashtirdi va yangi bosqichga olib chiqdi.

Albatta alloma tomonidan asoslangan adabiy til uzoq yillar davomida faqat o‘zbeklar uchungina emas, balki boshqa turkiy xalqlar uchun ham adabiy til sifatida xizmat qilib kelganligini ta’kidlash joiz. Bu o‘rinda “o‘zbek” atamasini shartli ravishda qo‘llamoqdamiz, chunki u zot davrida hozirdagi millatni ifoda qiladigan bu so‘z qo‘llanmagan. Aynan Navoiy asarlari, xususan, “Farhod va Shirin” dostonida u yaratgan adabiy tilning Xitoydan Xurosonga, jumladan, Sheroz va Tabrizgacha tarqalganligi, Movarounnahrning esa, shubhasiz, shu hududlar markazi bo‘lganini bilasiz.

 Shuningdek, adabiy tilning manbalari, xususan, xalq shevalari va ularda so‘zlashuvchi xalqlarninng turli-tuman etnik tarkiblari ham aytilgan. Navoiy asoslagan adabiy til manbalari qatoriga hozirgi milliy til uchun xos bo‘lgan uchta katta lahjaning, ya’ni qarluq-chigil-uyg‘ur, qipchoq, o‘g‘uz lahjalarining barcha shevalari kiradi. Bu shevalar esa eski o‘zbek adabiy tilining bevosita davomi bo‘lgan hozirgi milliy adabiy tilimiz uchun ham manba bo‘lib hisoblanadi.

Darvoqe, hozirga kelib Navoiy asarlarini chop etishda ayrim e’tiborsizliklar va xatolar uchrab turishi to‘g‘risida gaprib o‘tmasak bo‘lmaydi. Bu borada kuyunchak navoiyshunos olim Vahob Rahmonov menga shu xususda kinoya ohangida aytib qoldilar.

 – Bilasizmi, ikkita “yangilik” bor. Birinchisi, Alisher Navoiy uylangan ekan. Xotini bo‘lgan ekan. Ikkinchisi, Navoiy o‘z joniga qasd qilgan, ya’ni o‘zini o‘zi o‘ldirgan ekan! Sababi esa, xotinining naslsizligi – tug‘masligi ekan.

Bu gapdan yoqa ushlab domla so‘zinizni ochiqlang, u zotning o‘limi tafsilotlari Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida batafsil aytilgan-ku yo boshqa biz bilmaydigan manba chiqib qoldimi, deb taajjubga tushdik.

Shunda domla Navoiy asarlarining to‘plami chiqqan kitoblarda shunday chalkashlikni ko‘rgandan keyin nima ham derdim. Hazratning “Xazoyin ul-maoniy” devonlarining har bir baytini sinchiklab o‘qishimni o‘zingiz yaxshi bilasiz. Kechagina “Navodir ush-shabob”ning 189-betidagi bir baytni o‘qidimu, shu “yangilik”ni topdim. Qani, Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning yigirma jildligidan to‘rtinchi tomini olaylik, dedilar.

Olim 4-jild 189-betdan misol keltirdilar. 259-g‘azalning maqta’sini bir ifodali o‘qib, mazmunini mulohaza qildilar.

Gar Navoiy hajr aro o‘lturdi o‘zni yo‘q ajab,
Qildi yori naslidin novmid qolg‘ondin bu ish...

Navoiyning o‘zlari: “Agar Navoiy ayriliqda o‘zini o‘ldirsa ajab emas. Chunki yori naslsizligidan noumid bo‘lgani tufayli bu ishni qildi” dedilar kinoya bilan. Biroq, matnda qandaydir bir xatolik bor edi.

Vahob Rahmonov “ana shu baytdagi “naslidin” so‘zining birinchi “n” harfini o‘chirib, “v”ga isloh qiling. Va nuqtayu e’roblarini joy-joyiga qo‘yib, yana bir bor o‘qing?” – dedilar.

Gar Navoiy hajr aro o‘lturdi o‘zni yo‘q ajab,
Qildi yori vaslidin novmid qolg‘ondin bu ish...

Hayriyat. Olim bu nuqsonni o‘z kitobimda tuzatdim. Qolgan 7499 ta kitobning xatosini kim aytadi-yu, kim tuzatadi?! –deb kuyundilar.

Ana shu tariqa Hazratning asarlari xatolar bilan chiqayotgani sir emas. Bunday xatolardan xoli bo‘lish uchun bugungi kunda kuchli navoiyshunos olimlar kerak. Yangi talqinda navoiyni o‘rganayotgan yosh tadqiqotchilar ham bor. Eng asosiysi, diniy talqinda hali Navoiy hazratlari to‘la o‘rganilmadi.

Alisher Navoiy fors-tojik tilida qaysi tur, qaysi janr va uslubda asarlar yaratilgan bo‘lsa, shularning barchasida o‘zbek tilida ham asl asarlar yozdi. U zot fors-tojik so‘z san’atkorlari bilan ijodiy musobaqalashdi. O‘zbek tilining leksik, grammatik boyliklarini namoyish etdi va ularni ma’lum qolipga, tartibga solishga intildi.

Navoiy leksik me’yorlarini belgilashda hayotninng turli sohalarini tegishli bir qancha turkiy so‘zlarni o‘z asarlarida istifoda etdi. Ular quyidagilardan iborat:

  1. Oziq - ovqat nomlari: qaymoq, qatlama, qurut, suzma, qimiz, tutmoch, umoch, mantu.
  2. Chorvachilikka oid so‘zlar: arg‘umoq, tayya, g‘unan, dunan, to‘qum chilvir, jabildir.
  3. Kiyim- kechak nomlari: dastar (salla), qilmoq, to‘ppi, terlik, qur.
  4. Ov hayvonlari nomlari: kiyik, to‘ng‘uz, suyqun, bug‘u, qilchoqchi, maral kabi.

Alloma o‘zbek tilining leksik me’yorlarini belgilashda arab, fors-tojik tili so‘zlaridan ham foydalangan. Chunki o‘sha davr adabiy janri va uslubi mazkur tillar unsurlaridan foydalanishni taqozo etar edi.

Ayniqsa, - iy, - var, - sar, - nak, -vash fors-tojik, - ayn, - in, - at singari arabcha affikslar ham uchraydi: zindoniy, ko‘har (tog‘lik), g‘amnok, parivash, lug‘atayn, zulfayn (ikki soch o‘rimi), muslimin, mutahayyirin, harakat, barakat, xayolot kabi.

Hazrat Navoiy grammatik me’yorlarni belgilashda ham samarali ish olib bordi. U o‘z asarlari grammatik shakllarining ixchamligiga va so‘z yasash texnikasiga mas’uliyat bilan qaradi. Ixcham grammatik shakllar orqali yangi so‘zlar hosil qilishga, yangi ma’no ifodalashga katta e’tibor berdi.

Navoiy o‘z asarlarida ot yasovchi -chi affiksining kasb-hunar oti, lavozim nomi va ovchilikka oid atamalar yasashini me’yoriy holat deb ko‘rsatadi: qushchi, qo‘riqchi, suvchi, xazinachi, qo‘rchi, quchi, shilanchi, yo‘rtchi.

Shuningdek, shoirasarlarida – chi affiksi vazifasida keluvchi, asosan lavozim bilan bog‘liq so‘zlar yasagan, hozirda arxaiklashgin - vul ham ishlatilgan: yakavul –“yo‘l boshlovchi”, kiptavul – “qo‘rg‘on qorovuli”, qaravul, chapavul, yasavul, bakavul kabi.

Navoiy tilida o‘sha davr uchun normal hisoblangan harakat nomi yasovchi qo‘shimchasi qo‘llanilgan: qabal, yasal, tutkal. Bu affiks hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjud emas.

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilininng leksik va grammatik xususiyatlarini tartibga solar ekan, uning badiiy asarlar yaratish uchun keng imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatib bo‘lgan.

So‘z avvalida aytganimizdek, u zotning adabiy merosini bugun qancha o‘rgansak oz va yana yangi ma’nolar xazinasiga duch kelaveramiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан