Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Ularning ham niyati — O‘zbekistonni rivojlantirish. Yangi O‘zbekistonni hammamiz birgalikda quramiz», — Shavkat Mirziyoyev saylovda unga raqiblik qilganlar haqida
26.10.2021 08:19,  
141

Markaziy saylov komissiyasi 2021 yil 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Shu munosabat bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Humo Arena majmuasida tadbir o‘tkazdi. Unda partiya faollari va partiyaga xayrixoh insonlar qatnashdi.

Monitorlarda Markaziy saylov komissiyasining saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani onlayn tarzda namoyish etildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev saylovda qatnashganlar umumiy sonining 80,1 foiz ovozi bilan g‘alaba qozongani e’lon qilindi.

Tadbirda Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi.

«Shunday ulug‘ xalqning ishonchi men uchun katta baxt! Menga shuncha ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha partiyadoshlarimga, yoshlarga, aziz farzandlarimga, munis onalarim va nuroniy otalarimizga ta’zim qilib, rahmat aytaman. Bu ishonch menga kuch bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, ichki dunyom bilan sezamanki, bu juda katta mas’uliyat va javobgarlik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi tahlikali zamonda murakkab sinovlar ko‘p bo‘lgani, o‘zbek xalqi jipslashib, fidoyiligi va mehnatsevarligi bilan ulkan natijalarga erishayotgani qayd etildi.

«Oxirgi besh yilda qanday-qanday sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik. Biz bu sinovlarda toblandik. Bir-birimizga mehrimiz oshdi. Jipslashdik. Xalqimiz birlashsa, nimalarga qodirligini butun dunyo yana bir marta ko‘rdi», — dedi Prezident.

Bu yilgi saylov ilk bor Saylov kodeksi asosida, demokratik ruhda, ochiq-oshkora o‘tgani ta’kidlandi.

«Ko‘plab davlatlardan, katta xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar keldi. Ular xohlagan saylov uchastkasiga borib, yaratilgan sharoitlarni, odamlarimiz ertangi kunga befarq emasligini, saylovda faol qatnashganini, oilalari bilan kelib ovoz berganini ko‘rdi. Bu xalqimizning ruhiyati, kayfiyati, siyosiy madaniyatidan dalolat.

 

Joylardagi uchrashuvlarda odamlar har bir soha bo‘yicha, o‘z shahri yoki tumani bo‘yicha dolzarb takliflarni bildiryapti. Tanqidlar ham bo‘lyapti. Bu ham hayotimiz o‘zgargani, demokratik islohotlar natijasi. Yana bir marta aytmoqchiman: orqaga yo‘l yo‘q. Endi O‘zbekiston faqat olg‘a boradi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari barcha xorijiy va mahalliy kuzatuvchilarga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, ommaviy axborot vositalari vakillariga rahmat aytdi.

Prezident saylovida boshqa siyosiy partiyalardan ilgari surilgan nomzodlarga ham minnatdorlik bildirdi.

«Ularning ham niyati — O‘zbekistonni rivojlantirish. Shuning uchun ularning dasturidagi xalqimizga ma’qul takliflarni, albatta, inobatga olamiz. Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib, harakat qilishimiz kerak. Men xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, orzu-umidlarini ushaltirish, farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratim va salohiyatimni sarflashga va’da beraman. Yangi O‘zbekistonni hammamiz birgalikda quramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан