Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Edgar Guverning politsiya davlati: FQB dohiysining tarixi
2.02.2020 09:04,  
1364

Edgar Guver 1895 yilning 1 yanvar sanasida tavallud topdi. Uning siyosiy faoliyati haqida turlicha fikrlar va qarashlar mavjud: ayrimlarning nazdida butun mamlakatga qarshi urush e’lon qilgan, har kimning telefondagi so‘zlashuvlarini eshitishni yo‘lga qo‘ygan Guverni millat qahramoni deb bilsa, ayrimlar Edgar Guver XX asr Amerikasi tarixida paydo bo‘lgan eng dahshatli voqea edi, deydi.

AQShning 37-prezidenti Richard Nikson “Uotergeyt ishi” bilan bog‘liq mojarodan so‘ng o‘z vakolatidan ketar ekan, “Agarda Guver hozirda yonimda bo‘lganda edi, bu voqealarning barchasi yuz bermagan bo‘lar edi”, degandi.

AQShda “Uotergeyt ishi” hali tinchimagan, mamlakatni jinsiy inqilob junbushga keltirayotgan va yoshlar ongida xippichilik hukmron bo‘lib borayotgan bir davrda keskin o‘nglarning konservatorlari yaxshiyam bular kommunistlar emasligidan shukronalik hissini tuyishar edi.

Nikson va Niksonga hamdard bo‘lganlar Guverni qo‘msar, AQShda o‘roq va bolg‘a suratidan paranoyyaga tushish mumkin bo‘lgan vaziyat nafasi yurar, amerikaliklar biri ikkinchisiga ko‘z va quloq bo‘lgan vaziyat yaralishi FQBning sermahsul mafkuraviy jangi natijasi o‘laroq yuzaga kelgandi.

Milliy xaloskor

Jon Edgar Guver AQSh huquqni muhofaza qiluvchi organlari safida 1917 yildan boshlab ko‘rina boshladi. 22 yoshli yosh yigitcha qo‘lidagi huquqshunoslik diplomi bilan Adliya vazirligiga ishga joylashdi. Guver faoliyatga kirishar ekan, dastlab unga armiyada xizmat qilishdan bosh tortganlar bo‘yicha ish berishdi. Uning ishga o‘ziga xos metodlar bilan kirishishi yuqori martabali davlat mulozimlarini befarq qoldirmadi va ikki yildan so‘ng unga  razvedka mahkamasi bo‘limi boshlig‘i mansabini berishadi.

Ayniqsa Guver AQShda radikal kayfiyatdagi shaxslarni ovlashga qaratilgan “Palmer reydlari” ishi borasida o‘zining yana bir bor yaxshi kadr ekanligini isbotladi. Ish jarayonida qo‘lida 4 500 000 shubhali shaxsning shaxsiy hujjati bilan bosh prokurorning eng yaqin safdoshiga aylandi va AQShda o‘n minglab odamlarni qamoqqa tiqishda jonbozlik ko‘rsatdi.

AQShning 30-prezidenti Jon Kalvin Kulij Federal Qidiruv Byurosiga yangi rahbar tayinlashi kerak bo‘lganda Edgar Jon Guverdan boshqa tayinliroq nomzod topa olmas edi. Nufuzli Vashington universitetining bitiruvchisi, “Kappa Alfa” jamiyatining a’zosi va bir qator masonlik tashkilotlarining a’zosi bo‘lgan Guver bu paytda hali o‘ttiz yoshni ham qarshilamagan, biroq siyosiy faoliyatida ancha yutuqlarga erishishga ulgurgandi.

Jon Edgar Guver FQB rahbari etib tayinlangach, uning dastlabki ishi tashkilot xodimlari va xarajatlarini qisqartirishdan boshlandi. Byuroni boshqatdan tashkil qildi va zamonaviy tergov usullarini ish jarayoniga tatbiq qildi. Guverning 1932 yilda FQBda kriminalistika tahlillarini olib boradigan laboratoriyani tashkil qilishi tashkilot hayotidagi eng muhim yangilik edi.

1933 yilga kelib, Jon Guver tashkilot vakolatlarini kengaytirib olishga muvaffaq bo‘ldi. Tashkilot endi rasmiy ravishda Federal Qidiruv Byurosi deb nomalana boshladi. Tashkilot erishgan yutuqlar o‘zini uzoq kuttirmadi. Guver AQSh jamiyatining birinchi raqamli dushmanlari hisoblanuvchi Kichkintoy Nelson, Jon Dillinjer va Yoqimtoy Floyd nomlari bilan mashhur bo‘lgan jinoiy to‘da rahbarlari yo‘q qilinganligi haqida hisobot berdi. Mazkur ishlarda FQB politsiya bergan ma’lumotlarga tayansa-da, ammo barcha ishlarni o‘zi nazorat qildi va erishilgan yutuqlarda FQB bosh bo‘ldi. AQSh matbuoti jinoiy to‘dalar yo‘q qilindi, degan bir qator maqolalar chop etdi va Jon Guver millat xaloskori aylandi.

