Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Koronavirusdan vafot etgan musulmonlar ham shahid hukmida bo‘ladimi?
8.05.2020 19:18,  
1170

Dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirusga chalinganlar soni 3,5 milliondan oshdi, qurbonlar 270 mingga yetdi, lekin u chekinmadi. Yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. 8 may holatiga ko‘ra, 2324 yurtdoshimiz bu kasallik azobini tortib, 10 nafar fuqaromiz vafot etdi.

Diniy ulamolar bu kasallikdan vafot etganlar shahid bo‘lishini aytmoqda. O‘zA shahidlik darajasi bilan bog‘liq holatlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Hikmatulloh TOShTEMIROVga murojaat qildi.

– Diniy manbalarga nazar solsak, shahidlik darajasiga faqat Alloh yo‘lidagi jangda o‘lganlargina emas, balki boshqa toifa mo‘minlar ham erishishi ma’lum bo‘ladi, – dedi H.Toshtemirov. – Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘lim to‘shagida yotgan sahoba Abdulloh ibn Sobit roziyallohu anhuni ko‘rgani keldilar. Shunda sahobiyning qizi: “Koshki bunday o‘lim topganlaridan ko‘ra shahid bo‘lsalar edi”, dedi. Unga javoban Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Unday bo‘lsa, ummatimni ichida shahidlar juda kam ekanda!? Alloh taolo unga niyatiga yarasha beradi. Sizlar shahidlikni nima deb o‘ylaysizlar?” dedilar. Ular: “Alloh yo‘lida halok bo‘lish”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deb marhamat qildilar: “Allohning yo‘lida o‘lishdan tashqari shahidlik yetti xildir: vabodan o‘lgan shahid, cho‘kib o‘lgan shahid, zotiljamdan o‘lgan shahid, qorin og‘rig‘idan o‘lgan shahid, kuyib o‘lgan shahid, biror narsa ostida qolib o‘lgan shahid, homilasi (tug‘ruq) sabab o‘lgan shahiddir”.

Ya’ni, haqiqiy shahidlik Alloh yo‘lida dushman bilan jangda o‘ldirilish bo‘lsa (uni kiyimi bilan, yuvmasdan janoza o‘qib, ko‘miladi), Payg‘ambarimiz alayhissalom yuqorida sanagan yetti toifa insonlar hukmiy shahidlik darajasiga erishadi. Ularga o‘limi oldidan qattiq og‘riq va alamni his qilgani sababli shu daraja beriladi. Bu dinimizning turli fojialarda vafot etgan insonlarga katta marhamatidir. Hukmiy shahidlar ham haqiqiy shahidlar kabi Alloh taoloning to‘liq mukofotiga sazovor bo‘ladi. Ularning haqiqiy shahiddan farqi yuviladi, kafanlanadi va janoza o‘qib dafn qilinadi.

Koronavirusning qurbonlari tarixda bo‘lgan vabolarnikidan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas. Demak, koronavirusdan vafot etayotgan mo‘min-musulmonlar ham vabodan o‘lganlar kabi shahid hukmidadir. Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda vabodan vafot etganlar nima sababdan shahidlik martabasiga erishishi ochiq bayon qilinadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Vabo – (avvalgi paytda) Alloh taolo o‘zi xohlagan kishilarga yuboradigan azob edi. (Keyin) Alloh taolo uni mo‘minlarga rahmat qildi. Qaysi bir banda vaboga uchrasa va o‘z shahrida sabr qilib, savob umidida (shahardan chiqib ketmasdan) tursa, Alloh taolo taqdir qilgan narsagina unga tekkanini bilsa (e’tiqod qilsa), unga shahidning ajricha savob beriladi”.

Bu hadisi sharifdagi muhim nuqta, vabo paytida musulmon shahid darajasiga yetishi uchun bir nechta shartlar bor:

  • 1. Vabo chiqqan shaharda besabrlik qilmasdan, jazavaga tushmasdan sabr bilan, Alloh taoloning taqdiriga rozi va taslim bo‘lib muqim turish.
  • 2. To‘g‘ri e’tiqodda bo‘lish, ya’ni ehtiyot choralarini ko‘rish bilan birga, unga faqat Alloh taolo belgilagan narsa bo‘lishiga ishonish.
  • 3. Vabo paytidagi qiyinchiliklar evaziga savob umid qilish.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy vabo sababli shahidlik darajasini oladiganlar uch xil bo‘ladi deydilar:

  • 1. Yuqorida maqtalgan sifatlarga ega bo‘lib, vabodan vafot etgan kishi. Bu eng yuqori daraja.
  • 2. Maqtalgan sifatlarga ega bo‘lib, vabo tegib, keyin tuzalgan kishi. Bu avvalgisidan pastroq daraja.
  • 3. Maqtalgan sifatlarga ega bo‘lib, vabo tegmagan kishi. Bu shahidlikning eng keyingi darajasi.

Agar kishi vabo tarqalgan paytda yuqoridagi maqtalgan sifatlarga ega bo‘lmas ekan, vabodan o‘ladimi yo boshqa narsadan o‘ladimi shahidlik darajasiga yeta olmaydi (“Fathul boriy” kitobi).

Demak, koronavirus sababli vafot etganlar bilan birga, kasallanib tuzalganlar, kasallanmasa-da karantinda sabr qilib, to‘g‘ri e’tiqodda savob umid qilib turganlar ham mazkur ulug‘ savoblarga erishadilar.

Alloh taolo dunyo xalqlaridan, xususan yurtimizdan bu baloni ko‘tarsin, bemorlarimizga shifoyi komil bersin. Shu og‘ir kunlarda uyda bo‘lganimizda biz uchun ko‘cha-ko‘yda xizmat qilgan barcha yurtdoshlarimizni murodiga yetkazsin. Omin".

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан