Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






EOIIda «kuzatuvchi»lik maqomi: majburiyat va huquqlar
30.04.2020 10:42,  
730

O‘zbekiston YeOIIga «Kuzatuvchi» maqomidagi davlat bo‘lishga rozi bo‘ldi. Lekin, qonunan olib qarasak hali bu maqomni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lganicha yo‘q. “Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bo‘yicha bitim”ning 109-moddasi – “Kuzatuvchi davlat maqomi”ga ko‘ra O‘zbekiston tomonidan so‘rov borganidan keyin YeOIIning Oliy Konsulligi tomonidan bu so‘rov rad etilishi ham mumkin. Bu, albatta, haqiqatdan yiroq masala bo‘lsada davlatlararo qarorlar tahlilida inobatga olib qo‘yilmog‘i kerak. Mayli, unda, «kuzatuvchi» bo‘ldik ham deylik. Bu maqom bizga qanday majburiyatlarni yuklaydiyu, qanday huquqlarni beradi?

Aslida, «kuzatuvchi» maqomi ko‘pchilik o‘ylaganidek «a’zo» bo‘ldi degani emas. Masalan, O‘zbekiston 24 yildan beri Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) «kuzatuvchi» maqomidagi davlat. Shunday bo‘lsa ham O‘zbekiston kuzatuvchi maqomidagi rekord qo‘ygan davlat bo‘lgani hurmatidan avtomatik ravishda a’zolikka qabul qilinmagan (bunday bo‘lmaydi ham!).

JSTning «Kuzatuvchi» maqomi rasmiy bo‘lmagan majlislarda ishtirok etish, ichki hujjatlar hamda tashkilotning texnik resurslaridan foydalanish huquqini beradi. Maqom har besh yilda yangilanib turiladi va JSTning umumiy fondiga yillik 25000 dollar atrofida badal to‘lab turishni talab etadi.

Xuddi shunga o‘xshab, YeOIIga «kuzatuvchi»lik maqomida bo‘lish a’zo bo‘ldi degani emas. Bilaks, bu qaysidir ma’noda a’zo bo‘lmaslik uchun qilinayotgan siyosiy manyovr bo‘lishi ham mumkin (va shunday deb umid qilamiz).

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bizga nisbatan geografik jihatdan Yevropa Ittifoqiga (YeI) yaqin bo‘lgan Ukraina, Gruziya va Moldovaning Rossiyaga emas aynan Yevropaga intilayotganini ko‘rgan Kremlning agressiv qarshiliklari haqida oldin ham aytib o‘tgan edik. Ukraina va Gruziya bu qarshiliklarga qaramasdan yo‘llarida davom etgan bo‘lsalarda Kreml tomonidan iqtisodiy, siyosiy va hatto harbiy zarbalar yomg‘iri ostida qolib ketdi.

«Yevropachi»lar va «Rossiyachi»larga bo‘linib olgan Moldova hukumati esa YeImi yoki YeOIImi degan savol bo‘yicha kelisha olmagach, 2017 yilda «kuzatuvchi» maqomi bilan kifoyalanib qo‘ya qoldi. Chunki Putin YeOIIga a’zo bo‘lmaslikni o‘zining «Rossiyasi»ga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqorat sifatida qabul qiladi va bu yo‘lda eski qadrdonlik rishtalarini ham ayab o‘tirmaydi. O‘ylaymanki, mana shu qaltislikni bizdan ko‘ra yaxshi ko‘rib, bilib turgan O‘zbekiston hukumati «kuzatuvchi» maqomini go‘yo «kutuvchi» maqomidek qabul qildi. Shu orada karantinga qaramasdan Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlari ham masofadan jadal davom ettirilmoqda.

Endi, yana YeOII bitimining “Kuzatuvchi davlat maqomi” moddasiga qaytadigan bo‘lsak, «kuzatuvchi» maqomi O‘zbekiston hukumatiga YeOII majlislarida qatnashish va hali ommaga ma’lum qilinmagan yangiliklardan xabardor bo‘lib turish huquqini beradi (lekin, ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonida ishtirok eta olmaydi). Ayni paytda «kuzatuvchi»ga qo‘yilgan birgina talab esa quyidagichadir:

“Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida «kuzatuvchi» maqomidagi davlat, ushbu shartnomaning ob’yekti va maqsadiga, YeOII va unga a’zo davlatlar manfaatlariga zarar yetkazadigan har qanday xatti-harakatlardan tiyilishi shart.” (109-modda, 5-paragraf)

Xulosa sifatida aytish mumkinki, O‘zbekiston ayni paytda ikki tanlov boshida turibdi: yo G‘arb tomonidan qo‘llab quvvatlanadigan JSTga a’zo bo‘lishni tezlatish yoki Rossiyaning savdo bloki YeOIIga a’zolikka «labbay» deyish. Holat shunchalik qaltis ekan, bu vaqtda ehtiroslarga berilmasdan ratsional qarorlar qabul qilish talab etiladi. O‘ylaymanki, «kuzatuvchi» bo‘lishga rozi bo‘lib turish Putinni biroz bo‘lsada hovridan tushiradi va bu orada O‘zbekiston JSTga a’zolik biletini qo‘lga kiritadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан