Farg‘onadagi «Xizr buva» ziyoratgohida o‘g‘rilik qilib yurgan ayol ushlandi

Farg‘onadagi «Xizr buva» ziyoratgohida o‘g‘rilik qilib yurgan ayol ushlandi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida «Xizr buva» ziyoratgohida o‘g‘rilik qilgan 35 yoshli ayol qo‘lga tushdi. Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 2 aprel kuni soat 11:30 larda noma’lum shaxs ziyoratgohga kelgan 54 yoshli M.U.ning kiyimi cho‘ntagidan 600 000 so‘m va 41 yoshli S.Sh.ning sumkasidan 500 000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan. Rishton tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan 35 yoshli M.E. sodir etgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan va uning yonidan chiqqan 875 000 so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda masjiddan oyoq kiyimlar o‘g‘irlagan erkak ushlangani haqida xabar berilgan.