Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






2019 yil suratlarda: tabiiy ofatlar, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, namoyishlar. Yil qanday kechdi?
31.12.2019 23:53,  
676

2019 yil o‘z yakuniga yetdi. Bu yilda dunyo bo‘ylab yuz bergan voqea-hodisalarni The New York Times, CNN, The Associated Press va The Guardian axborot nashrlari nigohida kuzatamiz.

AQSh Chegara qo‘riqlash zobiti Kaliforniyaning San-Diyego va Meksikaning Tixuana shahri o‘rtasidagi chegara chizig‘i yonida kuchli yomg‘ir ostida turibdi. 2019 yil 1 yanvar.

Foto: Daniel Ochoa de Olza/AP Photo

AQSh Kongressi Vakillar Palatasiga tarixda ilk marta ayol kishi spiker bo‘ldi: Nensi Pelosi Kapitoliyda 116-Kongressning ochilishida nutq so‘zlayapti. 2019 yil 3 yanvar.

Foto: Pete Marovich/The New York Times

Ishchilar Tixuana shahri yaqinida AQSh va Meksika o‘rtasidagi chegara devorini yangi to‘siqlar bilan mustahkamlayapti. 2019 yil 8 yanvar.

Foto: Gregory Bull/AP Photo

Eronning Karaja shahridagi Fath aeroporti yaqinida kargo samolyoti qo‘nish chog‘ida qulab tushdi. Bortdagi 15 kishi, shu jumladan Eron davlat televideniyasi xodimlari halok bo‘ldi. 2019 yil 14 yanvar.

Foto: Hassan Shiravani/EPA-EFE/Shutterstock

AQSh prezidenti Donald Tramp Klemson Universiteti futbol jamoasini Oq Uyda mehmon qildi. Prezident ma’muriyati ushbu tushlik Trampning o‘z hisobidan bo‘lganini ma’lum qildi. Chunki o‘sha vaqtda Kongress byudjetni tasdiqlamagan, oqibatda shoutdown – hukumat faoliyatining to‘xtashi yuz bergan edi. Bu jarayon 35 kun davom etib, AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan hukumat faoliyatsizligi bo‘ldi. 2019 yil 14 yanvar.

Foto: Sarah Silbiger/The New York Times/Redux

Keniya poytaxti Nayrobidagi mehmonxonalardan birida yuz bergan otishmadan qochayotgan tinch aholi. Ushbu terror hujumida 21 kishi halok bo‘ldi. Somalidagi “Ash-Shabob” jangari guruhi hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. 2019 yil 15 yanvar.

Foto: Khalil Senosi/AP

Dakar rallisining 9-bosqichida qatnashayotgan motopoygachilar Peruning Pisko shahri atrofidagi cho‘lni kesib o‘tmoqda. 2019 yil 16 yanvar.

Foto: Ricardo Mazalan/AP Photo

Koloma shahrilik 9 yoshli Denis Deniyel Florens Karranza 14 yoshida o‘ldirilgan opasining qabri ustida. Honduras dunyoda ayollar o‘limi eng ko‘p yuz beradigan joylardan biri. 2019 yil 18 yanvar.

Foto: Victor J. Blue/The New York Times

Hindiston poytaxti Yangi Dehlida yashovchi Rubi Xon o‘zining 7 yoshli o‘g‘li Farmonga maktabga tayorlanishida yordam beryapti. 2019 yil 18 yanvar.

Foto: Altaf Qadri/AP Photo

Fransiyaning Anjer shahrida “sariq nimchalilar” aksilhukumat namoyishchilari va politsiyachilar o‘rtasidagi to‘qnashuv. 2019 yil 19 yanvar.

Foto: Loic Venance/Agence France-Presse/Getty Images

Yamanning Ma’rib shahrida yashovchi 10 yoshli Saloh Rakin Bayda mintaqasidagi o‘z uyi yaqinida o‘ynab yurar ekan, yerga ko‘milgan mina portlab, oyog‘ining to‘piqlan quyi qismini uzib yuordi. Uning yurishiga akasi Ali Rakin ko‘maklashyapti. Yamanda qariyb besh yildan beri fuqarolar urushi davom etyapti. 2019 yil 23 yanvar.

Foto: Tyler Hicks/The New York Times

Qutb aylanma shamoli natijasida AQShning shimoliy mintaqalari, xususan, Chikago atrofida o‘ta sovuq havo oqimlari shakllandi, Michigan ko‘lining iliq suvi ustida tuman paydo bo‘ldi. 2019 yil 30 yanvar.

Foto: Sally Ryan/The New York Times

“Islom Davlati” egallab turgan hududdan olib chiqilgan bolakayni shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazyapti. Suriyaning Deyruz-Zur shahri. 2019 yil 3 fevral.

Foto: Ivor Prickett/The New York Times

Venesuelalik muhojirlar Kolumbiya tog‘lari orqali chegarani kesib o‘tuvchi yuk mashinalari ustida zich o‘rnashib olgan. Mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz aholining katta qismini xorijga chiqib ketishga majbur qildi. 2019 yil 4 fevral.

Foto: Federico Rios Escobar/The New York Times

Rio-Grande daryosi orqali AQSh-Meksika chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan muhojirlarning qayig‘i ag‘darilib ketdi. Ularni AQSh Chegara Nazorati xodimlari qutqarib qoldi. 2019 yil 10 fevral.

Foto: Alexandre Meneghini/Reuters

Alyaskaning Nom shahri aeroporti uzra quyosh botib boryapti. 2019 yil 13 fevral.

Foto: Wong Maye-E/AP Photo

Shvetsiyalik 16 yoshli maktab o‘quvchisi, ekofaol Greta Tunberg maktabdan keyin Shvetsiya parlamenti oldida norozilik piketi o‘tkazish uchun ketyapti. Ekofaol yil oxiriga kelib dunyoda eng mashhur insonlardan biriga aylandi, Time jurnali talqiniga ko‘ra “Yil odami” bo‘ldi. 2019 yil 15 fevral.

Foto: Elisabeth Ubbe/The New York Times

Yuk mashinasi ortida turgan ayollar va bolalar “Islom Davlati” jangarilari egallab turgan Suriyaning Bag‘uz shahridan olib chiqilyapti. 2019 yil 20 fevral.

Foto: Felipe Dana/AP Photo

Venesuela va Kolumbiyani bog‘laydigan Simon Bolivar ko‘prigi ustida namoyishchilar poliysyai bilan to‘qnashdi. Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga sodiq armiya harbiylari xorijdan kirib kelayotgan insonparvarlik yordamini to‘sib qo‘ygani bunga sabab bo‘ldi. 2019 yil 23 fevral.

Foto: Meridith Kohut/The New York Times

“Islom Davlati” egallab turgan so‘nggi hududdan olib chiqilayotgan ayol va uning bolasi AQSh qo‘llab-quvvatlovidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDF) tekshiruvidan o‘tgach, Suriyaning Bag‘uz shahri atrofidagi cho‘lga chiqib ketyapti. 2019 yil 25 fevral.

Foto: Felipe Dana/AP Photo

Suriyaning Xon-Shayxun shahrida yashab kelgan 6 yoshli Hasno Qatron bomba zarbidan vayronaga aylangan o‘z uyi xarobalari ostida, singlisining jasadi yonida yotib qutqarilishini kutyapti. Mana shu hujum natijasida u 3 yoshli singlisi va 1 yoshli ukasidan ayrildi. 2011 yil kuzidan beri fuqarolar urushi girdobida bo‘lgan Suriyaga tegishli ushbu suratni “Oq dubulg‘alilar” guruhining ko‘ngilli a’zosi, qutqaruvchi Anas Ad-Diab olgan. Anasning o‘zi keyinroq, iyul oyida bo‘lgan havo hujumida halok bo‘ldi. U 23 yoshda edi. 2019 yil 26 fevral.

Foto: Anas al-Dyab/AFP/Getty Images

Rossiyadagi Baykal ko‘lining muzlagan sathi uzra “Baykal muz marafoni” uyushtirildi. 2019 yil 2 mart.

Foto: Emile Alain Ducke/The New York Times

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidga qilingan hujum natijasida 51 musulmon halok bo‘lib, 40 kishi yaralandi. Hujum uyushtiruvchisi 28 yoshli avstraliyalik Brenton Tarrant o‘zining musulmonlar va muhojirlarga qarshi kayfiyati bilan mashhur bo‘lgan. 2019 yil 15 mart.

