Xitoy yana asosiy savdo hamkorimizga aylandi

Xitoy yana asosiy savdo hamkorimizga aylandi

Joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $12,985 mlrd.ga yetdi. Bu esa o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan $2,455 mlrd. kamroq, deya xabar beradi Statistika qo‘mitasi.

Eksport umumiy hajmi $5,143 mlrd.ni tashkil qilmoqda (bir yil avvalgiga qaraganda 15,6 % kamroq). Import esa $7,841 mlrd. (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,1 % kamroq).

Joriy yilning besh oyi yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha yana peshqadamga aylandi (bundan ikki oy oldin Rossiya birinchi o‘rinni egallagan edi) - o‘zaro savdo hajmi $ 2,325 mlrd.ni tashkil etdi, bu bir yil avvalgidan sezilarli darajada kam (o‘shanda $ 2,977 mlrd. edi). Ikkinchi o‘rinda Rossiya (2,2 milliard dollar), uchinchi o‘rinda Qozog‘iston (1,091 milliard dollar). Keyingi o‘rinlarni Janubiy Koreya (943,5 million dollar), Turkiya (709 million dollar) va Qirg‘iziston (302,8 million dollar) egallagan. 

Tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi (35,4%) MDH mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda mintaqa ulushi o‘sib bormoqda.

Oltin asosiy eksport bo‘lib qolmoqda - besh oy ichida O‘zbekiston 1,642 milliard dollarlik tilla sotgan. Sanoat mahsulotlari (924,9 million dollar), xizmatlar (879,5 million dollar) va oziq-ovqat va tirik hayvonlar (421,2 million dollar) keyingi o‘rinlarni egallagan.

Eksport tarkibining 82,9% tovarlar, asosan sanoat (18%), shuningdek oziq-ovqat va tirik hayvonlar (8,2%), mineral yoqilg‘i, moylash moylari va shunga o‘xshash materiallar (7,5%)dan iborat. 

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 542,4 ming tonnadan ortiqni, qiymat jihatidan esa $ 305,1 mln.dan oshdi (pasayish darajasi 2019 yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 10% va 40.9%). Meva va sabzavotlarning asosiy eksport bozorlari Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Afg‘onistondir.

To‘qimachilik eksporti tarkibida asosiy ulush paxta tolasi (50,2%) va tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari (26,4%) hisoblanadi. Yanvar-may oylarida 348 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari 55 mamlakatga eksport qilindi.

O‘zbekistonga eng ko‘p mashina va transport uskunalari (2,9 milliard dollar), sanoat mahsulotlari (1,294 milliard dollar) va kimyoviy mahsulotlar (1 milliard dollar) import qilindi. O‘zbekistonga, asosan, Xitoy ($1,657 mlrd.), Rossiya ($1,563 mlrd.) va Janubiy Koreyadan ($926 mln.) import qilingan.