Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Farg‘ona viloyati hokimi so‘kong‘ich rahbarlarga munosabatini bildirdi
8.01.2019 12:55,  
19

Zamonaviy rahbar va hokimlar qanday bo‘lishi kerak, nima uchun bugun ayrim hokimlar xodimlari bilan qo‘pol muomalada bo‘lmoqda?  O‘zA «Bir savolga bir javob» loyihasi orqali mazkur savollarga javob oldi. Loyihaning mehmoni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bo‘ldi.

— Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatda hokimlar qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sizning nazaringizda, bugungi rahbar, hokim qanday bo‘lishi kerak?

— O‘zbekistonda keyingi ikki yilda amalga oshirilayotgan islohotlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, barchamizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklamoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, tanqidiy tahlil, qat’iy intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi kerak.

«Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar natijasida davlat organlari va xalq o‘rtasida ishonch ortib, inson manfaati, qadr-qimmati yanada ardoqlandi.

Agar biz dunyo halqlari bilan teng hamkorlikda, hech kimdan kam bo‘lmay turmush kechirishni, farzandlar kamolini ko‘rishni istasak, barcha birgalikda harakat qilishi, ezgu niyatlarimiz yo‘lidagi kamchilik va to‘siqlarni bartaraf etishga birga kurashishimiz lozim. Erisholmagan yutuqlarimiz va boy berilgan imkoniyatlar uchun kimnidir aybdor qilish emas, aksincha bunga mas’ul bo‘lgan rahbarning, hokimning atrofiga jipslashishimiz shu vazifalarni bajarishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz muhimdir.

Shu o‘rinda hokimlar ham bir narsani chuqur anglab olishlari lozim, qayerda bunyodkorlik ishlari olib borilsa, xalqning ruhi ko‘tariladi, ertangi kunga ishonchi ortadi. Qayerda tadbirkorlik muhiti yaxshilansa, tadbirkorlarning boshi qovushtirilib faoliyatlari rivoji ko‘mak berilsa, investitsion muhit yaxshilansa, investitsiya jalb qilinsa, o‘sha hudud iqtisodi rivoj topadi va yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish imkoni bo‘ladi.

Bugun hudud hokimi har qachongidan ko‘ra ko‘proq izlanadigan, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanadigan, eng samarali yangilik va tashabbuslar qila olishi lozim. Shiddat bilan o‘tayotgan vaqt, raqobatlar kuchayotgan muhit, insonlar ehtiyoji o‘sib borayotgan jarayonda shunchaki hisobotlar bilan ish yuritib bo‘lmaydi. Aholi bugun amaliy natijalarni ko‘rishni xohlaydi.

To‘g‘ri, ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlarning xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lganligi haqida xabarlar ham tarqalib qoladi. Bu voqelikka hech kim befarq emasligidan, jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolatdir. To‘g‘ri, rahbar ham inson, u ham xato qilishi mumkin, ammo u hech qachon qo‘l ostidagilarni tahqirlashga qonunan ham, ma’nan ham haqli emas.

Bugungi rahbar yuksak bilimli, ma’naviyatli, katta hayotiy tajribaga ega, izlanuvchan, mustaqil fikrlay oladigan, mas’uliyatli va fidoiy bo‘lib, mamlakati ravnaqi uchun butun kuch-g‘ayratini sarf etishi shart. O‘zining yurish-turishi, gap-so‘zi, muomala-madaniyati bilan barchaga ibrat bo‘lishi lozim. Har qaysi rahbar — u hokimmi korxona, tashkilot rahbari bo‘ladimi bu lavozimni unga berilgan sinov deb bilishi, o‘zidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirishga, farzandlariga o‘rnak bo‘lishga berilgan imkoniyat deb bilishi lozim.Rahbar talabchan bo‘lish bilan birga, mudom xalq dardi, odamlar tashvishi bilan yashamas ekan, ularni ichiga kira olmaydi, islohotlarning ijrosini hech qachon ta’minlay olmaydi.

Ayrim hollarda hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarga qattiq talablar qo‘yishi uchrab turadi. Biroq rahbarda qat’iyatlik, talabchanlik yetishmasa, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshira olmaydi. Hech bir hokim ko‘ngilxushlik uchun ovozini baland ko‘tarib gapirmaydi.

Shu o‘rinda afsus bilan ta’kidlash lozimki, ayrim xodimlarda hali ham eski usulda faqat yuqorining topshirig‘ini kutib, hisobotdan-hisobotgacha ishlash, kunlik mayda ishlar bilan o‘ralashib yurish hollari uchraydi. Axir hududlarni kompleks rivojlantirish, pirovardida, xalqni rozi qilishda har bir soha, har bir xodimning o‘z o‘rni va hissasi bo‘lishi kerak. Har birimiz huquqlarimiz bilan birga burch va ma’suliyatimizni unutmasligimiz lozim. Bugun oldimizda juda ulkan vazifalar, yuksak marralar turibdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан