Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Uyiga Prezident tashrif buyurgan yigitni sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent viloyati hokimi va shifokorlar ko‘rgani kelishdi
21.03.2021 08:37,  
2881

Kuni kecha 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Chirchiq shahridagi xonadonlardan birida bo‘lgan edi. Yanvar oyida turmush o‘rtog‘i vafot etgan Anifiyaning katta o‘g‘li Vladislav bundan uch yil oldin basseynga noqulay sakrab umurtqasi va oyog‘idan, 2-o‘g‘li ham xokkey bilan shug‘ullanish davomida oyog‘idan qattiq lat yegan. 

Davlat rahbari Vladislav bilan suhbatda bizdan, tibbiyotimizdan biror yordam kerakmi,senga nima yordam bera olamiz, deya so‘ragan edi. Bunga javoban Vladislav avvaliga hijolat tortib, keyin reabilitatsiya uchun yordam kerakligini, davolanishda asosan o‘zi harakat qilishi, sog‘ayishi organizmiga bog‘liqligini, davolanishiga yordam berishga qodir murabbiy topganini, biroq uning Toshkentdan kelib, 12 soat shug‘ullanishi 100 dollar ekanini Prezidentga ma’lum qildi.

Shundan so‘ng davlat rahbari: “Murabbiy kelsin, keyin Sog‘liqni saqlash vazirligidan ham birortasi kelsin. U bilan gaplashsin, doktor sifatida nima kerak bo‘lsa, yordam bersin", — deya mas’ullarga topshiriq bergan edi.

20 mart kuni Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev hamda travmatologiya va nevroxirurgiya bo‘yicha mutaxassis shifokorlar Vladislavning sog‘ligini tekshirish uchun uning uyiga tashrif buyurishdi.

Mutaxassislar tomonidan yuqoridagilarni hisobga olgan holda va bemorni to‘liq reabilitatsiya qilish uchun quyidagilar tavsiya etildi:

  • uy sharoitida reabilitatsiya mashg‘ulotlarini davom ettirish;
  • uyning kirish qismida pandus qurishni tashkil etish.

Shuningdek, bemorga shifokorlar tomonidan reabilitatsiya choralari, mashqlar terapiyasi, jismoniy muolajalar, yashash joyidagi travmatologning doimiy kuzatuvida bo‘lish tavsiya qilingan.

Vladislav ahvolidan xabar olingach, “Daryo” muxbiri shifokorlardan biri – Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan suhbatlashdi.

– Mana, Vladislav ahvoli bilan tanishib oldingiz, aytingchi, uning tuzalib ketishiga umid bormi?

– Avvalambor shuni aytish kerakki, bu yigitimizning o‘zi — sportchi. Biz tekshirib ko‘rganimizdan keyin muskullarining sezuvchanligi bel qismigacha tushgani aniqlandi. Yigit o‘zini tashlab qo‘ymagan. Bu bola bilan gaplashganda bildimki, bu bolaning irodasi kuchli, unda judayam kuchli ishonch bor.

Jarohat to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu juda og‘ir jarohat. Yoshlarimiz suv havzalarida cho‘milayotganda judayam ehtiyot bo‘lishi kerak. O‘ziga juda qattiq ishonib yuborish kerakmas. Ana shu bosh bilan sho‘ng‘igan vaqtda jarohat olgan.

Shu kungacha qilingan muolajalar yaxshi yordam bergan. Men o‘ylaymanki, jarohat og‘irligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu bolaga faqat vaqt kerak bo‘ladi. Lekin bu bola orqa miyaning zararlanishi va umurtqa sinishi bilan bog‘liq jarohatdan so‘ng o‘zini tashlab qo‘ymagan.

Bugun bizning, mana kecha davlatimiz rahbarining tashriflaridan so‘ng yigitning ishonchi va irodasi kuchaydi. Biz Vladislavni tashlab qo‘ymaymiz. Har doim xabardor bo‘lib turamiz.

Boya o‘ziga ham tushuntirdim, agar biz sog‘lom odamni 1 hafta qimirlatmasdan yotqizib qo‘ysak, uning 85 foiz mushaklarining tonusi ketib qoladi. Agar bu jarayon yillar davomida davom etsa,bu muskullar lattaga aylanib qoladi. Lekin bu yigitimizda bu narsa yo‘q. Qo‘l muskullarining tonusi yaxshi saqlangan.

Men o‘ylaymanki, bizning ko‘rigimiz va tavsiyalarimiz Vladislavga kuch bag‘ishlaydi.

– Davolash bo‘yicha qanday rejalar qilingan?

– Vladislavda amaliyotlar bajarilgan, mana bizning Nevroxirurgiya markazimiz tomonidan ko‘p ishlar qilingan. Ya’ni, kelgan vaqtda to‘g‘ri muolajalar o‘tkazilib, bemorni to‘g‘ri yo‘nalishda davolashgan. Men o‘ylaymanki, shularning natijasida yigit hozirgi holatga keldi. Bundan keyin, mana biz hozir konsilium qildik. Bemorga hozircha operativ davo muolajalariga ko‘rsatma yo‘q. Hozir faqat vaqt kerak va shu vaqt davomida bizlar reabilitatsiya o‘tishimiz kerak. Reabilitatsiya — bu bemorning ruhiy va jismoniy holatini hayotga qaytarish, — deydi Murod Irismetov.

Shuningdek, bemor haqida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi shifokori G‘ayrat Kariyev ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

– Bemorning jarohat olganiga uch yil bo‘lgan. Bizning markazga olib kelinganida juda og‘ir ahvolda edi. Orqa miyasi va umurtqasi jiddiy jarohat olgandi. Uning boshi va bo‘ynidan boshqa yeri harakatlanmasdi.

Davolanishning 5-kuni yelka sohasi va qo‘llari harakatlana boshlagan. Shundan uch yil o‘tdi. Bu vaqt davomida bolaning otasi uni mamlakatimizda va Rossiyada davolatgan. Shuningdek, bolaning otasi uning uyida sportzal tashkil qilib bergan. Unda yigit doim shug‘ullangan.

Davo topishga umid bor, yigit mashg‘ulotlarni to‘xtatmasligi kerak. Uning ko‘zlarida ishonch bor, unda optimizm bor. Lekin nimadir deyishga baribir erta. Vaqt kerak, muolaja kerak.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан