Toshkent teleminorasidagi O‘zbekiston bayrog‘i almashtirildi

Toshkent teleminorasidagi O‘zbekiston bayrog‘i almashtirildi

Toshkent teleminorasiga o‘rnatilgan O‘zbekiston davlat bayrog‘i almashtirildi. Bu haqda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Avvalroq Toshkent shahrida 23 may kuni kuzatilgan yog‘ingarchilik vaqtida teleminoraga chaqmoq urilgani va uning uchidagi bayroq yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Keyinroq ushbu xabar o‘z tasdig‘ini topmagan. «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» minorani chaqmoq urmagani, balki «qizil chiroq shu’lasi bayroqqa tushgani»ni ma’lum qilgan edi.

«Respublikamizning noyob arxitektura inshooti bo‘lmish Toshkent teleminorasi kuchli chaqmoq urishiga qarshi himoya tizimi va yerga ulanish konturlari bilan ta’minlangan bo‘lib, chaqmoq urish xavfidan to‘liq himoyalangan. Bugungi kunda Toshkent teleminorasida barcha texnik qurilmalar barqaror ishlamoqda va aholiga teleradiodasturlar uzluksiz tarqatib kelinmoqda», — deyilgandi munosabatda.