Foto: Stacey Squires/The Press/Stuff NZ

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern ikki kun oldin uyushtirilgan terror qirg‘inidan keyin Vellingtondagi Kibirni masjidida muslima ayol bilan quchoqlashib, o‘zining birdamligini bildirmoqda. Bu voqeadan bir oycha o‘tib Yangi Zelandiya parlamenti 119-1 ovoz bilan mamlakatda harbiy tipdagi yarim avtomat qurorllardan foydalanishni taqiqladi. 2019 yil 17 mart.

Foto: Hagen Hopkins/Getty Images

Turli maktablardan yig‘ilgan o‘quvchilar Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan 51 kishini xotirlash marosimida qatnashdi. 2019 yil 18 mart.

Foto: Adam Dean/The New York Times

Mart oyi o‘rtasida Efopiyada ro‘y bergan yirik aviaholakatdan keyin Rentondagi Boing zavodi tayyor Boeing 737 MAX samolyotlarini sotuvdan oldi va ishlab chiqarishni ham to‘xtatdi. 2019 yil 21 mart.

Foto: Lindsey Wasson/Reuters

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvning tantanali qabul marosimidan qaytayotgan faxriy qorovul askarlari. 2019 yil 28 mart.

Foto: Maxim Shemetov/Reuters

Suriyaning Raqqa shahri “Islom Davlati”dan ozod etilganidan bir yil o‘tib shaharning hamon xaroba bo‘lib yotgan ko‘chalaridan ikki kishi yurib ketmoqda. 2019 yil 4 aprel.

Foto: Ivor Prickett/The New York Times

Norvegiyaga qarashli Svalbard (Shpitsbergen) orolida tadqioqotchi Anya Sommerfeld havodagi ozon darajasini o‘lchaydigan qurilmani uchirish oldidan. 2019 yil 6 aprel.

Foto: Esther Horvath/The New York Times

Tarixda birinchi marta “qora tuynuk”ning aniq surati olindi: Messer-87 galaktikasi tasvirga tushirildi. 2019 yil 10 aprel.

Foto: Event Horizon Telescope Collaboration/via National Science Foundation

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj London sudidan qaytyapti. U 2012 yil may oyidan 2019 yil apreligacha Londondagi Ekvador elchixonasida siyosiy qochqin sifatida yashadi. Unga Shvetsiyada ikki ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilish aybi qo‘yilgan edi, ammo oxir-oqibatda bu ish sudsiz yopildi. 2019 yil 11 aprel.

Foto: Jack Taylor/Getty Images

Huawei texnologik kompaniyasi xodimi tanaffus vaqtida o‘z ish joyida dam olyapti. Xitoyning Shenjen shahri. 2019 yil 12 aprel.

Foto: Kevin Frayer/Getty Images

Parijdagi mashhur Notr-Dam cherkovida ta’mirlash jarayonida yong‘in chiqdi, cherkovning gumbazi va tomi to‘liq yonib ketdi. 2019 yil 15 aprel.

Foto: Veronique De Viguerie/Getty Images

Kennet to‘foni oqibatida Mozambikning Pemba shahrida vayronaga aylangan mavze. Bu Janubi-Sharqiy Afrikada besh hafta ichida yuz bergan ikkinchi eng kuchli to‘fon bo‘ldi. 2019 yil 1 may.

Foto: Mike Hutchings/Reuters

Tibbiyot xodimlari Butemboda Ebola virusidan vafot etgan odam jasadini ko‘mish uchun olib ketyapti. 2014 yili G‘arbiy Afrikani larzaga keltirgan Ebola virusi bu safar Kongo Demokratik Respublikasida tarqaldi. 2019 yil 16 may.

Foto: John Wessels/AFP/Getty Images

G‘azoda vayron bo‘lgan uylar oldida Ramazon iftorligi. Isroil yana Ramazon oyida G‘azoga havodan hujum qildi. 2019 yil 18 may.

Foto: Ibraheem Abu Mustafa/Reuters

Yakavlang mintaqasida yashovchi o‘quvchi qizlar tog‘lar ortidagi Rustam maktabidan uylariga qaytmoqda. Afg‘oniston maktablarini bitiradigan o‘quvchilarning 90%i kollejlarga o‘qishga kiradi, ularning aksari qizlar bo‘ladi. 2019 yil 19 may.

Foto: Jim Huylebroek for The New York Times

Kashmirlik namoyishchi Hindiston politsiyasining zirhli avtomobiliga qarab sakrayapti. O‘tgan yilda Kashmirning Hindiston tomonidan nazorat qilinadigan Srinagar hududida zo‘ravonliklar avjiga chiqdi. 2019 yil 31 may.

Foto: Dar Yasin/AP Photo

Meksika poytaxti Mexikoda taksi haydovchilari Uber va boshqa onlayn taksi xizmatlari ko‘payib borayotganiga norozilik sifatida shaharning asosiy maydoni bo‘lgan Zokaloni o‘zlarining binafsharang va oq rangli mashinalari bilan to‘ldirib tashladi. 2019 yil 3 iyun.

Foto: Pedro Pardo/Agence France-Presse/Getty Images

Olmaxon kungaboqar gulini hidlayapti. Vena, Avstriya. 2019 yil 5 iyun.

Foto: Dick van Duijn

Rossiyalik jurnalist, “Meduza” nashri xodimi Ivan Golunov Moskvadagi Tergov Qo‘mitasi binosini tark etish oldidan OAVga intervyu beryapti. U yuqori doiralardagi korrupsiya holatlari haqida surishtiruvlar o‘tkazishi bilan tanilgandi, hisbga olinishining sababi ham jurnalistik faoliyati bo‘ldi. Ammo Rossiya tarixida birinchi marta ham davlat, ham xususiy sektordagi jurnalistlarning birdam bo‘lib Golunovni ozod etishni talab qilishi, jamoatchilikning bosimi natijasida jurnalistga qo‘yilgan barcha aylovlar olib tashlandi. 2019 yil 11 iyun.

Foto: Shamil Zhumatov/Reuters

Hongkongda hozirgacha davom etayotgan namoyishlar boshlandi. Namoyishlarning sababi dastlab Hongkong parlamenti qabul qilgan “Xitoy tomonidan jinoyatchilikda ayblangan shaxslarni Hongkongdan Xitoyga ekstraditsiya etish” haqidagi qonun bo‘ldi. Keyinroq bu talab yoniga demokratik huquqlar, Xitoyning siyosatiga qarshi shiorlar ham qo‘shildi. 2019 yil 16 iyun.

Foto: Vincent Yu/AP

38-paralleldagi Demilitarizatsiya qilingan hudud. AQSh prezidenti Donald Tramp bu yerga qadam bosgan amerikalik eng yuqori martabali shaxs bo‘ldi. U Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong In bilan uchrashgan ilk Amerika prezidentiga ham aylandi. 2019 yil 30 iyun.

Foto: Erin Schaff/The New York Times

Chilidagi La Higuera hududida quyoshning to‘liq tutilishi kuzatildi. 2019 yil 2 iyul.

Foto: Martin Bernetti/AFP/Getty Images

Nyu-Yorkda, Manhettenning g‘arbiy qismida elektr ta’minoti uzilishi oqibatida 73 000 ga yaqin kishi zulmatda qoldi. 2019 yil 13 iyul.

Foto: Scott Heins/Getty Images

“Islom Davlati” egalik qilgan hududlardan vataniga qaytarilgan qizaloq. O‘z fuqarolarini xuddi O‘zbekiston singari urush hududlaridan mamlakatga qaytargan Qozog‘iston bu bilan ekstremizmning oldini olishga umid qilyapti. Aktau shahri. 2019 yil 22 iyul.

Foto: Tara Todras-Whitehill/The New York Times

Londonning sobiq meri Boris Jonson Konservatorlar partiyasi yetakchisiga aylanib, Britaniya bosh vaziri bo‘ldi. Qirolicha Yelizaveta II uni bu lavozim bilan tabriklash uchun Bukingem saroyiga taklif qildi. 2019 yil 24 iyul.

Foto: Victoria Jones/WPA Pool/Getty Images

Tom ustida turgan yamanlik yigit Sano osmonini to‘ldirgan chigirtkalarni ushlashga harakat qilyapti. 2019 yil 28 iyul.

Foto: Mohammed Huwais/AFP/Getty Images

Kaliforniyadagi Brentvud shahri yaqinida o‘t o‘chiruvchilar tepalikdagi yong‘inni o‘chirishga harakat qilyapti. 2019 yil 3 avgust.

Foto: Noah Berger/AP Photo

Grenlandiyadagi Kulusuk burni yaqinida suzayotgan yirik aysberg. 2019 yil 15 avgust.

Foto: Felipe Dana/AP Photo

Traktorchi va arab tili bo‘yicha olim Fayoz Ahmad Mirning qarindoshlari. Kashmirning Pulvama tumanida yashovchi Fayoz Ahmad Mirni Hindiston xavfsizlik kuchlari boshqa fuqaroviy yetakchilar qatorida hibsga olgan. 2019 yil 17 avgust.

Foto: Atul Loke/The New York Times

Qo‘ng‘ir ayiqlar to‘dasi salmon balig‘ini ovlash uchun Kurill ko‘li qirg‘oqlariga keldi. Rossiyaning Kamchatka o‘lkasi. 2019 yil 20 avgust.

Foto: Sergey Ponomarev/The New York Times

Hongkongda demokratiya talabidagi namoyishlar avjiga chiqdi, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. 2019 yil 24 avgust.

Foto: Lam Yik Fei/ The New York Times

Dorian to‘foni oqibatida vayron bo‘lgan Bagama orollari tarkiibidagi Abako oroli. 2019 yil 4 sentyabr.

Foto: Scott McIntyre/The New York Times

Porto Velo shahri yaqinida kuyib kulga aylangan Braziliyadagi Amazonka o‘rmonining bir qismi. 2019 yil 8 sentyabr.

Foto: Victor Moriyama/The New York Times

Saudiya Arabistonidagi Buqyaq neft-zavodiga qilingan hujum oqibatida yuqoriga ko‘tarilayotgan quyuq tutun. Ushbu hujum uchun mas’uliyatni Yamandagi husiylar harakati o‘z zimmasiga oldi. 2019 yil 14 sentyabr.

Foto: Planet Labs/AP

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning amerikalik hamkasbi Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi doirasida uchrashdi. Trampning iyul oyida telefon orqali Zelenskiy bilan qilgan suhbati oxir-oqibat uning impichmentiga olib keldi. 2019 yil 25 sentyabr.

Foto: Jonathan Ernst/Reuters

Yaponiyaning Mia prefekturasiga Hagibis to‘foni yopirildi. 2019 yil 12 oktyabr.

Foto: Franck Robichon/EPA/Shutterstock

“Islom Davlati”ga mansub deb ko‘rilganlarning farzandlari ham Suriya shimoli-sharqidagi qamoq lagerlarida saqlanadi. Ularning ota-onalari yoki halok bo‘lgan, yoki qamoqlarda ushlab turilibdi. 2019 yil 22 oktyabr.

Foto: Ivor Prickett/The New York Times

Suriyalik qochqin Ammor Turkiyaning Kavalchik shahri atrofida turk ayollari va bolalari bilan petrushka o‘ryapti. Turkiya oktyabr oyida Suriya bilan chegarada qochqinlar uchun “xavfsiz hudud” barpo etishga urinib ko‘rdi. 2019 yil 27 oktyabr.

Foto: Mauricio Lima/The New York Times

Iroqning Najaf shahrida IShID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiy o‘ldirilgani haqida berilayotgan e’lonni ko‘rishyapti. 2019 yil 27 oktyabr.

Foto: Alaa al-Marjani/Reuters

Chilida metrodagi yo‘lkira haqi ko‘tarilganiga qarshi boshlangan namoyishlar iqtisodiy tengsizlikka barham berish, umumiy xizmatlar ahvolini yaxshilash kabi talablar ilgari surilgan, keng miqyosdagi norozilik harakatiga aylanib ketdi. 2019 yil 29 oktyabr.

Foto: Tomas Munita/The New York Times

O‘t o‘chiruvchilar Kaliforniyaning Ventura mintaqasidagi o‘rmon yong‘inini o‘chirishga harakat qilmoqda. 2019 yil 1 noyabr.

Foto: Etienne Laurent/EPA-EFE/Shutterstock

Bag‘dodda oktyabr oyida boshlangan aksilhukumat namoyishlar Iroq xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Namoyishchilar hukumatdan ishsizlikka barham berish, kommunal xizmatlar sifatini ko‘tarishni talab qildi. Zo‘ravonliklarda 100 dan ortiq inson halok bo‘ldi. Noyabr oyi o‘rtalariga kelib Iroq bosh vaziri Odil Abdulmahdiy iste’fo berdi. 2019 yil 4 noyabr.

Foto: Hadi Mizban/AP Photo

Shimoliy Suriyadagi Qamishli shahridagi binolardan biriga bomba tushib yong‘in kelib chiqdi. Suriyada fuqarolar urushi deyarli nihoyasiga yetgan, ammo turli xil tomonlarning hujumlari natijasida shu kabi portlashlar bo‘lib turadi. 2019 yil 11 noyabr.

Foto: Baderkhan Ahmad/AP Photo

“Suv shahri” Venetsiya suv ostida qoldi. Shaharning markaziy Avliyo Mark maydonida suv kechib yurgan ayol. Tinimsiz yoqqan yomg‘irlar natijasida suv sathi ko‘tarilishi natijasida Venetsiya so‘nggi 50 yildagi eng yirik toshqinga guvoh bo‘ldi. 2019 yil 13 noyabr.

Foto: Marco Bertorello/AFP/Getty Images

Mamlakatda avj olgan ommaviy noroziliklar natijasida iste’fo berib, Meksikaga qochgan Boliviyaning sobiq prezidenti Evo Morales tarafdorlari. Morales Lotin Amerikasida tubjoy hindulardan chiqqan ilk prezident bo‘lgandi. 2019 yil 14 noyabr.

Foto: Victor Moriyama/The New York Times

Parijda hukumatning pensiya siyosatidan norozi bo‘lganlar namoyishga chiqdi. Hukumat pensiya yoshini ko‘tarish niyatida. 2019 yil 5 dekabr.

Foto: Thibault Camus/Associated Press

Yangi Zelandiyaga qarashli Oq orolda vulqon portladi. Bu paytda orolda 47 nafar sayyoh bo‘lib, ularning kamida 16 nafari halok bo‘ldi. 2019 yil 9 dekabr.

Foto: Michael Schade/AP

Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonni qo‘l ostidagi xodimlar tabriklamoqda. U boshchilik qiladigan Konservativ partiya saylovlarda ishonchli g‘alaba qozonib, parlamentda hukmron mavqega ega bo‘ldi. Endi Brekzitning amalga oshishi muqarrar bo‘lib qoldi. 2019 yil 13 dekabr.

Foto: Stefan Rousseau/Pool/AFP/Getty Images

AQSh tarixida 3-marta mamlakat prezidenti Kongressning Vakillar Palatasi tomonidan impichmentga tortildi: quyi palata Donald Trampning impichmentini qo‘llab ovoz beradi. Endi uning prezidentlikda qolish-qolmasligi 2020 yil yanvarida bo‘ladigan Senat majlisida hal qilinadi. Katta ehtimol bilan Senat Trampni oqlab yuboradi. Chunki yuqori palatada respublikachilar aksariyatni tashkil etadi. 2019 yil 18 dekabr.

Foto: Matt McClain/The Washington Post/Getty Images

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida to‘xtovsiz davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari sababli seshanba kuni tongda osmon qip-qizil tus oldi. 2019 yil 31 dekabr.

Foto: BradleyWDeacon

Iroqda aksilhukumat namoyishlar tinmayapti. Endi namoyishchilar Bag‘doddagi “Yashil hudud”ga yorib kirib, AQSh elchixonasi devorlari ortida to‘plandi. 2019 yil 31 dekabr.

Foto: Ahmad Al-Rubaye/AFP/Getty Images

Islandiya osmoni uzra qutb yog‘dusi. 2019 yil 31 dekabr.

Foto: Costfoto/Barcroft Media

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан