Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bloger mulohazasi: Men qamchini sevaman, menga zug‘um yoqadi
10.06.2018 15:07,  
63

Finalga yetib kelgan bloger dami chiqqan pufakka, zaryadi tugagan batareyaga o‘xshaydi. Tishining kovagidagi mavzularini yozib bo‘lgan, endi boshqa topish kerak. Eng esda qolarli blogpostlar dastlabki bosqichlarda kuzatilishi sababi shudir, ehtimol. Buni, ko‘pchilik e’tirof etsa kerak. Xususan, 2-bosqichda birinchi o‘rinni olgan Isroil Tillaboyev “Birinchi blogpostni finalgacha saqlamaysanmi, ahmaq”, deb o‘ziga xos tarzda tanbeh bergan edi. Kim bilib o‘tiribdi, deysiz. Darvoqe, bilmaslik haqida gap ketdi. Bilganlarim haqida emas, bilmaydigan narsalarim haqida ham yozib ko‘raychi.

Oldindan aytib o‘tishim kerakki, bu safargi mavzu erkinlik emas, zehniyatimizdagi qattiqqo‘llikka moyillik haqida. Muallif erkinlik tarafdori sifatida doim norozi postlar yozib davlat siyosatini tanqid qilardi, endi boshqacha fikrlab qolibdi, desalar deyishsin.

Siyosatshunoslik va jamiyatshunoslikka oid yaxshi maqolalar e’lon qilgan, Yevropada ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan tolibi ilmga bir vaqtlar bergan bir savolimga javob ololmaganman. “Odamlarni qanday qilib tezlik bilan tartibga o‘rgatsa bo‘ladi? Jamiyatning ongini oshirish kerakmi yoki keskin (ba’zida adolatsiz) choralar ko‘rilishi to‘g‘rimi? Eng tartibli va qonunga itoatkor kishilar rivojlangan g‘arbdadir. To‘g‘ri, ular madaniyatli, ongi yuksak etib tarbiyalangan. Ammo 80 yil oldin o‘rtoq Stalin davrida ham odamlar kuchli tartibga o‘rgatilgandi. Yevropaliklardan farqli ravishda yarim och, savodxonligi past aholi qattiq jazodan qo‘rqardi. Aytingchi, tezlik bilan tartib o‘rnatishga to‘g‘ri kelsa, qaysi yo‘ldan yurardingiz?”. U yigit “buni alohida maqola qilish kerak”, dedi, ammo yozmadi, shunday qilib bu savolning javobi menga qorong‘uligicha qoldi.

Faraz qiling, tig‘iz ko‘chaning chetini odamlar qo‘lbola “stoyanka” qilib olgan. Stol qo‘yib pista-qurut ham sotishadi. Ammo bir kuni “stoyanka”ning yonidagi bino naq maydoncha ustiga qulib tushishi ehtimoli aniqlandi. Mahalliy hokimiyat ogohlantiruvchi yozuv ildi, maxsus belgi osdi, to‘sdi, mahalliy posbonlar aralashdi. Odamlar yozuvga qararmidi – mashina qo‘yishda va savdo qilishda davom etdi. Shunda hokimiyat dubinkali o‘nta militsionerni jalb qilib mashinalar va odamlarni kuch bilan chiqarib yubordi. Shu tariqa katta fojea oldi olindi. (Bu bir misol, to‘g‘ri, hozir davlat biror yangilik kiritsa, odamlar tagida bir balosi bor, deb shubhalanadi, ammo u boshqa mavzu). Yoki haydovchi kamarini oling, shofyor zoti borki, melisani ko‘rgandagina taqadi, holbuki u o‘zining salomatligi uchun kerak. Men ishlaydigan tashkilot xodimlarini har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi, ammo odamlar shuni ham chetlab o‘tib, besh-o‘n so‘m evaziga “spravka” olish payida bo‘ladi. Ha, odamlarni majburlamasa, boshqalar tugul o‘ziga yaxshilikni ravo ko‘rishni ham bas qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylaysan kishi.

Bugun g‘arb madaniyatidan ta’sirlangan ziyolilar siyosiy erkinliklar, liberallik, daxlsizlik, plyuralizm kabi tushunchalarni sharhlayotganini, ularning davlatchilikdagi ahamiyati haqida yozishayotganini tez-tez uchratamiz. Bularning barchasi zarurligiga shubha yo‘q, ammo shartli ravishda bo‘lingan sharq va g‘arb davlatlari yetakchilarining siyosiy qiyofalarini taqqoslab, sharqda muvaffaqiyatli avtokrat liderlar oz emasligining guvohi bo‘laman. Keling, sharq davlatlarining “qamchisi bor” yetakchilariga nazar solaylik. Mustafo Kamol Otaturk (Turkiya), Oyatillo Humayniy (Eron), Pak Chon Xi (Janubiy Koreya), Maxatxir Muhammad (Malayziya), Li Kuan Yu (Singapur) va boshqalar. Ularning hech birini liberal yoki demokrat deb bo‘lmaydi, hattoki, diktator deb sifatlashadi. Ular ham o‘ziga yoqmaydigan fikrni bo‘g‘gan, muxolifatni repressiya qilgan, o‘zining tanqidchilarini ayab o‘tirmagan, OAV ustidan nazorat o‘rnatgan, qisqasi qo‘lidan qamchisini qo‘ymagan. Ammo qattiqqo‘llik bilan bo‘lsa-da, islohotchi liderlarning erishgan yuksak natijalari e’tirofga loyiq, zotan ularning uchtasi mamlakat iqtisodini “Osiyo yo‘lbarsi” darajasiga ko‘tardi. Biz qiziq odamlarmiz, majburlamasa, natija bermaymiz chog‘i. Zehniyatimizda “yetakchi qattiqqo‘l bo‘lishi kerak” degan aqida singib ketgan, hattoki, yumshoq tabiatli yetakchiga bo‘ysungimiz kelmaydi. Ayniqsa, psevdoanarxiyadan keyin hoziru nozir bo‘luvchi avtokratiyani xush qarshilaymiz. Ha, mundoq rahbarga o‘xshab bir so‘ksa, boshqa gap ekan. 2016 yilning so‘ngida prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlari xalq tomonidan saylanishini taklif qildi. To‘g‘ri, bu yangilikdan xursand bo‘ldim, chunki tayinlangan shaxs tayinlaganning, saylangan shaxs esa saylaganlarning irodasiga qarab ish tutadi. Ammo bu islohotning mevasi kechpishar deb bilaman, chunki saylash malakasi yo‘q odamlarimiz yo bir artistmijoz va’dabozni, yo supertanishbilishchini yo bo‘lmasa hech kimning dilini og‘ritmaydigan mo‘min-qobil kishini saylab qo‘yishadi va keyin “rahbar degani qattiqqo‘l bo‘lishi kerak”, deb g‘udranib yurishadi. Afsuski, bizning har qanday rahbarni diktatorga aylantiruvchi “qudratimiz” bor.

...Yana bir gap. Muxolifatdagi sobiq deputat Po‘lat Oxunovning yozishicha, birinchi prezident Islom Karimov umrining oxirigacha lavozimda qolishiga sabab Namanganda ta’qib va qatag‘on qilingan diniy faollar uchun javobgarlik xavotiri bo‘lgan. Tasavvur qilyapsizmi, agar 91-92 yillarda Namangan tartibsizliklari ro‘y bermaganda, dindorlar bu qadar qattiq qatag‘on etilmasdi, jurnalistlar erkinligi bo‘g‘ilmasdi. Ehtimolki, 90-yillarning erkinlik havosi huquqiy ongimizni yuksaltirib qo‘ygach, prezidentga lavozimni bo‘shatish haqidagi bosh qonunni eslatishga irodamiz yetgan bo‘lardi. Va bugungi islohotlar o‘n besh yil oldin boshlanardi. Pullar o‘marilmagan, “kalamush”lar urchimagan, “simyog‘och ham qamalmagan”, ta’lim tizimi to‘g‘namagan bo‘lardi... Yana kim biladi, deysiz.

Shukurjon Islomov

Ushbu blogpost blogerlar chempionatida ishtirok etmoqda

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан