Mard mas’ullarimizdan izoh kutamiz... — Kusherbayev benzin narxining oshishi va sohadagi talon-torojliklar haqida

Mard mas’ullarimizdan izoh kutamiz... — Kusherbayev benzin narxining oshishi va sohadagi talon-torojliklar haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yoqilg‘i narxining oshishi va neft mahsulotlari talon-torojliklari haqida o‘z munosabatini bildirdi.

"Benzin narxi ko‘tarilishda davom etmoqda. Bu esa xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida narx oshishiga ta’sir qiladi.

Masalan AI-91 benzini AYoQShlarda bir litr uchun 7200 so‘mdan sotilishni boshlabdi. Mahalliy monopol zavodimizdan chiqayotgan avtomobillarning aksariyati esa aynan ushbu marka benziniga moslangan.

Kamiga yaqinda «O‘zbekneftgaz» AJ Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 185,7 milliard miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edi.

Jumladan, Jizzax neft bazasida o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘m, Buxoro neft bazasida o‘rtacha qiymati 20,7 mlrd so‘m, Andijon neft bazasida o‘rtacha qiymati 19 mlrd so‘mlik neft mahsulotlari talon-taroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan yuzasidan huquq-tartibot idoralari tegishli tartibda ish olib borishadi, deyilgan edi.

Lekin shu kunga qadar, masalan eng ko‘p 146 mlrd so‘mlik talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan Jizzax neft bazasidagi holat bo‘yicha na prokuratura va na boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar chora ko‘rganini eshitmadik.

Jamoatchilik nazoratining sub’yekti, qolaversa xalq vakili sifatida shaxsan bizga bu ishlarga qay darajada huquqiy baho berilganligi qiziq.

Yo bu ham imi-jimida yopib yuborildimi?

Mard mas’ullarimizdan izoh kutamiz..." deb yozadi Kusherbayev.