“Qizillar tahdidi”

1936 yilda AQShda Franklin Ruzvelt prezident etib saylandi. Oq uyning yangi rahbari Guverga mamlakatdagi fashist va kommunist to‘dalarga qarshi surishtiruv boshlashini buyurdi. FQB yangi bir kuch va ilhom bilan topshiriqni bajarishga kirishdi. FQB kontrrazvedkasi cheksiz vakolatlarga ega bo‘ldi, moliyaviy sohada qo‘llab quvvatlandi. FQB safiga qo‘shilayotgan har bir xodimga aniq talablar qo‘yildi: ular pulga uchmaydigan, tuyg‘ularga berilmaydigan, jismoniy baquvvat, aqlli, ayyor, uylanmagan va albatta, oq tanli bo‘lishi kerak edi. 

FQBning operativ xodimlari o‘sha davrning eng so‘nggi uskunalari – eshitish moslamalari, portativ qurollar va ratsiyalar bilan ta’minlandi. Konservativ dunyoqarashga ega bo‘lgan eng tadbirli xodimlar butun AQSh bo‘ylab kommunistik mafkuraning tarafdorlariga qarshi kurash boshlashga jalb qilindi. FQB, hattoki, o‘zini fidoyi deb bilgan amerikaliklar shubhali shaxslar ustidan chaquv bersa, pul bilan mukofotladi.

FQB xodimlari safi kundan kunga ko‘payib borar va ikkinchi jahon urushi oxirlariga borganda FQBda o‘n uch ming xodim ishlar, ulardan besh mingtasi operativ xodimlar sirasiga kirar edi. Guver hattoki prezidentdan vatandoshlarning asosiy huquqi bolgan “Xabeas korpus”ni to‘xtatib turishni ham so‘radi.

FQB shu darajaga borib yetdiki, mamlakatdagi har bir tashkilotda FQBning xodimlari faoliyat olib boradigan bo‘ldi. Vazifasi esa kommunizmga moyilligi bo‘lgan ishonchsiz shaxslarni ushlash, hibs etish edi.

Ruzvelt vafotidan so‘ng Garri Trumen AQShning yangi prezidenti bo‘ldi. Bu davrda AQSh va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi nizo ancha chuqurlashgan edi. Bu esa mamlakatda “qizillar”ga qarshi yangi vahima to‘lqinining ko‘tarilishiga olib keldi. Ammo FQBning 13 yillik faoliyatida AQShdagi kommunistik partiyalar deyarli yo‘q qilingan, obro‘sizlantirilgan.

Prezidentlarni ham cho‘chitgan Guver

1950 yillarga kelib, Jon Guver AQShdagi eng ta’sirli shaxsga aylandi. Prezident Garri Trumen va Duayt Eyzenxauyer ham FQB rahbaridan cho‘chir, u bilan tenglardek muloqot qilardi. Qudratli agentura tarmog‘i, cheklanmagan moliyaviy resurslar va yillar davomida qo‘lga kiritilgan tajriba Guverga mamlakatdagi istalgan shaxsni shubha ostiga olish imkonini berdi. Minglab eshituvchi moslamalar Guver shtabi mamlakatda nima haqida gapirishmoqda xabar berar, FQBning “qo‘ng‘izcha"lari kirib bormagan birorta idora qolmagandi. Prezident Kennedining hukumat tepasiga kelishi bilan o‘zgarish sodir bo‘ldi. Saylovlar davomida Guver Richard Nikson nomzodini qo‘llab quvvatlagan, yosh demokratning hokimiyat tepasiga kelishi bosh razvedkachiga yoqmadi.

Kennedi FQBga yangi vazifa – uyushgan jinoyatchilik bilan kurashish vzifasini topshirdi. Guver esa mamlakatda mafiya yo‘qligiga ishonchi komil, uning nazarida mamlakatga eng katta xavf radikal siyosiy guruhlar tomonidan kelishi mumkin edi. Shunga qaramay, endilikda FQB faoliyatini prezidentning ukasi Robert Kennedi boshqaradigan bo‘ldi. Bu esa Guverning dumini bosishdek gap edi. Qolaversa, Guver vaziyatning bunday tus olishini ham kutmagan. Ammo mamlakatda Guver jinoiy to‘dalar bilan til biriktirganligi haqida fikrlar urchirdi. Jon Guverning xarajatlarini katta sharob magnati Lyuis Rozenstil to‘lashi bunga dalil deb ko‘rilardi. Ustiga ustak Guverni bir necha bor Nyu-York jinoyat olamining yetakchisi Frenk Kostellano bilan ko‘rganlar ham bor edi.

Guverning qo‘lida barcha siyosatchilarga qarshi ishlatish mumkin bo‘lgan kompromat yig‘ilib qolgan, agentlari to‘riga ilinib qolganlarga esa ularga qarshi ishlatishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar haqida aytib, cho‘chitib qo‘yardi.

Har narsaning cheki bor deganlaridek, Oq uy rahbarining ham Guverdan sabr kosasi to‘lib toshadi. Robert Kennedi akasi Jon Kennediga Guverni ishdan olish taklifini beradi. Ammo prezident Kennedi Guverning qo‘lida  o‘ziga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan – qachonlardir yalang‘och Merilin Monro bilan tushgan surati borligini bilardi. Shu bilan birga, mish-mishlarga ko‘ra, Kennedi qo‘lida ham Guverga qarshi kompromat borligi prezidentga Guverga qarshi turishiga yordam berdi.

Ammo prezident Kennedi ikkinchi muddatga saylanish haqida o‘ylar va Guverni ishdan olish siyosiy mojaro keltirib chiqarishini ham bilar edi. Guverni ishdan olishni saylovlardan keyinga qoldirishga qaror qildi. Biroq… 1963 yilda Jon Kennedi Dallas shahrida qotil Li Xarvi Osvald tomonidan otib o‘ldirildi. Ammo ikki kundan so‘ng Li Xarvi Osvald ham Dallas mafiya oilalari bilan bog‘liq bo‘lgan Jek Rubi tomonidan otib tashlandi. Jek Rubining prezident qotilini o‘ldirishi dunyo tarixida bir-biridan keskin farq qiladigan bir qator jumboqlaru konspirologiyaning urchishiga sabab bo‘ldi.

Prezidentning eng yaqin do‘sti

Kennediga suiqasd uyushtirilgandan so‘ng sobiq vitse-prezident Lindon Jonson AQShning 36-prezidenti etib saylandi. Jon Guver va yangi prezident Jonsonning do‘stligi ham qalinlashdi. Guver Oq uyda tez-tez qabulda bo‘lar, Jonson esa Guverning senatorlar haqidagi maxsus xabarlarini o‘qib xoxolardi. Guver nafaqaga chiqish yoshiga borib qolgan, ammo Jonson millat xaloskorini yuksak xizmatlari uchun yana o‘z joyida qoldirish qaroriga keladi.

Uyushgan jinoyatchilik bilan kurashish yana deyarli yo‘q bo‘ldi, Guver esa Jonsonga kuchayib borayotgan afroamerikaliklar qarshilik harakatiga yuz tutishni maslahat berdi. Martin Lyuter Kingning ma’ruzalari FQB shefining asabini o‘ynatar, shu boisdan barcha FQB agentlariga qora tanlilar harakatini zimdan kuzatish vazifasini topshiradi. Yana mamlakatda qama-qamalar boshlanib ketadi. Bu safar navbat qora tanlilarga kelgandi.

1965 yilda Nyu-Yorkdagi “Odyubon” mehmonxonasida teng huquqlar uchun harakat rahbari Malkolm Iks otib o‘ldiriladi. Natijada barcha mazkur qotillikda FQBni ayblay boshlaydi. COINTELPRO maxfiy dasturi borasida ma’lumotlar ommaga e’lon qilingach FQBni suiqasdlar uyushtirishda ayblash kampaniyasi yanada kuchayib ketadi. Oradan uch yil o‘tib, 1968 yilda Tennesi shtatining Memfis shahridagi “Loreyn” mehmonxonasida afroamerikaliklar huquqi uchun kurashchi Martin Lyuter King otib o‘ldiriladi. Oradan ikki oy vaqt o‘tib, Los-Anjelesdagi “Ambassador” mehmonxonasida siyosatchi Robert Kennedi otib o‘ldiriladi. Mazkur suiqasdlar esa mamlakatda ichki va tashqi siyosatdan norozi bo‘lgan barchani ko‘cha noroziliklari uyushtirishga olib keldi. Norozilik namoyishlari jamiyatning turli qatlamlari – qora tanlilarning huquqlari uchun kurashchilar ham, patsifistlar ham, radikallar ham qatnashdi. Pichoq borib suyakka qadaladi. Bu mag‘lubiyat edi. Guverning mag‘lubiyati edi bu. Guver bu safar kommunistlar harakatini bostirgani kabi qora tanlilar harakatini bostira olmadi. U qo‘l urgan siyosat yanada katta qarshilik va norozilikka sabab bo‘lib, yanada ko‘plarni ko‘cha namoyishiga undar edi.

Guver sakson yoshni qarshilab qolgan, eskicha kurash uslublari ish bermayotgan edi. Hukumatning “Bitlz” va rok-n-rolga qarshi kurashi ham foyda bermadi. Norozilik kuchaygandan kuchayib bordi.

Guverda kurashishga kuch qolmagandi. 1972 yilning 2 mayida yetmish yetti yillik umrining 48 yilini FQBga bag‘ishlagan, FQB rahbari sifatida buyuk inqirozni va Franklin Delano Ruzveltning “Yangi kursini” ko‘rgan, Ikkinchi jahon urushi, Vetnam urushi va sovuq urushning mash’um kunlari ikir-chikirlarigacha xabardor bo‘lgan Jon Edgar Guver yurak xurujidan vafot etdi.

Guver o‘z faoliyati davomida AQShning XX asrdagi yuzini aniqlab bergan siyosatchi sifatida tarixda qoldi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан