Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlatga yuzlab kon ochib bergan “O‘zbekgeofizika”ning mulklari nega hissadorlar roziligisiz Milliy gvardiyaga berib yuborilmoqda?
5.11.2019 12:00,  
1999

Sof.uz”ga O‘zbekgeofizika AJ aksionerlarining xati yetib keldi. Ko‘tarilgan muammoni tegishli manbalardan o‘rgandik. Xatni tahrirlab havola etmoqdamiz.

“O‘zbekgeofizika” AJ 60 yildan ko‘proq davr mobaynida faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Shu yillar davomida “O‘zbekgeofizika” AJ ishtirokida O‘zbekiston Respublikasidagi katta-katta yer osti boyliklari topildi. Shularning ichida “Gazli” gaz koni, Ko‘kdumaloq koni, Buxorodagi va Ustyurt platosidagi bir qator gaz va neft kabi foydali qazilma konlarining alohida o‘rni bor.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng “O‘zbekgeofizika” AJ yer xazinalarini izlashda ham oldinda bulib kelgan. Mustaqillik yillarida Buxoro va Qashqadaryo hududlarida geofizikaning eng zamonaviy usullari qo‘llanilib, bir qator neft va gaz zaxiralari ochildi.

“O‘zbekgeofizika” AJ va uning filiallarida 4 mingdan ortiq yetuk mutaxassislar va ishchi-xodimlar ishlaydi. Ammo oxirgi ikki-uch yil ichida ba’zi bir salbiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Aksionerlarning roziligisiz boshqaruv raisi Kuzatuv kengashi bilan birgalikda aksionerlik jamiyatining mol-mulkini talon-toroj qilmoqda.

Toshkent viloyati Qibray tumani Geofizika posyolkasida yashovchi aholi va uzoq yillar “O‘zbekgeofizika” AJda ishlab hozirda nafaqada bo‘lgan bir guruh, pensionerlar nomidan murojaat qilmoqdamiz. Chunki bizning posyolkamizda joylashgan sportkompleksni Milliy gvardiyaga berib yuborilayotgan ekan va bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ham tayyorlanayotgan ekan.

Bu sportkompleks “O‘zbekgeofizika” AJ tomonidan qurilgan bo‘lib, hozirda posyolkamizda yashayotgan pensionerlar, farzandlarimiz, nabiralarimiz xohlagan vaqtda sport bilan shug‘ullanib, o‘z salomatliklarini tiklashmoqda. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan va hech qanday to‘lovlarsiz shug‘ullanishadi. Sababi bu kompleksni biz o‘zimiz uchun qurganmiz. Bu yerda spartakiadalar, har xil sport musobaqalari, bayram tadbirlari ham o‘tkazamiz. Ko‘p ming sonli va turli millatli posyolkamiz aholisi uchun juda ham qulay va bu atrofda boshqa bunday sportkompleks yo‘q.

Bundan tashqari “O‘zbekgeofizika” AJga tegishli bo‘lgan avtotransport parki, ombor binosi va inshootlari ham Milliy gvardiya tomonidan olib qo‘yilayotgan ekan. Yaqin kelajakda “O‘zbekgeofizika” AJning asosiy ishlab chiqarish binolari ham olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan ekan.

Milliy gvardiya shu maqsadlarda tashkil etilganmi? Nahotki, bu yerda ishlayotgan xodimlarning, bu yerda yashayotgan aholining fikri hech kimni qiziqtirmasa? Yoshlarning taqdiriga shunchalik befarqmizmi?

Bu binolarning barchasi “O‘zbekgeofizika” AJga tegishli bo‘lib, aksionerlarning mulki hisoblanadi. 1998 yilda bu tashkilot aksionerlik jamiyati ko‘rinishi kayta tashkil etilayotganda aksariyat xodimlar o‘z oyliklaridan, yana kimdir kredit olib aksiyalarni sotib olganmiz va korxonamizni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlaganmiz. Shunday ekan biz aksioner sifatida bu tashkilotning parchalanib ketishini xohlamaymiz.

“O‘zbekgeofizika”AJ Rossiyaning “TNG-Grupp” MChJ bilan hamkorlikda teng sherikchilik asosida tashkil etgan “Uztatgeoservis” MChJ ko‘rinishidagi qo‘shma korxonasidagi ulushi hech kimdan so‘ramasdan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berib yuborilmoqda.

Nega endi tashkil etilganidan beri biror yil ham zarar bilan ishlamagan, har yili “O‘zbekgeofizika” AJga milliardlab dividend to‘lagan qo‘shma korxonaning ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berib yuborilmoqda. Na boshqaruv raisi A.Toshqulov, na Kuzatuv kengashi biror-bir harakat qilishmadi. Aksincha, umumiy majlis ham o‘tkazilmasdan qog‘ozda qaror qabul qilishdi.

Keyingi paytlarda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan aksionerlarning Umumiy majlislari “O‘zbekgeofizika”AJ saytida e’lon qilinyapti, amalda esa o‘tkazilmayapti.

Masalan: 2019 yil 24 iyunda o‘tkazilish lozim bo‘lgan “O‘zbekgeofizika” AJ aksionerlarining 2018 yil natijalariga bag‘ishlangan umumiy majlisi ham, 2019 yil 4 oktyabrda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan “O‘zbekgeofizika” AJ aksionerlarining navbatdan tashkari umumiy majlisi ham “O‘zbekgeofizika” AJning ma’muriy binosida o‘tishi lozim edi. Bu majlislar qog‘ozdagina o‘tkazildi. Aksionerlarning qonunda belgilangan bir qator huquq va manfaatlari poymol qilindi, - deb yozgan Korshak, Chekuchenko, Zaatova, Nikiforova, Shadrina, Gerasimenkov, Soy, Sheglova, Isabayev, Yefimenko, Ibrohimov, Umarova familiyali aksionerlar.

(xatdan ko‘chirma)

Hozir Milliy gvardiya ixtiyoriga o‘tkazilgan avtogaraj va o‘tkazilayotgan sport kompleksi rasmlarini “O‘zbekgeofizika” xizmatchilari taqdim etdi. Bu inshootlarning umumiy bahosi 7 mlrd so‘mdan ortiqroqdir.

“Sof.uz” ushbu tashkilotda bir necha yil ishlagan injener va bloger Shukurjon Islomov bilan bog‘lanib munosabatini so‘radi:

- Bu juda xunuk holat. Aksionerlar mulk egasi, ulardan so‘ramay-netmay milliardlab so‘mlik bino-inshootlarni Milliy gvardiyaga berib yuborish noo‘rin deb bilaman. Milliy gvardiya oxirgi vaqtda shundoq ham ko‘p vakolatlarni olyapti, boy tashkilot bo‘lsa boshqaning mulkiga yutinmasdan o‘zi qurib ololmaydimi? Kerak bo‘lsa, ularga davlatdan qurilish materiallari imtiyozli narxda tashkil etish imkoni bor. Viloyatlardagi filiallari bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt mingdan ortiq odam ishlaydigan tashkilotning binosini olib qo‘yib, ularni qayoqqa joylashtirishadi? “O‘zbekgeofizika” posyolkasi qurilishiga va posyolkadagi infrastukturaning shakllanishiga shu korxona bosh-qosh bo‘lgan, ishchi-xodimlar tevarak-atrofda yashaydi. Ishxonani tupkaning tagiga jo‘natib yuborishsa, har kuni qatnashning o‘zi bo‘lmaydi. Mulk daxlsizligi yo‘q joyda rivojlanish bo‘lmaydi, deb ming martalab aytilyapti, afsuski, amalda ko‘rinmayapti.

“O‘zbekgeofizika” mustaqillik yillarining o‘zida besh yuzga yaqin neftgazli strukturani burg‘ilashga tayyorlab bergan, yuzdan ortiq kon ochgan. Bu yerda shunchaki, texnikalar va odamlar emas, katta tajriba, neftgaz ochishga asqotuvchi bilimlar o‘chog‘i shakllangan. Geologiya-geofizika bo‘yicha ilm fidoyilari, olimlar yoshlarga o‘z bilimini o‘rgatuvchi o‘quv markazi bor. Endi o‘ylang, shu tashkilot boshqa yerga ko‘chirilsa yoki yopilsa, davlatga qanaqa ziyon bo‘lishini. To‘g‘ri, oxirgi yillarda bu soha bir oz oqsayapti. Ammo bu endi tamom qisqartirib yoki ko‘chirib tashlash kerak, degani emas-ku. Agar to‘g‘ri foydalanilsa, davlatga qanchadan qancha foyda keltiradigan soha bu, - dedi soha mutaxassisi.

(Asosiy foto internetdan olindi)

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан