O‘zbekistonda “Andijon muzqaymog‘i” brendi va sotuv aravachasi rasman patentlandi

O‘zbekistonda “Andijon muzqaymog‘i” brendi va sotuv aravachasi rasman patentlandi

Toshkentda “Andijon muzqaymog‘i” laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganida 1 tonnadan oshiq mahsulot sog‘liq uchun xavfli bo‘lib chiqqandi. Laboratoriya tekshiruvida muzqaymoq tarkibida ichak tayoqchasi qo‘zg‘atuvchisi va stafilokokk aureus qo‘zg‘atuvchisi aniqlangani haqida xabar bergandik.  

“Andijon muzqaymog‘i” egasi Hikmatillo Madrahimov Bu kun ko‘rsatuviga bergan intervyusida sifatsiz chiqqan muzqaymoq uniki emasligini ma’lum qildi. 

“Tadbirkorlik ro‘yxatida yo‘q odamlar ham uy sharoitida ishlab chiqarib, sotishyapti. Reydlarda tushgan muzqaymoqlarda bizning mahsulotimiz yo‘q edi”, - deydi tadbirkor.

“Andijon muzqaymog‘i”ni patentlagan tadbirkor Hikmatillo Madrahimov muammoga yangicha yechim topganini aytdi. 

“Har bir biznesda raqobat bor. Nima qilsak, mijozlarimiz brendimizni ko‘rib, sotib ololadi degan maqsadda yangi aravachalar ishlab chiqardik. Bu aravachalarni ham “Andijon muzqaymog‘i”ga o‘xshab patentladik”, - deydi 50 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkor. 

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tez orada haqiqiy “Andijon muzqaymog‘i” sotiladigan 40 ta aravacha yetib keladi.