Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






18 ming so‘m «non puli»ni olish uchun ma’lumotnomaga 46 ming so‘m to‘lanadimi?
1.11.2018 14:13,  
188

O‘zbekistonda non narxining o‘zgarishi tufayli kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, 2 yoshgacha bola parvarishidagi nafaqa oluvchi, moddiy yordam oluvchi ehtiyojmand fuqarolarga eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida kompensatsiya pulini (hozirgi kunda 18 ming 430 so‘m) davlat byudjetidan to‘lab berish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ana shunday puldan umidvor bo‘lgan Olmazor tumani «Gulzor» mahallasida yashovchi eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan bir guruh fuqarolar ma’lumotnoma to‘g‘rilamoqchi bo‘lib, mahalla oqsoqolidan yo‘l-yo‘riq so‘ragan. Ular ma’lumotnoma berish vakolatiga kirmasligini aytib, ularni davlat xizmatlari agentligiga yuboradi.

U yerda esa bunday ma’lumotni olish uchun 46 ming so‘m to‘lash kerakligi bu fuqarolarni ajablantiradi. 18 ming so‘m olish uchun 46 ming to‘lash qaysi mantiqqa sig‘adi?

Mazkur murojaatni xolis o‘rganish maqsadida Olmazor tumani davlat xizmatlari agentligiga borib, xizmatlar narxini o‘rganildi, mutaxassislar bilan suhbatlashildi.

— Ishonmasligingiz mumkin, lekin har kuni bir necha fuqaro kelib janjal qiladi, — deydi bosh mutaxassis Mirodil Obidov. — Bizda xizmatlar pulli. Tashkilotlar esa bilib-bilmay bizga yuboradi. Misol uchun, maktabdan shu yerda yashaydigan degan ma’lumotnoma so‘rab kelishadi. Aslida biz ham ma’lumotnoma beramiz, lekin u boshqaroq. Masalan, qachonki pasport yo‘qolsa, uni tiklash uchun pasport stoliga shu fuqaro haqiqatdan ham ko‘rsatilgan joyda turganmi-yo‘qmi, shuni tasdiqlash kerak bo‘ladi. Bu kabi davlat xizmati ko‘rsatganimiz uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yig‘im undiramiz. Misol uchun, ariza beruvchilar elektron raqamli imzo olishi va unga 12.901 so‘m to‘lashi kerak. Manzil ma’lumot uchun esa 18.400 so‘m to‘lanadi. Lekin 46 ming so‘m degan gap noto‘g‘ri.

Mahalla ma’lumotnoma bermaydi. Ular noto‘g‘ri talqin qilib, xalqni ovora qilmoqda. Axir joriy yilning 3 oktyabrida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarorida 15-oktyabrdan davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining bir qator tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilish bo‘yicha tartibi bekor qilingan edi. Shaxsning yashash joyi bo‘yicha yashayotgani, ishsizligi, bolani, yolg‘iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganlik haqidagi shular sirasidan.

Agentlik xodimlarining javoblaridan ko‘ngli u qadar to‘lmagan shikoyatchilar bilan Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga kirib borildi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bu vaqtga kelib, voqealar biroz oydinlashganday bo‘ldi. Biroq, kompensatsiya puli olish uchun ma’lumotnoma nega kerak? Pensiya berayotgan tashkilot uni avtomatik tarzda qo‘shib yuboradi-ku, degan fikrga shikoyatchilar «inspektorimiz agar yashash joyingdan ma’lumotnoma to‘g‘rilab kelsangiz, sizga ana shu pulni olib beraman», degandi deb turib olishdi.

Olmazor tumani byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi direktor o‘rinbosari Marat Esirboyev tumandagi 9 ming 500 nafardan ko‘proq odamga 1 oktyabrdan «non puli» avtomatik tarzda o‘tkazib berilgani, buning uchun hech qanday ma’lumotnoma kerak bo‘lmaganini qayd etdi.

Unda inspektor nima uchun shuncha insonni ovora qilib, bekor bo‘lib ketgan ma’lumotnoma so‘rab, umidlantiradi. Bu insonlar qancha hujjat tayyorlab, sarson bo‘lib yuribdi-ku, degan so‘zlarimizga javoban shikoyatchilarning pasportlarini so‘radi. Bazadan ularning pensiyasi qanchaligi va «non puli» berilgan yoki berilmaganini tekshirib ko‘rish uchun.

— Mana Nabiyeva Xolida bolalikdan nogiron bo‘lgani uchun 18 ming so‘mdan ko‘proq summa avtomatik tarzda pensiyasiga qo‘shib berilgan,— deydi M. Esirboyev. — «Non puli» hammaga ham berilmaydi. U 360 ming so‘mdan kam nafaqa oluvchilarga beriladi. Ya’ni ish staji bo‘lmagan, bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslar bunday imtiyozga ega. To‘g‘ri, oralaringizda 360-365 ming so‘m pensiya oladiganlar bor ekan. Biroq sizlar ikkinchi guruh nogironi bo‘lsalaringiz-da, ish staji bilan pensiyaga chiqqaningiz uchun bu puldan foydalana olmaysiz.

Xullas, bir-birini tushunmagan yoki o‘z ishiga loqayd insonlarni deb, eshitish va so‘zlashda nuqsoni bo‘lgan o‘nlab nogironlar ovora-yu sarson bo‘ldi. Behuda yumushlar uchun vaqtini yo‘qotdi.

Pensiya jamg‘armasiga kelgan davlat xizmatlari agentligi vakillari keraksiz ma’lumotnomalarni deb fuqarolarni sarson qilishga chek qo‘yish vaqti kelganini qayd etdi.

— Yaqinda bir ayol onasi 29 sentyabr kuni olamdan o‘tgani haqidagi guvohnomani olib kelibdi, — deydi ulardan biri. — «O‘lguniga qadar mazkur tumandagi tegishli manzilda yashagani haqida ma’lumotnoma kerak, sizlar berasizlarmi?» deb so‘radi. Bu ayol onasining o‘limidan keyin berilishi kerak bo‘lgan ikki oylik nafaqani olish uchun bunday qog‘oz kerak ekanini aytdi. Bu qanaqasi? qo‘lidagi o‘lim guvohnomasini o‘zi yetarli-ku. Biz bunday ma’lumotnoma bermasligimiz, xizmatlarimiz pulli ekani haqida aytsak, eshitmaydi, asabiylashadi. Shunga o‘xshagan voqealar ko‘p.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан