Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bashar Asadni himoya qilish Putinga qanchaga tushadi?
12.04.2017 10:10,  
19

O‘tgan haftada butun dunyo Suriyada navbatdagi kimyoviy hujumga guvoh bo‘ldi. Xon Shayxundagi zarin gazidan zaharlanish oqibatida jon berayotgan bolalar va ularning jasadi ustida qon yig‘layotgan qarindoshlari tasvirlangan videoyozuvlar tarqalishi ortidan Rossiya munosabat bildirishga majbur bo‘ldi.

Ammo AQSh tomonidan kimyoviy hujum uchun javob tariqasida Suriya janubidagi aviabazaga raketa zarbalari berilishi Moskva tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi – bahonalar ketidan yangi bahonalar to‘qildi. Bahona ham darrov topila qoldi: Mudofaa vazirligi kimyoviy hujum bo‘lmagani, Suriya raketalari «terrorchilar»ning kimyoviy qurollari saqlanadigan omborga zarba berganini e’lon qildi.

Ko‘plab rus jurnalistlariga bu bahona avvaldan tanish. 1999 yilda boshqa bir «aksilterror amaliyot» payida (bu, shubhasiz, Putinni prezidentlik shohsupasiga olib kelgan voqea edi) Rossiya raketasi Checheniston poytaxti Grozniydagi markaziy bozorni nishonga oldi. 140 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohatlandi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya rasmiylari hodisaga «terrorchilar»ga qarashli o‘q-dori ombori portlashi sabab bo‘lganini e’lon qilishdi.

Bu voqeadan 18 yil o‘tib, Kreml aynan bir xil bahonani ishga soldi. Ammo bu safar o‘zini emas, balki asosiy ittifoqchisi Bashar Asadni himoya qilish uchun qilindi. «Bu bahonalar kim uchun to‘qildi?» degan haqli savol tug‘iladi.

Xalqaro hamjamiyatni bu safsataga ishontirish mushkul: Hattoki Suriya muxolifati zarin yoki boshqa turdagi zaharli gaz zaxirasiga ega bo‘lgan taqdirda ham havo hujumi tufayli gaz havoga tarqalmasligi lozim edi. Aslida zarin ishlatilishidan bir oz oldin ikkita alohida-alohida moddalar aralashtiriladi. Boshqacha aytganda, kimyoviy gaz omborini portlatish orqali zarinni tarqatish sabzavot bozoriga granata uloqtirish orqali sho‘rva pishirishdek gap (ya’ni, sabzavot bozoriga granata uloqtirish bilan sho‘rva pishib qolmagani kabi kimyoviy qurollar omborini bombardimon qilish bilan zarin gazi havoga tarqalib ketmaydi).

Aniqki, bunday asossiz bahona faqatgina mahalliy aholi uchun o‘ylab topilgan. Rossiya televideniyesini muntazam tomosha qiladigan rossiyalik uy bekalari Vikipediyaga kirib, zarin gazi nimaligi haqida ma’lumot qidirmasligi kunday ravshan. Umuman olganda, ular kimyoviy qurol hujumidan bexabar qolishlari ham mumkin edi, mabodo ularga kimdir gullab qo‘ymasa, albatta. Ammo internet asrida axborotni nazorat qilish mushkul vazifa, shu bois oldindan bahona tayyorlab qo‘ygan yaxshi.

Shunisi ajablanarliki, hatto, Rossiyaning mustaqil OAVlari ham fojiaga juda kam e’tibor qaratishdi. Boshqa davlatlarda kimyoviy hujum hammaning diqqat markazida turdi. Rossiya matbuoti esa buni ahamiyatsiz voqea kabi eslatib o‘tib ketgani holda ijtimoiy tarmoqlarda ham bu mavzu juda kam muhokama qilindi.

Suriyadagi urush rossiyaliklar uchun, ular Putinning tarafdori yoki muxolifatchi bo‘lishidan qat’i nazar, unchalik qiziq emas. Vaholanki, Ukrainadagi urush Moskva va boshqa shaharlarda ommaviy norozilik uyg‘otgan edi. Hukumatning ishonchi komil: Suriyada qanday urush jinoyatlari amalga oshirilmasin, Rossiyada hech kim bunga qarshi chiqmaydi. Putin esa xohlaganini qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Putinga doim mushkullik tug‘dirgan dunyoning qolgan mintaqalaridan qanday munosabat bo‘ldi?

Avvalo, kimyoviy gaz hujumi bir necha yil muqaddam erishilgan asosiy geosiyosiy kelishuvni chippakka chiqardi (2013 yilda Suriya hukumatining kimyoviy qurollarini yo‘q qilish bo‘yicha bitimga kelishilgan edi). Mazkur bitimga erishish Putinning muvaffaqiyati bo‘lgan va u kelishuvning amal qilishi uchun kafil edi. Kelishuvga erishilgan paytda AQShdagi respublikachilar Putinni qudratli yetakchi o‘laroq ko‘klarga ko‘tarishgan va Barak Obamaning qat’iyatsizligidan yozg‘irishgan edi.

Ammo bugun – Suriya hukumatining kimyoviy qurollari yo‘q qilingani aytilganiga qaramasdan, zarin gazi bolalarni halok qilmoqda. Butun dunyo esa tomoshabin bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, bu Putinning mintaqadagi vaziyatni nazorat qilishga qodir dunyo lideri sifatidagi obro‘siga putur yetkazmoqda.

Ikkinchidan, kimyoviy hujum Putin va Tramp o‘rtasidagi hamkorlik barbod bo‘lishiga olib kelmoqda. Amerika jamoatchiligining noroziligi ikkalasining betakror do‘stlik rishtalarini kesib qo‘ydi. Endi bu do‘stlikni davom ettirishni oqlash uchun biror asosli sabab qolmadi. Oq uy rahbariyati allaqachon Qrim borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirmasligini e’lon qildi va kimyoviy qurol hujumidan keyin Suriyadagi hamkorlikni bekor qildi.

AQShning Shayrat aviabazasiga hujumidan so‘ng Russian Today telekanali bosh direktori (va Trampning doimiy qo‘llovchisi) Margarita Simonyan Tvitterdagi sahifasida AQSh-Rossiya aloqalari tiklanishi ehtimoliga shama qilarkan, shunday deb yozdi: «Xo‘sh, o‘rtoqlar, imkoniyat bor edi. Ammo bu imkoniyat yuqori doirada barbod qilindi». Qaysidir ma’noda u haq edi.

Nahotki, Putin Asad va uning dastlab Halabda, so‘ngra Idlibdagi gumanitar inqirozdagi ishtirokini dastaklashi uni xalqaro hamjamiyat bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishdan to‘sayotganini tushunmasa? Axir Ukraina urushidan keyin xalqaro qo‘llovga u ko‘proq muhtoj ediku!? Albatta, uning bundan bexabar bo‘lishi mumkin emas.

Biroq Putin Asad bilan hamkorligidan nimani ko‘zlayotganini unutmaslik kerak. U o‘zining sobiq ittifoqchisi Saddam Husayn qanday ag‘darilib, qatl etilganini yaxshi eslaydi. U boshqa bir diktator do‘sti – Muammar Qaddofiyning ayanchli o‘limini ham yoddan chiqarmaydi. Jahonning diktatorlar guruhi a’zolari soni tobora kamayib bormoqda. Ammo Putin qolgan barcha diktatorlarni saqlab qola olmaydi. Bu jihatdan, uning Bashar Asad bilan ittifoqchiligi mantiqiy asosga ega emas.

Oxirida juda kech bo‘lgan bo‘ladi. Maqolda aytilganidek: «o‘z vaqtida qilingan xiyonat xiyonat emas, savdo bo‘ladi». Saddam Husayn va Muammar Qaddofiy ishida bu ish «o‘z vaqtida» amalga oshirildi. Bashar Asad masalasida «eng to‘g‘ri palla» 2014 yilda – Bashar Asad prezidentlik saylovida nomzodligini qo‘ygan vaqt edi. Putin undan nomzodini qo‘ymaslikni talab qilishi mumkin edi. Ammo…

Hozirjuda ko‘p qonlar to‘kilgan paytda esa Asad iste’foga keta olmaydi va Putinning uni dastaklashdan chekinishi ham Rossiyada, ham xalqaro miqyosda zaiflik alomati sifatida talqin qilingan bo‘lardi.

Shaxmatda har qanday yurish vaziyatni qiyinlashtiradigan bunday holatni «suksvang» deyiladi. Putin Asadni qo‘llashda davom etish yoki undan voz kechish kabi ikki yo‘lning qaysi qaysi birini tanlashidan qat’i nazar, bu uning obro‘siga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Lekin Putin shaxmatchi emas, u – dzyudochi. Dzyudoda raqibning kuchini uning o‘ziga qarshi ishlatish kerak. Darhaqiqat, Putin har safar qiyinchilikka duch kelganda vaziyatdan chiqib ketish chorasini topmoqda. G‘arbning nafrati va sanksiyalardan u «tashqi xavf» sifatida foydalanmoqda. U Rossiyadagi terrorchilik hujumlaridan davlat xizmatchilarini markaziy maydonlarga to‘plash va «terrorizmga qarshi milliy birlashish» namoyishlari uchun foydalandi.

Faqat bitta ochiq savol qolmoqda: xalqaro hamjamiyat Suriyadagi urush jinoyatlariga Putin ulardan qudratini oshirish uchun foydalana olmaydigan tarzda qarshilik ko‘rsata olarmikin?

Roman Dobroxotov, moskvalik journalist va huquq faoli, Insider nashri bosh muharriri

aljazeera.com

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан