Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Savoldan qochish bilimsizlikdan yomon
21.05.2020 04:25,  
643

Olimjon Sobirning "Bilimsizlik ommaviy epidemiyaga aylandimi?" maqolasiga javoban

Muallifni hayratga solayotganligi o‘ziga xos “solipsizm” ko‘rinishidan guvohlik bergandek ko‘rinadi. Savod chiqarib, diplom olgach atrofga qarab, “Iya, odamlar qachondan beri unaqa uquvsiz?!”, deb, olazarak bo‘layotgan kishini eslatdi. Javob: “Tug‘ilganidan beri”.  Hech kim onasidan bilag‘on bo‘lib tushmaydi. Savodsizlik, bilimsizlik, ma’lumotsizlik va fikrsizlik odamning oddiy, tabiiy holatidir. Tabiat va tabiiy qonunlar oqimida ketgan inson o‘zini anglamaydi, uning muhitni o‘rganishi faqat yashab qolish irsiyatini qondirishi bilan cheklanadi.

Ta’lim, ma’rifat ishlari esa g‘ayritabiiy, ya’ni tabiiy inertlik (o‘zgarmaslikka moyillik) va entropiya (yemirilish)ga qarshi qaratilgan isyon jarayonidir. Tafakkur asosida qurilgan ta’lim ayniqsa uning tizmli shakllari – fan va san’at yo‘nalishlari, ikki sharoitda o‘sadi: erkin vaqt mavjudligi va o‘zlikni ifodalash ishtiyoqti. Bu hammada ham uchrayvermaydi, shuning uchun ham tafakkur hosilalari “bir dona”, noyob ko‘rinishda tor doiralarda rivoj topib kelgan.

Ommaviy ta’lim esa ikki maqsadga qaratilgan: birinchidan, tafakkur namoyondalari yetilishi uchun kritik massani hosil qilish (oliy ta’limda qancha ko‘p odam qatnasa, aqliy faollar soni ortishi ehtimoli shuncha ko‘payadi, degan kutish bor), ikkinchidan, odamlarning yashash sifatini “oliy naviga” yaqinlashtirish. Ta’limga kirishish ba’zan kishining ichki tuyg‘ulari bilan, ba’zan esa tashqaridan targ‘ib yoki majburlash orqali bo‘ladi (masalan, davlat, oila, atrofdagi jamiyat tarafidan). Agar kishi ta’limga, hech bo‘lmasa bilag‘onlikka chanqoq bo‘lmasa va uning atrofida bunga qiziqtiradigan sharoit bo‘lmasa, u o‘zining tabiiy omi holatida qoladi. Bundan mutlaqo xayratga tushadigan joyi yo‘q.

Elementar tarixiy va jo‘g‘rofiy faktlarni bilmaslik bu faqat bizning jamiyatimizga xos emas. Gitler, jahon urushi haqida o‘rtasida so‘rovlar Rossiya va AQShda ham o‘tkazilganda turli avlod vakillari o‘zlarining bu borada o‘ta ma’lumotsizliklarini namoyon qilishgan. Sovet davrida “savodxonlik” uchun kurash qanchalik ashaddiy bo‘lmasin (aslida bu savodxonlik fikrlovchi shaxsiyatni hosil qilishga emas, balki “sovet odami”ni shakllantirishga qaratilgan edi), oz bo‘lsada o‘qish va yozishni bilmaganlar uchrab turgan. Sabablar turlicha, kimningdir ijtimoiy muhiti shunchalik harob bo‘lgan-ki, unda tuzukroq maktabga qatnashga imkoni bo‘lmagan, kimdir esa tabiatan, miyadagi ba’zi fiziologik hususiyatlar sababli o‘qish va yozishni o‘zlashtira olmagan. Aholining bunday qatlami deyarli barcha zamonlar va makonlarda uchraydi. Buning nimasi hayratli?

Imlo va grammatik savodsizlik boshqaruv hodimlari o‘rtasida ko‘p uchrayotgani o‘zi shundoq ham abgor bo‘lib kelgan ta’lim tizimning butkul yemirilishi oqibatidir. Yana qaytaraman, o‘quvsizlikda qolish, qanchalik salbiy bo‘lmasin, - tabiiy holat. Siz biron narsaning ustida ishlamas ekansiz uning tubanlashish jarayoni o‘zining tabiiy tezligida ketaveradi. Uning ustiga ta’lim tizimimiz davlatning birlamchi siyosati kun tartibiga kiritilmagan, o‘qituvchi va ta’lim mudirlari nafaqat eng huquqsiz, balki boshqalarni eng huquqsiz qilib “tarbiyalaydigan” yoshlar ustidan qorovul, cho‘ponning iti holatiga tushirilgan. Bu esa ijtimoiy yemirilish jarayoni – entropiyaga yanada katta quvvat qo‘shib yuboradi. Oqibatda ko‘zimizga tashlanayotgan elementar o‘quvsizlik va savodxonlik tanqisligi muammolari (bular, muallif aytganidek, umuman kulminatsion nuqta emas!) oldida bundan eng yomoni – manipulyasiyaga oson tushadigan ong, huquqsiz qul holatiga rozilik, “Nega? Nima uchun?” savollarini o‘rtaga tashlashga jur’atning yo‘q bo‘lishi ommaviylashganidir.

Maqolaning oxirgi bandi “kimdir” tayyorlagan bir videoga nisbatan “iqtisodiy bilim yetishmasligi” va bu kontent ostida qoldirilgan ijobiy izohlarga qaratilgan. Video muallifi (kimligi haqida taxminimni muallif rad etmadi) o‘z chiqishida iqtisodiy ma’ruzaga da’vo qilmaydi, balki u asosiy savollarni o‘rtaga tashlaydi: “Nima uchun bizning jamiyatimiz qashshoq, nima uchun bizning milliy pulimiz qadrsizlanishi shunchalik katta sur’atlarda davom etib kelyapti? Biz boy davlat bo‘lishimiz mumkin edimi va keyinchalik mumkinmi?” Zamonaviy iqtisodiy nazariyalar tarixiga nazar solsak ular aynan mana shu savollar bilan bilan boshlanganligini ko‘rish mumkin. Iqtisodchilik paydo bo‘lmasidan oldin shu savollarni mutafakkirlar, publitsistlar, adiblar o‘rtaga tashlayvergan. Bu savollardan qo‘rqmaslik kerak, savolni shunchalik bo‘rtirib olib chiqqan shaxsni “iqtisodiy bilimsizlik”da ayblash o‘rniga ularga javob berishga urinish to‘g‘ri bo‘lar edi. Bu savollarni omma va mutaxassislar o‘rtasida tashlamaslik maqola muallifi ko‘tarib chiqqan “besavodlar va elementar ma’lumotsizlar” muammosidan ko‘ra yomonroq bo‘lar edi. Shuning uchun maqola muallifining tanqid tig‘i o‘rinsiz tarafga qaratib yuborilgan bo‘lib, u xato xulosalarga yetaklaydi deb hisoblayman.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан