Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Farg‘ona viloyati va Kitob tumanida karantin choralari yumshatilmoqda
3.08.2020 17:07,  
881

Farg‘ona viloyatida xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, buyum va chorva mollari, qurilish mahsulotlari bozori, sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berildi. Bu haqda xabar bergan «Daryo» muxbirining yozishicha, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish shtabining yig‘ilish bayonida ushbu tartib bugun, 3 avgustdan joriy etilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, viloyatda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatiladi. Bozorlar, savdo majmualari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va xususiy bog‘chalar belgilangan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishi talab etiladi.

Ta’kidlanishicha, xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish, binolarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion to‘shaklar hamda dezinfeksion tunnellar bilan jihozlash kabilar belgilab qo‘yildi. Bozorlar va qurilish savdo majmualarida ham ana shu kabi talablarga qat’iy rioya qilinishi ko‘rsatilgan.

Sartaroshxona va go‘zallik salonlarida xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat, tibbiy niqob, yuzni to‘liq to‘sadigan himoya maskasi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda «Bitta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – bitta mijoz» tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashi talab etiladi.

Shuningdek, Kitob tumani hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, hokimlik qoshida tashkil etilgan maxsus komissiya qaroriga asosan, tumanda 2020 yil 3 avgustdan boshlab karantin cheklovlari yumshatildi.

Ta’kidlanishicha, tuman hokimligi qoshida tashkil etilgan maxsus komissiya qarori bilan ertaga, 4 avgustdan boshlab tumandagi «Qalandartepa» buyum bozori, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyati ham tiklanadi.

«Ammo, epidemiyaning qayta tarqalishiga imkon bermaslik uchun sanitariya talablariga qat’iy rioya qilinadi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Qayd etilishicha, tumanda faoliyatini qayta tiklagan umumiy ovqatlanish korxonalari ro‘yxati shakllantiriladi. Ro‘yxatga kiritilmagan tadbirkorlik sub’yektlarning faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan joriy qilingan cheklovlar 3 avgustdan boshlab yumshatilishi, tuman va shahar hokimlari, hududiy maxsus komissiya raislariga qator vakolatlar berilgani haqida aytib o‘tgandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан